Muloqot yakunlari bo‘yicha brifing o‘tkazildi
Samarqandda o‘tkazilgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi ishlar vazirlarining Afg‘oniston ishtirokidagi birinchi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi siyosat idoralari rahbarlari hamda Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri ishtirokidagi yalpi majlislar muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidladi. Mintaqa davlatlari hamda Hindiston va Afg‘onistonning o‘tmishi, kelajagi ham mushtarakligi e’tiborga olinsa, “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotiga Afg‘onistonning qo‘shilishi va bu uchrashuv Samarqandda o‘tishi tarixiy ahamiyat kasb etdi.
Uchrashuv hamraisi, Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj mazkur tadbir muloqot ishtirokchisi bo‘lgan davlatlar hamda Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davr boshlanayotganini namoyon etganini ta’kidladi.
Hindiston, Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari tarixan bir-biriga yaqin va qardoshlik aloqalari bilan bilan bog‘langan. “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti bu tarixiy mushtaraklik bugun ham izchil davom etishi kerakligini ko‘rsatmoqda. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi keyingi yillarda barcha Markaziy Osiyo davlatlarida bo‘lib, hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishdi. Bu tashriflar Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni keng ko‘lamda davom ettirish imkoniyatlari mavjudligini tasdiqladi. Mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikda Afg‘oniston muhim o‘rin tutadi. Shu jihatdan, ushbu davlatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyotni tiklashdan Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari birdek manfaatdor. Shu maqsadda muloqot ishtirokchi davlatlari o‘rtasida Biznes kengash tuzish taklifi ilgari surildi.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha tashqi ishlar vazirlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilingani qayd etildi.
Matnazar Elmurodov, G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA.