Mehnat sohasi ekspertlari Samarqandda jam bo‘ladi

Joriy yilning 8-10 aprel kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi va Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) hamkorligida «Tez o‘zgaruvchan mehnat sohasi: muammo va yechimlar» mavzusida milliy konferensiya va «Transmilliy korporatsiyalarga va ijtimoiy siyosatga taalluqli prinsiplar to‘g‘risidagi uch tomonlama deklaratsiyasi: kasaba uyushmalari uchun harakatlar vositasi» mavzusida xalqaro seminar o‘tkaziladi.

XMTning mehnat sohasi istiqboli masalalari bo‘yicha global komissiyasining «Porloq kelajak uchun ishlash» nomli ma’ruzasi muhokamasiga bag‘ishlangan milliy konferensiyada ijtimoiy sheriklar, xalqaro ekspertlar hamda Markaziy Osiyo davlatlari - Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Turkmaniston kasaba uyushmalari Federatsiyalari vakillari ishtirok etishi kutilayotir.

- Prezidentimizning BMT Bosh Assamblyasining 72-sessiyasidagi chiqishidan so‘ng, O‘zbekistonning mehnat munosabatlaridagi qat’iy pozitsiyasi mazmun-mohiyatini butun dunyo anglab yetgandek bo‘ldi, - deydi viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi Suhrob Rafiqov. - Mamlakatimizda munosib hayotga asos bo‘luvchi mehnatning majburiylik kasb etadigan barcha ko‘rinishlariga qarshi uzoq yillik tizimli harakati nihoyat ijobiy baholandi. Bir qator davlatlar, jumladan, AQSh ishlab chiqarishda majburiylik kasb etgan holatlar, xususan, bolalarning majburiy mehnati hosilasi deya, paxtamizni xarid qilishiga taqiq qo‘yib kelishayotgandi. Nihoyat, xalqaro tashkilotlarning besh yildan ortiq vaqt mobaynidagi monitoring kuzatuvlaridan so‘ng mehnat borasida ko‘p yillik asoratdan qutilganligimiz e’tirof etildi.

Dilmurod TO‘XTAYEV.