Moskva va Sankt-Peterburg aeroportlarida teraktlarga qarshi tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Moskvaning Sheremetevo, Domodedovo va Vnukovo aeroportlarida teraktlar xavfining maksimal darajasi joriy etildi. Bu haqda bugun «Rostransnadzor»ning aviakompaniyalar va aeroportlarga yo‘llagan xatiga tayanib “Izvestiya” xabar bermoqda.
“2022 yil 10 noyabr soat 00:00 dan boshlab terroristik xususiyatga ega bo‘lgan transport kompleksi faoliyatiga noqonuniy aralashish harakati sodir etish bilan bevosita tahdid qilish darajasi belgilansin”, deyiladi hujjatda.
«Rostransnadzor» aeroportlar endi qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ko‘rishi, yo‘lovchilarni ko‘rikdan o‘tkazish uzoqroq davom etishi, bagaj esa sinchiklab tekshirilishi haqida xabar berdi.
“Yo‘lovchilar nazorat-o‘tkazish punktlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan navbatlarga tayyorlanishi kerak”, deb yozadi gazeta.
“Terrorchilik xurujlari tahdidi” tufayli aeroportlardan uchayotgan avialaynerlarning styuardlari samolyot bortida yo‘lovchilar xatti-harakatlariga e’tiborni kuchaytiradi. Shuningdek, ekipaj a’zolari hojatxonadagi barcha tortma va shkaf, arava va yarim aravalar, konteynerlar, xizmat ko‘rsatish bo‘limlari, qutqaruv jiletlari saqlanadigan joylarni jiddiy tekshiradi.