Moddiy yordam ajratishda noxolislikka yo‘l qo‘yilmagan
Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Dilmurod Hamedov ismli foydalanuvchi tomonidan joylangan “Akaxonlik imtiyozi beriladi” sarlavhali post tuman hokimligi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda Taldirazzoq mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari ishtirokida o‘rganildi.
Maqola-qaydda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun ajratilgan 1 million so‘mdan moddiy yordam mablag‘lari tarqatilishida adolat mezonlari buzilgani iddao qilinadi. Xususan, “Jomboy tumanidagi Taldirazzoq va boshqa bir qator mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qolib, 10 sotix tomorqasi, 7 xonali uyi, “Neksiya” avtomobili bor, to‘rt muchasi sog‘ oilalarga bir million so‘mdan pul tarqatildi”, deydi muallif.
O‘rganish davomida ushbu faktlar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Taldirazzoq mahallasida 10 nafar fuqaroga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘laridan 1 million so‘mlik moddiy yordam ajratilgan. Qayd etish joizki, ularning 4 nafari og‘ir xastalikka chalingan shaxs, yana ikki xonadonda nogiron farzandlar tarbiyalanmoqda. Ikki oila boquvchisini yo‘qotgan, ikki nafar ayol esa og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgani uchun ushbu ro‘yxatga kiritilgan.
– To‘g‘ri, ehtiyojmand oilalar ko‘p, ammo ularning eng sharoiti og‘irlari tanlab olingan, – deydi Taldirazzoq mahalla fuqarolar yig‘ini raisi o‘rinbosari Xolida Shonazarova. – Ularning birortasida shaxsiy avtomobil mavjud emas. Moddiy yordam olgan 4 nafar ehtiyojmand fuqaro sog‘lom, ishlaydi. Ammo boquvchisini yo‘qotgani, og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgani inobatga olingan. Shuningdek, ikki oilada suyak sili va yurak xastaligi bilan og‘rigan bolalar parvarishlanyapti.
Yana bir jihat. Dilmurod Hamedov “Mahalla raisi sizning akaxoningiz bo‘lsa, qanday sharoitda bo‘lishingizdan qat’iy nazar, barcha imtiyozlar sizga beriladi”, deganda aynan nimani nazarda tutgani bizga qorong‘i.
Ammo mahalla mutasaddilarining aytishicha, muallifning yaqin qarindoshlari ham ushbu ro‘yxatga kiritilish istagida murojaat qilgan. Ularning shaxsiy avtomobili borligi, uy-joyi, yashash sharoiti ehtiyojmand oila mezonlariga mos kelmasligi uchun rad etilgan.
Zotan, yordam ajratilgan 10 nafar shaxsning birortasi mahalla mutasaddilariga qarindosh emas.
Xalqimiz og‘ir sinovni boshidan kechirmoqda. Saxovatpesha insonlar ezgulikka bel bog‘ladi. Turli soha vakillari fidoyilik namunalarini ko‘rsatishmoqda.
Shunday paytda ayrim yurtdoshlarimiz mamlakatimizda yuritilayotgan ijtimoiy adolat, insonparvarlik, bag‘rikenglik siyosatiga ishonchsizlik ruhidagi asoslanmagan xabarlarni tarqatishayotgani kishini o‘yga toldiradi.
Jomboy tumani hokimligi.