“O‘zbeklar ishi” qurboni: Aliboyev nega qamalgan edi?

1982 yil 26 iyunda Samarqand viloyati prokurori vazifasini bajaruvchi Bo‘ritosh Mustafoyev O‘zbekiston SSR prokurori Naman Bo‘rixo‘jayev nomiga Abiddin Aliboyevni Samarqand shahar prokurori vazifasiga tayinlash to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi.
Unda aytilishicha, A.Aliboyev 1973 yilda Toshkent davlat universitetining huquqshunoslik fakultetini bitirgach, Toshkent shahar Sobir Rahimov tumani prokuraturasida ish o‘rganuvchi, tergovchi vazifalarida ishlagan. 1978 yildan O‘zbekiston SSR prokuraturasiga alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchi, 1982 yil may oyidan katta tergovchi lavozimiga o‘tkazilgan. Uning faoliyatiga respublika prokuraturasida ijobiy baho berishgan.
Buni respublika prokurori o‘rinbosari A.Poplavskiy imzolagan tavsiyanomada, respublika prokurori N.Bo‘rixo‘jayevning SSSR prokurori A.Rekunkov nomiga A.Aliboyevni Samarqand shahar prokurori etib tayinlash to‘g‘risidagi buyrug‘ini tasdiqlashni so‘rab yozgan xatidan ham ko‘rsa bo‘ladi.
Shunday qilib, 1982 yil 25 avgust kuni Abiddin Aliboyev Samarqand shahar prokurori vazifasida ish boshlaydi. 1952 yilda Payariq tumanida tug‘ilgan A.Aliboyev uchun bu o‘z ukalari, singillari va onasiga yaqinroq bo‘lish uchun bir imkoniyat ham edi. Yosh prokuror ishni yaxshi boshladi. Shahar prokuraturasi jamoasi uning atrofiga jipslashgan holda Samarqandda qonun ustuvorligini ta’minlash, sodir qilingan jinoyatlarni o‘z vaqtida tekshirish va aybdorlarni jazoga tortish uchun barcha choralarni ko‘radi. Ishlar shu tariqa davom etayotgandi, yosh prokurorning shahar va viloyat rahbariyati oldida ham obro‘si yaxshi edi.
Lekin 1984 yil oktyabr oyiga kelib (bu paytda O‘zbekiston SSR prokurori etib Rossiya Federatsiyasidan yuborilgan A.Buturlin tayinlangan edi), ahvol o‘zgardi. Endi viloyat va respublika prokuraturalarida A.Aliboyev faoliyatidan xato topish, qildan qiyiq axtarish harakatiga tushildi. Negadir u O‘zbekiston SSR Prokuraturasida tergovchi, katta tergovchi bo‘lib ishlagan davrlarda tergov qilgan ishlar ham qayta chig‘iriqdan o‘tkazila boshlandi. Ana shunday ishlardan biri u rahbarlik qilgan tergov guruhining Namangan viloyati Pop tumani agrosanoat birlashmasi rahbariyati ustidan tushgan shikoyatlarni, ular tomonidan amalga oshirilgan talon-torojliklarni tekshirish bilan bog‘liq edi. Bundan tashqari, respublika prokuraturasi Samarqand shahar prokurori faoliyatini ham taftish qilishni boshladi.
1984 yil 23 oktyabrda O‘zbekiston SSR prokurori A.Buturlin 537-sonli buyruqni imzoladi. Unda qisman quyidagilar aytilgandi: “Samarqand shahar prokuraturasi va ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan tekshirish natijasida shu narsa aniqlandiki, shahar prokuraturasi uning zimmasiga yuklangan vazifalarni o‘z vaqtida hamda malakali tarzda bajarmagan. Sodir etilgan jinoyatlarni ochish, aybdorlarni jinoiy javobgarlikka tortish ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilmagan... Shaharda sodir etilgan har bir jinoyat uchun jazo muqarrarligi ta’minlanmagan... Ishdan bo‘yin tovlab yurganlar, ichkilikbozlar, jinoyatchilarga qarshi kurash talab darajasida olib borilmagan. Jinoiy ishlar bo‘yicha tergov tadbirlari o‘z vaqtida o‘tkazilmagan...”.
