Issiq kunlar yaqin, yong‘in xavfi kamaydimi?

4 mart – O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil topgan kun.

Mart oyining dastlabki kunlari sovuq bo‘lib, bugundan harorat ko‘tarilmoqda. Tabiiyki, endi uylarni isitishga bo‘lgan ehtiyoj kamayib boradi. Xo‘sh, favqulodda vaziyatlar tizimi nazarida bu yilgi kuz-qish mavsumi qanday o‘tdi? Havo va gaz aralashmasining chaqnashi yoki is gazidan zaharlanish holatlari kamaydimi? Umuman, issiq kunlarda bizni yana qanday xavf kutishi mumkin? Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yong‘inlar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i, mayor Ravshan Oblaqulov bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.

- Kuz-qish mavsumi sohangiz uchun haqiqiy sinov davri hisoblanadi...

ؙ- Har yili hukumatimizning tegishli chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, mavsumga alohida tayyorgarlik ko‘riladi. Shuningdek, havo harorati pasaygan kunlari yong‘inlar bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida barcha shaxsiy tarkib safarbar etilgan holda iqtisodiyot, ijtimoiy soha hamda uy-joy fondi ob’yektlarida, aholi bilan profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi. Jarayonda ob’yektlarda o‘rnatilgan isitish tizimlari, ularning dudbo‘ronlari, shamollatish kanallari, shuningdek, gaz va elektr isitish moslamalaridan foydalanishda texnika, yong‘in va elektr xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi o‘rganilib, aniqlangan muammolar bartaraf etish choralari ko‘riladi. Bu yilgi mavsum ham shu tartibda o‘tdi.

Aytish joizki, bu nafaqat biz, balki boshqa mas’ul tashkilot va idoralarning ham qo‘shimcha yuklama bilan xizmat olib borishini taqozo etadi. Misol uchun, tahlillarga ko‘ra, yong‘inlarning 50-60 foizi elektr yoki isitish pechlaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida sodir bo‘ladi. Bu borada Vazirlar Mahkamasi 2024 yil 31 mayda “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilgan. Ushbu hujjat asosida elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalari tasdiqlangan bo‘lib, iste’molchilarning qoidalarga amal qilishini ta’minlashda elektr va gaz ta’minoti korxonalari, “O‘zdavneftgazinspeksiya”ga ham ma’lum vazifalar yuklangan.

- 2024 yilgi kuz-qish mavsumi qanday o‘tdi?

- Bu yilgi mavsumni betalofat o‘tkazish maqsadida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tegishli buyrug‘i qabul qilinib, tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi va joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun boshqarma tezkor shtabi, uning ishchi guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ishchi guruhlar tarkibiga mahalliy hokimlik, ichki ishlar, milliy gvardiya, prokuratura, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi hududiy bo‘limlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari va boshqa daxldor idoralar jalb etildi.

O‘tgan vaqtda ular joylardagi 2367 ta ko‘p qavatli uy, 382 ming 759 ta yakka tartibdagi uydagi gaz va elektr jihozlari, pech, dudbo‘ron, shamollatish kanallarining holati va xavfsizlik qoidalariga muvofiqligini o‘rganib chiqdi. Ayni tadbir davomida 40 ming 535 ta qoidabuzarlik aniqlanib, shundan 32 ming 780 tasini bartaraf etish choralari ko‘rilgan. Shuningdek, korxona va tashkilotlarda 8 ming 805 marotaba, mahallalarda 410 marotaba uchrashuvlar o‘tkazilib, ularda ishtirokchilarga tegishli yo‘riqnomalar tarqatilgan.

Aytish joizki, targ‘ibot tadbirlari samarasi o‘laroq, viloyatda 2024 yilda sodir bo‘lgan yong‘inlar 2023 yilga nisbatan 36 taga kamaydi.

- Yong‘in faqat aholi turarjoylarida sodir bo‘lmayapti. Tadbirkorlik ob’yektlari, davlat idoralarida belgilangan xavfsizlik qoidalariga qanchalik amal qilinyapti?

- O‘tgan 5 yillikning tahlillariga ko‘ra, viloyatimiz yong‘inlar statistik ma’lumotlar bo‘yicha yashil hududga kirgan. Biroq bu xotirjamlikka berilish mumkin, degani emas. Birgina 2024 yilda hududda 720 ta yong‘in sodir bo‘lgan. Ularning 73,6 foizi aholi turarjoylarida bo‘lsa, qolgan 26,4 foizi boshqa ob’yektlarda.

