Bugun deputatlarning muhokama markazida qaysi masalalar turibdi?

Xalq deputatlari viloyat Kengashining to‘qson birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri S.Usmonov boshqardi.

Dastlab Prezident topshirig‘iga asosan, viloyatda “Obod xonadon", "Obod ko‘cha" va "Obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhining xulosalari deputatlar tomonidan ma’lumot uchun qabul qilindi.

Shundan so‘ng viloyat ma’muriy sudi raisining joriy yil 9 oy davomida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi ishlar yuzasidan axboroti tinglandi.

- Viloyat hamda tumanlararo ma’muriy sudlar tomonidan 9 oyda ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 979 ta ma’muriy ish ko‘rib, tamomlangan, - dedi viloyat ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev. - Shundan 464 tasi qanoatlantirildi, 320 tasi rad qilindi, 93 tasi ish yuritishdan tugatildi, 102 tasi ko‘rmasdan qoldirildi.

Deputatlar davlat idoralaridagi yuridik xizmatlar faoliyatining sustligi, ma’muriy sudlarning aholi huquqiy madaniyati, savodxonligini oshirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot tadbirlariga e’tiborsiz munosabatda bo‘layotgani tanqid qilindi.

Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlig‘i S.Jabborovning Prezidentimizning “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan hisoboti deputatlarning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 4 apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining viloyatdagi ijrosi yuzasidan viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i A.Ashurovning hisoboti ham bir nechta savollarni yuzaga chiqardi.

- Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rgan holda mutasaddi tashkilotlar bilan tizimli ishlar olib borilishi zarur, - dedi A.Ashurov. - Viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan Samarqand shahrining Mirzo Ulug‘bek, Spitamenshox, Namozgoh, Sadriddin Ayniy, Beruniy, Universitet xiyoboni, Motrid, Panjakent, M-378 avtomobil yo‘lining Toyloq markazigacha bo‘lgan ko‘chalari bo‘ylab alohida avtobus yo‘laklarini tashkil etish maqsadga muvofiq. Buni “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish mumkin.

Ikkinchidan, shahardagi mavjud 198 ta avtobus bekatini (99 tasi xususiy tadbirkorlarga tegishli) tartibga solish va kelgusida quriladigan yangi avtobus bekatlarida savdo nuqtalarini joylashtirmaslik sharti bilan xususiy tadbirkorlarga ajratish choralarini ko‘rish kerak.

Sessiyada 2023 yil uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha viloyat hokimi o‘rinbosarlarining samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi natijalarini tasdiqlash hamda Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlarining mavjud ma’muriy-hududiy chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Deputatlar viloyatda ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflari miqdorini belgilash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqib, ma’qulladilar.

Unga ko‘ra, viloyatimizda ichimlik suvi uchun tariflar miqdori aholi uchun (1 metr kubga) – 2500 so‘m, byudjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun (1 metr kubga) – 5700 (QQSsiz) so‘m. Oqova suv aholi uchun (1 metr kubga) – 1600 so‘m, byudjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun (1 metr kubga) – 4300 (QQSsiz) so‘m etib belgilanmoqda.

Shuningdek, sessiya davomida viloyat hokimligining yangilangan tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish, jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yilishiga ruxsat berish, Samarqand shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi balansidagi foydalanilmasdan turgan “Asfalt-beton ishlab chiqarish sexi” bino va inshootlarini auksion savdolariga chiqarish to‘g‘risidagi va boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, Kengash qarorlari qabul qilindi.