Xullas, respublika prokurorining buyrug‘ida keltirilgan “dalillar”dan shunday xulosaga kelish mumkinki, Samarqand shahar prokuraturasiga A.Aliboyev prokuror etib tayinlangandan so‘ng barcha ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, jinoyatchilikka qarshi kurash umuman amalga oshirilmagan. Shu buyruq asosida A.Aliboyev o‘z vazifasidan ozod qilinadi va prokuratura organlaridan bo‘shatiladi.
A.Aliboyevga oid sud hujjatlari bilan tanishar ekanman, ular orasida yana bir xatga ko‘zim tushdi. Uni aynan keltirishni ma’qul ko‘rdik:
“O‘zbekiston SSR Davlat xavfsizlik komiteti raisi general-mayor V.A.Golovinga
Menga tergov qilish topshirilgan hamda A.Odilov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishning o‘ta muhimligi tufayli 1952 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 152-moddasi 2-qismi bilan ayblanayotgan, Samarqand shahar prokurori lavozimida ishlayotgan Aliboyev Abidinni O‘ZSSR DXQning tergov hibsxonasiga joylashtirish haqida ko‘rsatma berishingizni so‘rayman.
SSSR Bosh prokuraturasi huzuridagi alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchi, 3-klass davlat adliya maslahatchisi B.Ye.Sviderskiy
23.10.1984 y”.
Shu yerda bir narsaga, ya’ni bu xat yozilgan sanaga e’tibor berishingizni so‘rayman. Demak, A.Aliboyevni vazifasidan ozod qilish haqidagi buyruq va uni Davlat xavfsizlik qo‘mitasi tergov hibsxonasiga joylashtirilishi so‘rab yozilgan maktub bir sanada bitilgan. Ya’ni, hali buyruq Samarqand shahar prokuraturasiga yetib kelmasdan turib, prokuror A.Aliboyev hibsga olinyapti. Mana shu yerda, shahar prokuraturasi ishini tekshirish, prokurorlik faoliyatini boshlaganiga endi ikki yil to‘lgan A.Aliboyevni chetlashtirishning sababi – shamol qaysi tomondan esayotganligi, asl maqsad nima ekanligi oydinlashgandek bo‘ladi. Demak, tekshirishlar, ishdan olinish – bu Gdlyan rahbarligidagi tergov guruhi tomonidan yozilgan “ssenariy”ning bir qismi edi, xolos.
“Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi”, deya butun sobiq ittifoqqa jar solingan, aslida Gdlyan boshliq SSSR Bosh prokuraturasi tergovchilari guruhi tomonidan “puflab” shishirilgan yangi qatag‘on domiga o‘zlari olib borayotgan tergov ishlari, qama-qamalar ahamiyatini bo‘rttirish, salmog‘ini oshirish niyatida O‘zbekistondagi ayrim viloyat, shahar va tumanlar prokuraturasi hamda ichki ishlar xodimlari ham tortila boshlagan edi. A.Aliboyev ham ana shunday kishilardan biriga aylandi.
U olti yildan ziyod vaqt sud qilinmasdan tergov hibsxonalarida saqlandi. Unga qanday ayblar qo‘yilgan edi? A.Aliboyev 1981 yil 25 noyabrdan 1982 yil may oylarigacha Namangan viloyatidagi Pop agrosanoat birlashmasida qoramol, qo‘y va echkilarning o‘g‘irlanishi, ushbu tashkilot rahbarlari tomonidan vazifalarini suiiste’mol qilinishiga oid ishni tekshirish bo‘yicha respublika prokuraturasida tuzilgan guruhga rahbarlik qilgan paytida qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yishda ayblangandi. Sviderskiy boshliq tergov guruhi A.Aliboyev agrosanoat birlashmasida 15 marta qoramol va qo‘ylar o‘g‘irlanib, chetga sotilgan holatlarni ataylab yopgan, degan qarorga keladi. Bir emas, ikki emas, har bir holatda 15 tadan 50 tagacha bo‘lgan qoramol, 250 ta echki, 100 ta qo‘y go‘yoki agrosanoat birlashmasi rahbariyati va uning atrofida birlashgan jinoiy guruh tomonidan talon-toroj qilingan.
