Mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kecha, 17 sentyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq mobil qurilmalar:

• 2019 yil 1 noyabrgacha – ularni avtomatik tarzda mobil aloqa operatorlari tarmoqlariga ulash (aktivlashtirish) orqali bepul asosda;

• 2019 yil 1 noyabrdan – jismoniy shaxslar, import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchi korxonalarning mobil qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimiga murojaat qilishi orqali bepul, 2019 yil 1 dekabrdan esa pulli asosda ro‘yxatga olinadi.

Nizomga ko‘ra, mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizim operatori yoki tizim ro‘yxatga oluvchisiga murojaat bo‘yicha amalga oshiriladi.

Avval ro‘yxatga olingan mobil qurilmalar qayta ro‘yxatga olinmaydi.