MIB “@mibuzbot” bot-kanalini ishga tushirdi!

Endi, kommunal to‘lovlarni uyda to‘laysiz, hisoblagich ko‘rsatgichlarini foto orqali yuborasiz.

Bugungi karantin sabab fuqarolarimizning aksariyati uyda. Ularning energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoji yanada ortmoqda. Iste’mol qilingan manbaalar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik esa qarzdorliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

Shu bois fuqarolarning uydan turib, foydalanilgan kommunal xizmatlar va qattiq maishiy chiqindilar uchun to‘lovlarni amalga oshirishlari uchun “Telegram” tarmog‘i orqali “@mibuzbot” kanalida yana bir qulaylik yaratildi.

Buning uchun avvalo, ushbu bot kanaliga kirib, start tugmasi bosilsa, mobil telefon raqami botga ulanadi. Keyin kommunal xizmat turi, viloyat, tuman, shaharni tanlaysiz hamda kommunal xizmat turi bo‘yicha shaxsiy-hisobraqam kiritiladi. Ushbu ma’lumotlar kiritilgandan so‘ng bot abonentning hisob-kitob ma’lumotlarini ko‘rsatadi.

Shundan keyin abonentlar hisoblagich fotosuratini yuborish, to‘lovlarni kuzatib borish va qarzdorlikni to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Oddiy aytganda, karantin kunlarida ham Siz masofadan turib, hisoblagich suratini yuborasiz va ko‘rsatkich “MIB inspektori” android elektron tizimiga kelib tushadi va abonent hisobiga kiritib boriladi. To‘lov tugmasi orqali - elektron to‘lov tizimlari bilan o‘z vaqtida hisob-kitoblarni amalga oshirib borasiz.

To‘lovni amalga oshirishda bot orqali elektron to‘lov tizimlariga kirib, iste’molchining plastik kartochka raqami, uning muddati, unga bog‘langan telefon raqami va to‘lov summasi kiritilganidan so‘ng “SMS” orqali kelgan himoya kodini tasdiqlash kifoya.

Shu zahoti Sizga to‘lov amalga oshirilganligi ma’lum qilinadi.

Aytgancha, bunday qulayliklar Majburiy ijro byurosining rasmiy “mib.uz” saytida ham yaratilgan.

Unutmang, amalga oshirgan to‘lovlaringiz Sizning energiya resurslaridan to‘laqonli foydalanishingiz hamda atrof-muhit muhofazasi uchun xizmat qiladi!

# Uyda qoling!

# O‘zingiz va yaqinlaringizni asrang!

# To‘lovlarni unutmang!