Aslida voqea qanday bo‘lgan? Aliboyev rahbarligidagi tergov guruhi bu ishlarga oid har bir holatni diqqat bilan o‘rganish jarayonida “talon-toroj qilindi”, deyilgan chorva mollari aslida ikki tomon o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida Namangan viloyatidagi turli jamoa va davlat xo‘jaliklariga sotilganiga amin bo‘ldi. Bu yerda hech qanday jinoyat alomati yo‘q edi. Buni agrosanoat kompleksida tekshiruv o‘tkazgan Pogosyan, O‘sarov singari taftishchilar ham tasdiqlagan.
A.Aliboyevga Sviderskiy boshliq SSSR prokuraturasi tergov guruhi tomonidan qo‘yilgan ayblarning ayrimlari o‘zining mantiqsizligi tufayli shu qadar kishi ensasini qotiradiki, ular shundaygina kabinetda o‘tirib to‘qilganligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Masalan, go‘yoki A.Aliboyev bir necha marta A.Odilovdan so‘yilgan qo‘y go‘shti sifatida jami 278,75 so‘m pora olgan. Buni Sviderskiy guruhi o‘tkazgan tergovda A.Hamroqulov, Haqnazarov, Mirzayusupov kabi guvohlar tasdiqlagan. Lekin shunisi qiziqki, Sviderskiy guruhi Aliboyevni o‘z navbatida A.Odilovga pora berganlikda ham ayblashgan. Ya’ni, u A.Odilovga jami 2020 so‘m pora bergan emish. Shu yerda bir savol tug‘iladi. Tergov olib borayotgan shaxs tergovga aybdor yoki guvoh sifatida tortilgan kishiga nega pora berar ekan? Bunga javobni ham Moskvadan kelgan tergovchilar “topib qo‘yishgan”. Go‘yoki A.Aliboyev A.Odilovga O‘zSSR Oliy Sovetining “Faxriy yorlig‘i”ni olish uchun bergan emish.
1992 yilda O‘zSSR prokurori bo‘lib ishlagan N.Bo‘rixo‘jayev va uning o‘rinbosari Zotovning guvoh sifatida shu masala bo‘yicha so‘roqda bergan javoblaridan: “1982 yilda prokuratura organlarining 60 yillik yubileyi bo‘ldi. Shu munosabat bilan prokuraturaning ko‘pchilik xodimlari taqdirlandi. Ular orasida A.Aliboyev ham bor edi”.
Shuningdek, ushbu masala yuzasidan guvoh sifatida so‘roq qilingan O‘zSSR Oliy Soveti Prezidiumining o‘sha paytdagi raisi I.Usmonxo‘jayev ham, A.Odilov ham A.Aliboyevning Oliy Sovet “Faxriy yorlig‘i” bilan mukofotlanishiga kimdir aralashganligini qat’iyan rad etadi.
Uning Samarqand shahar prokurori lavozimiga tayinlanishi esa bevosita respublika prokurori buyrug‘iga ko‘ra bo‘lgan va uni SSSR prokurori o‘rinbosari tasdiqlagan.
Xullas, A.Aliboyevga nisbatan Sviderskiy rahbarligidagi tergov guruhi tomonidan qo‘yilgan ayblarning birin-ketin misi chiqa boshladi.
