MIB: Sud qarori muhokama qilinmaydi

Bugun, 23 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Yordam beringlar, hovlimizni buzishyapti. Pulimizni ham bermasdan buzishayapti» sarlavhasi ostida videolavha e’lon qilindi.

Samarqand viloyati faollarining 2019 yil 26 iyulda o‘tkazilgan majlisi 32-sonli bayonida belgilangan vazifalarga muvofiq Samarqand tumani hududidagi «Eshkak eshish kanali» va unga tutash hududda «Samarqand turistik majmuasi» tashkil etish, turistik marshrutdagi yo‘llarni ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, yo‘l atrofida infrastruktura qurilish ishlarini amalga oshirilishi munosabati bilan tumandagi Qoziariq, Jo‘yisoy va Qo‘shtamg‘ali mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi qator jismoniy va yuridik shaxslarga tegishi turar hamda noturar binolarni qonunda belgilangan tartibda buzib, evaziga ularning egalariga tovon pullar to‘lab berish ishlari amalga oshirilgan.

Shu qatorda, fuqaro Q.Ahadovga tegishli, Qo‘shtamg‘ali mahallasida joylashgan uy-joyining bir qismi uchun tovon puli berilishi va boshqa joydan yer maydoni ajratilishi belgilangan. Biroq Q.Ahadov asossiz ravishda qonun talablarini bajarishdan bosh tortganligi sababli da’vogar - Samarqand tumani hokimligi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining 2020 yil 17 fevraldagi hal qiluv qarori bilan da’vo qanoatlantirilib, javobgar Ahadov Qodir Qudratovichga tegishli, Samarqand tumanining Qo‘shtamg‘ali mahallasida joylashgan hovlisining 49 foizi, ya’ni umumiy yer maydoni 571,51 metr kvadrat, qurilish osti maydonining 459,06 metr kvadratdan iborat uy-joylarini buzish, javobgarning oila a’zolarini buzishga tushgan uy-joydan chiqarish, buzish ishlarini javobgar Q.Ahadov hisobidan amalga oshirish belgilangan.

Shuningdek, sud ajrimiga binoan, buzish ishlari Q.Ahadovga 618 million 80 ming 75 so‘m miqdordagi tovon pullari to‘langanidan so‘ng amalga oshirilishi, buzishdan chiqqan qurilish mollari da’vogarda qoldirilishi hamda Samarqand tumani hokimligi zimmasiga javobgarga shu hududdan 572 metr kvadratdan kam bo‘lmagan yer maydoni ajratish majburiyati yuklatilgan.

Sudning mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Samarqand tumani bo‘limi ish yurituviga 2020 yil 2 aprelda kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilgan. Belgilangan tartibga ko‘ra, ijro xujjati nusxasi 2020 yil 6 aprelda qarzdor Q.Ahadovga topshirilib, u sud qarori ijrosini qonunda ko‘zda tutilgan 15 kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda ta’minlash lozimligi to‘g‘risida rasman ogohlantirilgan.

Samarqand tumani hokimining 2020 yil 18 apreldagi 642-K-sonli qarori bilan qarzdor Q.Ahadovga uy-joyining buzilishi ko‘zda tutilgan qismi evaziga yakka tartibda uy-joy qurish uchun tovon tariqasida Samarqand tumanining «Konigilagrotexservis» agrofirmasi yer xaritasining 274 konturidan jami 0,06 ga. maydondagi yer uchastkasi ajratib berilgan.

 Qarzdor Q.Ahadovga tegishli uy-joyning buzilishga tushgan qismi bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan 618 million 80 ming 75 so‘m miqdordagi tovon pullari 2020 yil 20 aprelda Samarqand tumani hokimligi tomonidan Byuroning Samarqand tumani bo‘limi depozit hisob raqamiga o‘tkazib berilgan va shu kundan qarzdor ushbu pullarni olib ketishi haqida bir necha marta ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, tovon pullarini olishdan bosh tortib kelgan.

2020 yil 22 aprelda qarzdor Q.Ahadovning arizasiga asosan tovon puli tariqasida Byuroning depozit hisob raqamida saqlanib kelinayotgan 618 million 80 ming 75 so‘m miqdordagi mablag‘lar uning «Savdogarbank» Ulug‘bek filialida ochilgan shaxsiy hisobraqamiga to‘liq o‘tkazib berilgan.

Sud qarorida ko‘rsatilgan qarzdor oldidagi barcha majburiyatlar bajarilgandan so‘ng ham qarzdor Q.Ahadov tomonidan sud qarori berilgan ixtiyoriy muddatda ijro qilinmaganligi sababli sud qarori ijrosi majburiy tartibda ta’minlanib, yuqorida ko‘rsatilgan uy-joy mutaxassislar ishtirokida buzilgan.  

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.