Byudjet mablag‘laridan to‘g‘ri foydalanish islohotlarda muvozanatni saqlaydi
Xalq deputatlari viloyat Kengashining to‘qson beshinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri, deputat S.Usmonov boshqardi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining «2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida»gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi bo‘yicha viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i F.Boltayev hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari D.Asadovlarning hisoboti eshitildi.
– Bugungi kunda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufida 1272 ta umumta’lim maktablari va 745 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritib kelmoqda, - dedi F.Boltayev. - 2023 yilda tizimdagi umumta’lim maktablarining bir yillik ish haqi fondi va ish haqi ajratmasi uchun respublika byudjetidan 3 trln. 216 mlrd. 692 mln. so‘m mablag‘ ajratilgan. Mahalliy byudjetdan esa joriy xarajatlar, jumladan, ish haqi va uning ajratmasi, kommunal to‘lovlar, asosiy vositalarni xarid qilish, qurilish-ta’mirlash kabi xarajatlar uchun jami 331 mlrd. 779,4 million so‘m mablag‘ ajratilgan. 2023 yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari ish haqi fondi uchun 396 mlrd. 588 mln. so‘m hamda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 119 mlrd. 154,7 million so‘m mablag‘ berilgan. Ushbu ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi tegishli vakolatli organlar tomonidan o‘rganilgan. Aniqlangan xato va kamchiliklar yuzasidan huquqiy baho berilishi bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Bu borada D.Asadov viloyat sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarga 2023 yilda mahalliy byudjetdan joriy xarajatlar uchun 814,5 mlrd. so‘m, ob’yektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun 97,6 mlrd. so‘m ajratilganini ma’lum qildi.
- Joriy xarajatlar uchun ajratilgan 814,5 mlrd so‘m uchta asosiy yo‘nalishga sarflandi, - dedi D.Asadov. – Bular ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, ish haqiga ajratmalar hamda moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun. Keyingi yillarda tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, «Inson qadri uchun» degan ezgu g‘oya asosida xalqimizga tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligi va sifatini oshirish, tizimli muammolarni bartaraf etish maqsadida sohaga ajratilayotgan mablag‘larning asosiy qismi moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun sarflanmoqda. Jumladan, o‘tgan yilda bemorlarni oziq-ovqat bilan ta’minlash xarajatlariga 31,9 mlrd. so‘m, dori-darmon va bog‘lov materiallari bilan ta’minlash xarajatlariga 57,3 mlrd. so‘m, kiyim-kechak va yumshoq jihozlar sotib olish uchun 4,2 mlrd. so‘m ajratildi. Berilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi tegishli vakolatli organlar tomonidan o‘rganib borildi.
Deputatlar ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi respublika va mahalliy byudjetdan viloyatda sarflanadigan mablag‘ning asosiy qismini tashkil etishi, shu bois bu masala har chorakda bir marta muhokama qilinishi zarurligini ta’kidladi.
Shundan keyin viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i X.Umarovning 2023 yil to‘rtinchi chorak yakunlari bo‘yicha viloyatda jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar, jamoat xavfsizligini ta’minlovchi va unda ishtirok etuvchi sub’yektlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisoboti tinglandi.
Ta’kidlanishicha, viloyatda «Xavfsiz hudud», «Xavfsiz oila», «Nazorat», «Jinoyatchilikka qarshi kurashish», «Jamoat xavfsizligi oyligi» kabi tezkor-profilaktik tadbirlari tashkil etilgan va keng qamrovli profilaktik ishlar amalga oshirilgan. Kriminogen vaziyati og‘ir 65 ta mahallaga viloyat darajasidagi, «qizil» toifadagi 273 ta mahallaga tuman-shahar sektor rahbarlari va huquq-tartibot idoralari rahbarlari biriktirilgan. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 2 232 nafar ayollarga «Himoya order»lari berilib, uni sodir etgan shaxslar ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatilgan.
Mavjud 1126 ta mahallaning 38,8 foizi, ya’ni 437 tasida jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan, 154 ta mahalla «Qizil» toifadan «Sariq» toifaga o‘tishiga erishilgan.
Sessiyada deputatlar viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Boyxo‘rozovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 4 apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi yuzasidan hisobotini ham tingladi.
Hisobot yakuni bo‘yicha deputatlar boshqarma boshlig‘i hamda yo‘l harakati xavfsizligi tizimi xodimlari oldiga fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish, yo‘l infratuzilmasining xavfsizlik talablariga to‘liq javob berishini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalari sabablarini chuqur o‘rganish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, inson omili va korrupsiya holatlarini istisno etuvchi avtomatlashtirilgan nazorat tizimlarini ommalashtirishga doir tadbirlarni belgilash bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Shuningdek, sessiyada “Samarqand viloyatida 2024 yilda yuridik va jismoniy shaxslar bo‘yicha qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun shahar va tumanlar kesimida ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab yer solig‘i stavkalarini hamda viloyatda 2024 yilda yuridik shaxslar mol-mulk solig‘ini hisoblashda ko‘chmas mulkning mutlaq qiymatiga qo‘llaniladigan kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi.
Sessiyada Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlarining ma’muriy-hududiy chegaralarini o‘zgartirish, viloyatda 2023-2024 yillarda sement-beton yo‘llarni qurish ishlarining manzilli ro‘yxatini tasdiqlash, 2023 yil to‘rtinchi chorak yakunlari bo‘yicha viloyat hokimi o‘rinbosarlarining samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi natijalari hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining 2024 yil I yarim yillikka mo‘ljallangan ish rejasini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.