Shu yerda bir masalaga to‘xtalish o‘rinli. U ham bo‘lsa, A.Aliboyevning o‘z qaynotasiga 1983 yil sentyabr oyida Moskva yaqinida dam olayotgan paytida (uning boshiga tushgan kulfatlardan bir yil ilgari) yozgan xatidir. Bu xatning nusxasini A.Aliboyevning qaynotasi kuyovining aybsizligini aniqlashda yordam berar, degan umidda tegishli idoralarga topshirgan bo‘lsa ajab emas. Lekin xat aylanib, uni hibsga olib, tergov qilayotgan kishilar qo‘liga kelib tushgan. Buni sud hujjatlaridan ham ko‘rsa bo‘ladi (uning asl nusxasi A.Aliboyevning qaynotasi qo‘lida saqlangani uchun bu xat yo‘q qilib yuborilmagan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas).
O‘sha xatdan ayrim parchalar keltirishni lozim topdik. “Siz mening 1981-1982 yillarda Pop agrosanoat birlashmasida tergov-tekshiruv ishlarini olib borganligimdan xabardorsiz. Uni tugatganimdan so‘ng menga nisbatan turli ig‘vo va tuhmatlar kuchaydi. Hatto allaqanday notanish kishilar qo‘ng‘iroq qilib, qo‘rqitmoqchi bo‘lishdi. Bir tomondan birlashma rahbariyati dushmanlari mening ham dushmanimga aylangan bo‘lsa, boshqa tomondan birlashmada ishlayotgan ayrim o‘rtoqlar menga tish qayray boshladilar. Nima bo‘lganda ham bu ishni o‘z hayotiy tajribam va qonunchilikdan kelib chiqqan holda xolisona hal qildim. O‘sha paytlari men tergov guruhi a’zolaridan ham shuni talab etdim. Bu ish bo‘yicha qo‘lim toza. Guruhning boshqa a’zolari ham vazifasini sidqidildan bajardilar, deb o‘ylayman. O‘tkazilgan tekshiruv bo‘yicha tubdan to‘g‘ri qaror qabul qilindi. To‘g‘ri, ayrim kamchiliklar ham bo‘lishi mumkin. Bu – tekshirish uchun juda kam vaqt ajratilgani, meni va guruhdagi boshqa tergovchilarning tajribasi yetarli emasligi, Markaziy Komitet bilan bog‘lik qog‘ozbozlikning ko‘pligi tufaylidir. Shunisi qiziqki, birlashma rahbariyati biror-bir masalada bizdan yordam so‘rab murojaat etmadi.
Birlashma xodimlari bilan bog‘liq ayrim masalalarga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Birlashma ishlarini tekshirayotgan kunlarimning birida (1982 yil mart oyida) tergovchi Umarov oldimga To‘xtasin Madaliyev ismli kishini boshlab keldi. Bu odamning aytishi bo‘yicha guruh tergovchilari uchun 1981 yil oktyabr oyida uchta qo‘y so‘yilgan emish. Bu haqda hujjat ham tuzilgan ekan. Holbuki, oktyabr oyida nafaqat men, balki guruh faoliyatiga jalb etilgan biror-bir tergovchi Popda bo‘lmagan. Men Pop agrosanoat birlashmasiga respublika prokurori ko‘rsatmasiga binoan ilk bor 1981 yil 15 dekabrda kelganman. Madaliyevning aytishicha, bu hujjatlarni Mo‘minjon Odilovning qo‘lida o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Avvaliga, bu ig‘vo degan fikrga bordim. Keyin Madaliyevni o‘zim hibsdan ozod qilganim uchun uning gaplariga ishondim. Shundan keyin tergovchi Umarovga bu haqda hech kimga aytmaslikni tayinlab, Madaliyevdan O‘zSSR prokurori nomiga tushuntirish xati yozdirib olishni tayinladim. O‘sha paytlar bunday voqealar bir necha marta takrorlandi.
Yaqinda (1983 yil sentyabr oyi boshlarida) Umarov Samarqandga kelgan edi. Uning gaplaridan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, Popdagi ayrim kishilar hanuzgacha menga qarshi ishlayotgan ekan.
