Turk Qurolli kuchlari: Suriya va Iroqda 184 nafar terrorist yo‘q qilindi. BMT tomonlarni vazminlikka chaqirmoqda

Turk Qurolli kuchlari Suriya va Iroqda ikki kun olib borgan “Changal-qilich” amaliyotida 184 nafar terroristni zararsizlantirdi. Bu haqda Turkiya milliy mudofaa vaziri Xulusi Akar ma’lum qildi.

“Changal-qilich” operatsiyasi davomida 184 nafar terrorist havo va yerdan turib yo‘q qilindi. So‘nggi terrorchi yo‘q qilinmaguncha kurashimiz davom etadi", deya uning so‘zlarini keltiradi mamlakat mudofaa vazirligi.

Turkiya harbiy-havo kuchlarining “Changal-qilich” operatsiyasi 50 dan ortiq samolyot va 20 ta dron ishtirokida amalga oshirildi. Zarbalar Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchi partiyasi va Suriyadagi kurdlar tuzilmalariga berilgan.

Turkiya Mudofaa vazirligi Iroq shimolidagi Qandil, Asos, Xakurk hududlari bilan bir qatorda Suriya shimolidagi Arap-Pinari, Tell Rifat, Cizre va Derik hududlarida operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Turkiya matbuotiga ko‘ra, Turkiya bilan chegaradosh shaharlar Suriya tomonidan o‘qqa tutilishi ortidan dushanba kuni Turkiyaning qiruvchi samolyotlari Suriya hududlariga zarba berishni davom ettirgan.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Turkiyaning Iroq va Suriya shimolidagi havo amaliyoti munosabati bilan barcha tomonlarni bosiqlikka va keskinlashuvni to‘xtatishga chaqirdi.

3 noyabr kuni Istanbulda sodir bo‘lgan terakt natijasida 6 kishi halok bo‘lgan, 80 dan ortiq kishi jarohatlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hujumda Kurdiston ishchi partiyasi va kurdlarning Suriyadagi “O‘z-o‘zini mudofaa xalq kuchlari» ishtirok etgan.