Milliylik o‘zlikda namoyon bo‘ladi

Milliyligimizni asrab-avaylash nafaqat o‘z tariximiz va madaniyatimizni saqlash, balki ularni zamonaviy dunyoga mos ravishda rivojlantirishni ham anglatadi.
Tilimiz, an’analarimiz, qadriyatlarimiz, tarixiy merosimiz va kiyib yurgan liboslarimiz – bularning barchasi bizning kimligimizni bildirib turadi. Har bir inson o‘ziga xos yondashuv bilan bu jarayonga hissa qo‘shishi kerak.
Samarqand davlat chet tillar instituti xalqaro aloqalarni mustahkamlash barobarida milliy madaniyat va tilni targ‘ib qilishga ham katta e’tibor qaratadi. Milliy madaniy merosini kelgusi avlodlarga yetkazish hamda dunyo miqyosida o‘zbek tilining nufuzini oshirish institut uchun eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Jumladan, o‘zbek xalqining o‘ziga xos va boy madaniy an’analarini talabalarga o‘rgatish maqsadida Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy kabi buyuk adib va shoirlarning asarlarini o‘rganishga qaratilgan tadbirlar tashkil etilyapti. Bu tadbirlarda milliy an’analarimiz va liboslarimiz targ‘ib qilinmoqda. Xususan, “Milliy liboslar - ma’naviyat ko‘zgusi”, “Milliy liboslar - qadriyatlar timsoli”, “Milliy liboslar - qizlar ko‘rki”, “Milliy qadriyatlar - millat ko‘zgusi” mavzularidagi tadbirlarda milliy liboslarning o‘ziga xosligi, tarixiy ahamiyati, ularning milliy o‘zlikni anglashdagi o‘rni haqida fikrlar yuritilmoqda.
Institutda juma kunlari o‘qituvchilar va talabalar mashg‘ulotlarda milliy liboslarda qatnashmoqda. Shuningdek, xorijiy davlatlardagi hamkor universitetlarga borgan o‘qituvchilar milliy libosda konferensiyalarda ishtirok etyapti.
Garchi xorij tillarni mukammal o‘rganayotgan bo‘lsa-da, talabalarda o‘zbek tilini rivojlantirish, milliy madaniyatni saqlab qolish va dunyo bo‘ylab targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar milliy qadriyatlar va madaniyatga bo‘lgan hurmatni kuchaytiradi. Bu orqali institut nafaqat xalqaro aloqalarni mustahkamlash, balki millatimizning boy madaniy merosini saqlashga xizmat qilmoqda.
Shohista Said-Ahmedova,
Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchisi.