Murojaatlar bilan ishlash masalasi sessiyada muhokama etiladi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining qirq birinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiya ishini Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.

Bu galgi sessiyada ham viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bilan bog‘liq muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, viloyat hokimining o‘rinbosari, investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i O.Xo‘jayev viloyatda investitsiyalar jalb qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda eksport hajmlarini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, chet davlatlar bilan hududlararo hamkorlik samaradorligini oshirishga doir dolzarb masalalar yuzasidan hisobot berdi.

Hisobotda keltirilishicha, 2021 yilda viloyatda umumiy qiymati 447,2 million dollarlik 54 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish belgilangan. Yilning birinchi yarmida 84,2 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Xorijiy investitsiyalarning 47 foizi Xitoy, 17 foizi Ozarbayjon, 10 foizi Turkiya davlati hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yil boshidan buyon Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Vengriya, Afg‘oniston, Pokiston va Tojikiston bilan hududlararo biznes forumlar o‘tkazilib, savdo-iqtisodiy hamda investitsiya sohalarida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga erishildi.

Hududiy investitsiya dasturiga ko‘ra, bu yil umumiy qiymati 10,6 trillion so‘m bo‘lgan 1106 ta loyiha ishga tushirilishi belgilangan. Yanvar-iyun oylarida 767 ta investitsiya loyiha ishga tushirilishi hisobiga 4889 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Hisobot davrida 172,1 million dollar eksport prognozi belgilanib, amalda 188,5 million dollarlik mahsulotlar eksportga chiqarildi. Ko‘rilgan choralar natijasida eksport faoliyatiga yangidan 91 ta korxona jalb etildi va ular tomonidan qo‘shimcha 21 million dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirildi.

Viloyat ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev viloyat hamda tumanlararo ma’muriy sudlar tomonidan 2021 yil birinchi yarmi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

Ta’kidlanishicha, yilning birinchi yarmida viloyat hamda tumanlararo ma’muriy sudlari tomonidan ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 626 ta ma’muriy ish ko‘rib tamomlangan. Ularning 170 tasi qanoatlantirilgan, 342 tasi rad qilingan, 58 tasi ish yuritishdan tugatilgan, 56 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan. Jumladan, tuman (shahar) hokimliklarining qarorlarini haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq 213 ta ish ko‘rilib, 40 tasi qanoatlantirilgan, 148 tasi rad etilgan.

Sessiya kun tartibiga ko‘ra, aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalarni hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov hamda Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i O.To‘xtayevning hisobotlari eshitildi.

Boshqarma rahbarlarining yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bilan ishlash borasidagi faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar yuzasidan tavsiyalar berildi. Murojaatlar bilan ishlashda hisobot emas, amalda odamlarning roziligiga erishish muhimligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 23 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosiga ko‘ra, bundan buyon viloyatdagi hokimliklar, boshqarma va idoralarning murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari Kengash sessiyalarida muhokama qilib borilishi belgilandi.

Sessiyada xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashining namunaviy reglamenti hamda xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlarining doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi namunaviy Nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat Kengashi doimiy komissiyalari qayta tuzilib, shaxsiy tarkibi tasdiqlandi.

Kengashda yangi – Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi tashkil etildi va mazkur doimiy komissiya raisligiga deputat M.Ixtiyorov tasdiqlandi.

Shuningdek, sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan viloyat hokimligi boshqaruv apparatining tashkiliy tuzilmasiga o‘zgartirish kiritildi. Hokimlik huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasi Bolalar masalalari bo‘yicha komissiya etib qayta tashkil etildi. Viloyat hokimligi apparatida Bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.

Deputatlar viloyat hokimining 2021 yil 23 avgustda qabul qilingan “Ziyadullayev Sa’dulla Evadullayevichni Samarqand viloyati hokimligi Injiniring kompaniyasi direktori lavozimiga tayinlash to‘g‘risida”gi qarorini tasdiqladilar.

Sessiyada Kengash vakolatiga tegishli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.