“Milliy qadriyatlar oyligi” boshlandi

Prezidentimizning 2023 yil 25 dekabrdagi “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, har yili mart oyida “Milliy qadriyatlar oyligi” tadbirlari va xalq sayillarini o‘tkazish belgilangan.
Ushbu oylik xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari, xalq o‘yinlari yo‘nalishidagi ijro san’atini targ‘ib etishga qaratilgan bo‘lib, bu loyiha an’analar, tarix, turmush tarzimiz, qadriyatlarimiz va ma’naviyatimiz kabi jihatlarni o‘zida mujassam etadi.
Viloyat madaniyat boshqarmasining ma’lum qilishicha, oylik doirasida viloyatimizning barcha hududida bir qator tadbir, ko‘rik-tanlov va musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Jumladan, “Milliy qadriyatlar oyligi” tadbirlari va xalq sayillariga boshqarma tasarrufidagi barcha tizim tashkilotlari, viloyatdagi davlat teatrlari, tuman (shahar) madaniyat bo‘limlari, bolalar musiqa va san’at maktablari, folklor-etnografik xalq jamoalari, ashula va raqs ansambllari, taniqli san’atkorlar, estrada xonandalari, baxshilar, teatr va kino aktyorlari, yozuvchi va shoirlar, sirk artistlari, raqs jamoalari hamda askiya san’ati ustalari keng jalb qilinadi.
Bunda hududlarda urf-odat va udumlarning mazmun-mohiyati, ahamiyati hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqimizga yetkazilib, milliy liboslar targ‘iboti, badiiy jamoalarning chiqishlari, raqs san’ati namunalari, milliy cholg‘uchilik bo‘yicha tanlovlar hamda xalq o‘yinlari musobaqalari tashkil etiladi. Shuningdek, Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, madaniy tadbirlar, muloqotlar, konsert dasturlari tashkil etiladi.