Men Mo‘minjon Odilov ishi bo‘yicha xolisona tekshiruv olib borilishini ta’minladim. Faqat u tergovga oid masalalarga tez-tez aralasha boshlagandan so‘ng Ahmadjon Odilovdan uni tartibga chaqirishni so‘radim. Eshitishimcha, u M.Odilovni bu ishlari uchun qattiq xafa qilgan. Balki shu tufaylidir, balki boshqa sabablarga ko‘radir, aniq bilmayman, M.Odilov menga qarshi tish qayrayotganlarning faollaridan biriga aylangan.
Lekin shu yerda masalaning ikkinchi tomoniga ham to‘xtalish kerak. Men bu masalani A.Odilovga nisbatan dushmanlik kayfiyatida bo‘lgan odamlar bilan bog‘liq, deb o‘ylayman.
Bu ishni tekshirish davomida Sharif Xismatov tergovning Bo‘riyevga oid qismini harakatdan to‘xtatishimni iltimos qildi. Xismatov hozir O‘zSSR prokuraturasining tergov qismi boshlig‘i vazifasida ishlaydi. O‘sha paytda u juda katta miqdordagi pul (pora) olishim mumkinligiga ham ishora qildi. Men Bo‘riyevga oid ish xolisona hal etilayotganini aytib, uning SSSR prokuraturasi va O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti nazoratida ekanligini ta’kidladim. Umuman aytganda, Bo‘riyev qonuniy javobgarlikka tortilgan.
Bu gap Moskvaga kelganimda Xismatov SSSR prokuraturasidagi do‘stlari orqali aynan shu ishga aralashayotganligi ma’lum bo‘ldi. U sudlar ustidan nazorat bo‘limidagi tanishi orqali protest keltirilishiga va oxir-oqibat sud qarorini bekor qilishga erishmoqchi ekan.
Uning yaqin tanishi Soroka SSSR Bosh prokurorining o‘rinbosari etib tayinlangandan so‘ng Xismatov nihoyatda g‘ururlanib, boshqalarning o‘zini ham, fikrini ham tan olmay qo‘ydi. Eshitishimcha, Bo‘riyevga oid ishga u Soroka orqali Bajenovni ham jalb qilmoqchi. Balki ular Xismatov Bo‘riyevni Odilovga qarshi qo‘ygan kishilar tomonidan to‘plangan juda katta pulni olganligini bilishmas. Buni ilk bor Xismatov menga Bo‘riyevga nisbatan ochilgan jinoiy ishni to‘xtatishim uchun katta pul olishim mumkinligiga ishora qilganligidan sezgan bo‘lsam, keyinchalik Namangan viloyatining sobiq prokurori Shoamirovdan ham eshitgan edim. Bu pulni to‘plashda katta-katta partiya xodimlari ham ishtirok etishgani meni hayron qoldirdi. Buni hech tushunolmayman...
Samarqandda ishlayotgan paytimda men tergovchilardan biriga viloyat davlat savdo inspeksiyasi xodimi O‘runovga ishni tekshirishni topshirdim. Xismatov bu ish bo‘yicha ham mendan tergov harakatlarini to‘xtatishni qat’iyan talab qildi. Har qanday sharoitda ham tergovchiga bunday topshiriqni bermas edim. O‘runov haqida hamma joyda gap-so‘zlar ko‘payib borardi. Viloyat partiya komiteti, shahar partiya komitetiga kirib bo‘lmasdi. Odamlarning prokuraturaga ishonchi susaya boshladi. Chunki O‘runovga hech kim teginishi mumkin emas ekan. Xismatov esa ana shunday shov-shuvga sabab bo‘lgan ishni harakatdan to‘xtatishimni talab qilardi.
Men bu topshiriqni bajarmadim. Shunda Xismatov O‘runovga men va tergovchi ustidan tuhmatlardan iborat shikoyat yozdirdi. Guyoki tergovchi tintuv vaqtida qo‘pollikka yo‘l qo‘ygan emish...