Albatta, qoidabuzarlik faqat oddiy fuqarolar tomonidan sodir etilmaydi. Yuqorida tilga olingan raqamlarda tadbirkorlik sub’yektlari va davlat xizmatchilarining ham ulushi bor. O‘tgan yili shunday korxona va muassasalar rahbarlariga 12 ming 529 ta banddan iborat davlat yong‘in nazorati organlarining yozma ko‘rsatmalari taqdim etilib, ularning 10 ming 616 tasini bartaraf etilishiga erishildi. Shuningdek, davlat ob’yektlarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etmagan 2585 nafar rahbar, javobgar shaxs va fuqarolarga 706 million 774 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Aniqlangan qoidabuzarlik zudlik bilan bartaraf etilmasligi yong‘in sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 601 ta korxona, bino va inshootlarning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi, 10 ming 170 ta nosoz holatda bo‘lgan elektr uskuna, moslama va agregatlardan foydalanish taqiqlandi.

O‘z navbatida tadbirkorlik sub’yektlariga qarashli ob’yektlarda ham yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etmagan 2015 nafar rahbar va javobgar shaxslarga 753 million 507 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgan va 4427 ta nosoz elektr uskuna, moslama va agregatlardan foydalanish taqiqlangan.

Bu davrda viloyatda olib borilgan tekshiruv va profilaktik-ogohlantiruv tadbirlari davomida yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan hokimliklarga 636 ta va yuqori tashkilotlarga 1608 ta axborotnoma, ma’lumotnoma va taqdimnomalar kiritilgan.

Aytish joizki, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonunga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yong‘in xavfsizligi talablarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish vakolati sudlardan davlat yong‘in nazorati idoralariga o‘tkazildi. Bundan tashqari, yong‘in xavfsizligi talablarini buzganlik uchun jarima miqdorlari oshirilgan.

- Qish yakunlandi. Yong‘inlar xavfi ham kamayadimi?

- To‘g‘ri, xonadonlarni isitish talab etilmaganligi sababli fuqarolar tomonidan turli isitish tizimlaridan foydalanilmaydi va yong‘inlar sezilarli darajada kamayadi. Biroq bu yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik mumkin, degani emas. Raqamlar tilida gapiradigan bo‘lsak, 2024 yilda sodir bo‘lgan 978 ta yong‘inning faqat 523 tasi (53,5 foizi) elektr, gaz va isitish tizimlaridan yong‘in xavfsizlik koidalariga rioya etilmasdan foydalanilganlik oqibatida kelib chiqqan. Demak, qolgan 42 foiz noxush holat boshqa mavsumlarda yoki umuman, uylarni isitish bilan bog‘liq bo‘lmagan vaziyatda sodir bo‘lgan.

Yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasligi barcha fasllarda ham og‘ir oqibatlarga olib keladi.

- Bugun ko‘pchik “yashil energiya”dan foydalanishga o‘tmoqda. Bu ham kamxarj, ham qulay deyilyapti, lekin xavfsizlik masalasi...

- Bugun nafaqat aholi xonadonlari, balki yurtimizda barpo etilayotgan yangi bino va inshootlarda ham “yashil energiya” manbalari o‘rnatilmoqda. Albatta, bino va inshootlarni barpo etish bo‘yicha tegishli qurilish me’yor-qoidalari, shaharsozlik normalari bo‘lganidek, quyosh panellari, ular uchun kontroller, akkumulyator vaa boshqa uskunalarni o‘rnatish va ulardan foydalanish bo‘yicha ham maxsus tartib-qoidalar belgilangan.

Xususan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining “Fotoelektrik stansiyalar (tizimlar)” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i shular jumlasidan. Bu buyruq Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan. Hudddi shunday, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan ham elektromobillarni quvvatlash uskunalarini o‘rnatish va undan foydalanish bo‘yicha tartib-qoidalar ishlab chiqilgan.

Favqulodda vaziyatlar tizimi yuridik va jismoniy shaxslarga bu yo‘nalishda tegishli tavsiyalar berib, qoidalarga rioya etilishini o‘rganib bormoqda.

Asqar BAROTOV suhbatlashdi.