Mulohaza: Bu ne’matning muqobili yo‘q
Mutaxassislarning qayd etishicha, 2000 yilgacha yurtimizda kam suvli mavsum har 6-8 yilda bir marta kuzatilgan bo‘lsa, oxirgi yillarda bu jarayon har 3-4 yilda takrorlanmoqda. Bu esa suvga bo‘lgan ehtiyojning yanada ortishiga olib keladi.
Bunga ancha yillar bo‘ldi. U paytlar bizda suv muammosi yo‘q edi. Arab mamlakatlarida bo‘lib qaytgan tanishim bir voqeani hikoya qilib berdi.
- Ish yuzasidan Jidda shahriga borganimda, noqulay holatga tushib qoldim, - deb boshladi u hikoyasini. - O‘sha yerdagi hamkorlarimiz bilan tushlik uchun shahar markazidagi tamaddixonaga kirdik. Navbati bilan qo‘l yuvayotgan edik. Qo‘limni yuvib, ortimda turgan kishi ham qo‘l yuvadi-ku, degan o‘yda jo‘mrakni yopmasdan, stol tomon ketdim. Shu payt nariroqda bizni kuzatib turgan oshxona xizmatchisi yugurib kelib, menga noroziligini bildira boshladi. Mendan keyingi odam kelguncha qancha suv oqardi, dedim uning e’tiroziga bepisand. Xizmatchining battar jahli chiqdi va ichkaridan oshxona xo‘jayinini boshlab keldi. Mezbon hamkorlarimiz bizni mehmon ekanligimiz, Markaziy Osiyodan – O‘zbekistondan kelganimizni aytganidan so‘ng biroz o‘zlarini bosib olishdi. Ammo shunda ham bu bahona bo‘lmasligini aytishdi. Yurtimiz tabiati haqida xabari bor nazarimda, suvdan muammosi bor yurtda yashab, suv isrofiga bunchalar e’tiborsiz ekanligimizdan taajjublandi.
Shu bir arzimas voqea menga hayotim davomida unutilmas saboq bo‘ldi. Har qachon suv jo‘mragini ocharkanman, foydalanib bo‘lishim bilan uni yopishga shoshaman.
Ichimlik suvi muammosi jahon miqyosida ham birinchi darajali tashvishlardan bo‘lib turibdi. Bugungi kunda dunyoda jami aholining oltidan bir qismi toza ichimlik suviga muhtoj. Hozirda 500 million kishi suv taqchilligi keskinlashgan mintaqalarda, 2,4 milliard kishi esa suv tozalash qurilmalari va drenaj tizimi orzuligicha qolayotgan o‘lkalarda yashaydi. Yana yigirma yildan keyin suv yetishmaydigan o‘lkalarda yashovchilar soni olti baravarga ko‘payib, uch milliard kishiga yetishi taxmin qilinmoqda. Sifatli ichimlik suvi yetishmasligi oqibatida jahonda yiliga o‘n million kishi kasallanib, nobud bo‘lmoqda.
Keyingi paytlarda mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Karimovning bir intervyusi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p eslandi. Bu o‘sha paytda qo‘shni davlatlar bilan bo‘lgan suv muammosi bilan bog‘liq edi. Intervyuda keyingi urushlarning ayrimlari suv bilan bog‘liq bo‘lishi ta’kidlanadi. Bu gaplar aytilganiga hali ko‘p bo‘lmadi. Ammo bugun shunday kelishmovchiliklar sodir bo‘layotgani bu tashvishning naqadar o‘rinli ekanini bildiradi. Xususan, Amudaryoning Afg‘oniston hududidan oqib o‘tuvchi qismidan yirik kanal qurilayotgani ko‘pchilik yurtdoshlarimizning tashvishiga sabab bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay Afg‘onistondagi Tolibon hukumati va Eron Islom Respublikasi harbiylari o‘rtasida ayni shunga o‘xshash kelishmovchilik sabab kichik to‘qnashuvlar yuz berdi. Bu voqealar har bir kishini chuqur o‘ylashga undaydi.
Bizga berilgan bu ne’matning muqobili yo‘q. Dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida millionlab odamlar toza ichimlik suviga tashna, bir chelak suv uchun janjal-mojarolar bo‘layotgan bir paytda toza ichimlik suvini jo‘mraklardan oqizib qo‘ymoqdamiz. Nega bunday desangiz, qishda sovuqda jo‘mrak muzlab qolishini, yozda issiqni bahona qilamiz. Suvni isrof qilishning har xil ko‘rinishlari bor. Aksariyat kishilar tarvuz-qovun, ichimliklarni salqinlatish uchun ularning ustidan soatlab ichimlik suvini oqizib qo‘yishini isrofdan boshqa yana nima deyish mumkin? Toza ichimlik suvini oqizib, mashinalarini yuvadigan yurtdoshlarimizni har qadamda uchratasiz. Meva yoki salqin ichimliklarni boshqa yo‘l bilan ham sovutish, mashinani yuvish uchun chelakdan foydalanish, suvni tejab-tergab ishlatish mumkin-ku.
Katta ehtimol bilan mana shu «xizmat»larimiz sabab bugun O‘zbekiston aholisi suvni isrof qilish bo‘yicha dunyodagi kuchli o‘ntalikka kiradi.
Sulaymon MARDIYeV.