Shundan so‘ng Xismatov ishni bizdan olib, uni tekshirishni Mirovskiyga topshirdi. Mirovskiy bu ishni tekshirish davomida mendan katta miqdorda pora talab qildi. Xismatov bilan uchrashib, o‘zimning va tergovchining bu ishni olib borishda hech qanday aybimiz yo‘qligini aytdim. Undan “agar ishlashni hohlasang, Mirovskiyning topshirig‘ini bajar”, degan javobni eshitdim. Xismatovga “50 ming so‘mni qayerdan olaman”, dedimda xonasidan chiqib ketdim. Chunki yonimda 500 so‘m ham ortiqcha pul bo‘lmagan. Keyinchalik respublika prokuraturasidan kelgan Galashko viloyat prokuraturasida meni xuddi jinoyat sodir etgan kishidek tergov qildi, faqat dalolatnoma tuzmadi. U menga tahdid qilib, “Nega Xismatovning topshirig‘ini bajarmading, nega O‘rinovning ishini yopmading”, deb so‘radi. Unga Xismatovning topshirig‘ini tushunmabman, deb javob berdim. Xullas, Xismatov va Mirovskiy O‘runovga oid ishni yopib yubordi.
Keyin bilsam, O‘runov respublika Ichki ishlar vazirligining yuqori mansabdorlaridan birining kuyovi O‘runov Olimjonning akasi ekan. Olimjon O‘runov Xismatov, Mirovskiy, Golashkoning yaqin do‘sti bo‘lgan. Shu sababli ularning meni tinch ishlashga qo‘ymasligi aniq. Umuman, shahar hayoti o‘zining chopa-chopu, tashvishlari bilan meni zeriktirgan. Shuning uchun 1982 yilda Markaziy Komitetga o‘tib ishlashga bo‘lgan taklifni ham rad etganman. Men aslida prokuraturadan ko‘ra ilmiy ish bilan shug‘ullanishni afzal bilaman...”.
Bu yerda A.Aliboyevning qaynotasiga 1983 yil 23 sentyabrda, ya’ni uning boshiga tushgan tashvishli kunlardan bir yil oldin yozgan xatini to‘liq keltirishning imkoni yo‘q. Lekin yuqorida bayon etilgan ayrim parchalar ham uning halol, o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashgan prokuratura xodimi bo‘lganligidan darak beradi.
Yuqorida keltirganimizdek, 1984 yil oktyabrda hibsga olingan A.Aliboyev olti yildan ziyod vaqt sud qilinmasdan hibsxonada saqlandi. Keyin esa 1992 yilning iyunigacha tilxat ostida ochiqlikda bo‘ldi. Nihoyat uning ishi ushbu sanada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining jinoiy ishlar bo‘yicha kollegiyasida Oliy Sud a’zosi A.Popkov raisligida ko‘rib chiqildi. Unga qo‘yilgan eng asosiy ayblardan biri – Pop tumani agrosanoat birlashmasida qoramol va qo‘y-echkilarning o‘g‘irlanishi, talon-toroj etilgani bo‘yicha ishlarni asossiz yopgan, degan ayblar o‘z isbotini topmadi. Bu masala yuzasidan so‘roq qilingan 24 nafar guvoh va taftishchilar Pogosyan, O‘sarovlardan birortasi bunday hol sodir etilganligini tasdiqlamadi. Shuningdek, sud A.Aliboyev yetarli asoslarsiz pora olish va berishda ayblangan, deb topdi. Chunki SSSR prokuraturasining tergovchilar guruhi bu ishga guvoh sifatida tortilgan ko‘plab kishilarga jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazib, N.Odilov, Ahmadjonov, O.Hamroqulov, R.Haqnazarov, U.Mamayusupov, Sh.Abdurahmonov va boshqalarni A.Aliboyevga tuhmat qilishga majbur etgan. Masalan, guvoh A.Hamroqulov sudda SSSR prokuraturasi tergovchilari uni muntazam ravishda turli prokuraturalarga, O‘zSSR Davlat xavfsizlik komitetiga chaqirib tergov qilishganini, hatto otasini ham olib kelib qamab qo‘yishganini aytib, A.Aliboyevga nisbatan tuhmat gaplarni yog‘dirishga majbur etishganini gapirib berdi.
Sud bundan tashqari yana A.Aliboyevga ayb sifatida tergov hujjatlarida aks ettirilgan boshqa holatlar bo‘yicha ham qator guvohlarning so‘zlarini eshitdi va ularning barchasi tazyiqlar ostida berilgan ko‘rsatmalar bilan tasdiqlanganligiga amin bo‘ldi. O‘zbekiston Oliy Sudining jinoiy ishlar bo‘yicha kollegiyasi A.Aliboyevni barcha holatlar bo‘yicha aybsiz deb topdi va uni to‘liq oqlash haqida qaror chiqardi.
Shundan so‘ng 1992 yil 7 avgustda O‘zbekiston Respublikasi prokurorining 702-sonli buyrug‘i e’lon qilindi. Unda jumladan, shunday deyilgandi:
“Sobiq respublika prokurorining 1984 yil 23 oktyabrda Aliboyevga nisbatan chiqarilgan buyrug‘i asossiz va qonunga xilof ravishda chiqarilgan.
Samarqand shahar prokurori bo‘lib ishlab turgan A.Aliboyevga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmagan. Yoki u rahbarlik qilgan shahar prokuraturasining ish faoliyati tekshirilgani, o‘rganilgani to‘g‘risida birorta spravka tuzilmagan. Samarqand viloyat yoki respublika prokuraturasi hay’atida A.Aliboyev haqidagi masala ko‘rilmagan, uni ishdan bo‘shatish haqida viloyat prokuraturasining taqdimi kiritilmagan, xizmat bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan deb hisoblanayotgan nuqsonlar yuzasidan undan tushuntirish xati olinmagan, buyruq bilan tanishtirilmagan. A.Aliboyevning izohiga qaraganda u respublika prokuraturasiga chaqirtirilib, shu yerda qamoqqa olingan, yuqoridagi buyruq u qamalgandan keyin chiqarilgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra,
BUYuRAMAN
- O‘zbekiston Respublikasi prokurorining 537-sonli 1984 yil 23 oktyabrdagi A.Aliboyevni ishdan bo‘shatish haqidagi buyrug‘i qonunga xilof ravishda chiqarilganligi uchun bekor qilinsin.
- A.Aliboyev prokuratura organlariga ishga tiklansin va bu haqda uning mehnat daftarchasiga lozim bo‘lgan o‘zgartirishlar kiritilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prokurori,
2-darajali Davlat adliya maslahatchisi B.M.Mustafoyev”.
Shu tariqda adolat kechikib bo‘lsa-da, tiklangan edi. A.Aliboyev shundan keyin respublika prokuraturasi tergov bosh boshqarmasining ichki ishlar organlarida tergov va tekshirish o‘tkazish ustidan nazorat bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i, Toshkent shahar prokuraturasi sudlarda jinoiy ishlarning ko‘rilishida prokurorlik vakolatini ta’minlash bo‘limi boshlig‘i, Sirg‘ali tumani prokuraturasining tergovchisi vazifalarida xizmat qildi.
Lekin olti yildan ziyod vaqt nohaqliklar tufayli hibsxonalarda o‘tirish, sakkiz yil davomida kechirilgan ruhiy iztiroblar tufayli orttirilgan qand kasalligi oqibatida 1998 yil iyul oyida nafaqaga chiqishga majbur bo‘ldi.
Shundan keyingi hayoti asosan oilasi davrasida o‘tdi va 2014 yil sentyabr oyida olamdan o‘tdi.
Muzaffar MUQIMOV,
SamDU tuzilmasidagi Qatag‘on qubonlari xotirasi viloyat muzeyi direktori.