Mutolaa: Bahodir Yalangto‘sh
Bir pardali, yetti ko‘rinishli drama
Farmon Toshev
Ishtirok etuvchilar:
Bahodir Yalangto‘sh - Samarqand amiri, 70 yoshlarda
Xadichabegim – Yalangto‘shning xotini, 60 yoshlarda
Boybek – Yalangto‘shning o‘g‘li, 40 yoshlarda
Iqlimabonu – Yalangto‘shning qizi, 30 yoshda
Oybibi – Yalangto‘shning qizi, 28 yoshda
Abdujabbor – me’mor, 50 yoshlarda
Muhammad Abbos – naqqosh, usta 30 yoshlarda
Mahmud Poyon – sarkarda
Qovun sotuvchi - 30 yoshlarda
Xazinabon – 30 yoshlarda
Qo‘shin begi – 40 yoshlarda
Hasan masxaraboz – 35 yoshlarda
Voqea XVI asrning ikkinchi yarmida Camarqandda bo‘lib o‘tadi
BIRINChI KO‘RINISh
Registon maydoni oldi. Bir tomonda Mirzo Ulug‘bek madrasasi. Uning yonida ixcham bozor ishlab turibdi. Soqchilar bilan yurgan ota-bola – hokim Bahodir Yalangto‘sh va o‘g‘li Boybek chekkada suhbatlashib turibdi. Atrofida soqchi va mulozimlar.
Yalangto‘sh: (kulimsiraydi) - O‘g‘lim, siz bilan saltanatimiz markazini aylandik. Sizni tongdan menga hamroh bo‘lishga undaganimning boisini quvvai hofizangiz bilan anglab yetdingizmu? Mana, necha mahallani aylandik, va nihoyat Registon maydonida sayrimiz nihoya topdi. So‘ylang qani, nimalarni chamalayotirman, qulog‘im sizda.
Boybek: (qo‘li ko‘ksida) - Albatta, padari buzrukvor, mana bu maydondagi nurab boshlagan madrasayu qator, tig‘iz qurilgan savdo kapponlariga boqib, xayolga botganingizdan nimalarnidir rejalashtirayotganingizni anglagandek bo‘lyapman. Sizni ilgari ham bu holatda ko‘p ko‘rganman. Otamni qandaydir o‘ylar bezovta qilyapti deb o‘ylaganman. Siz har bir tadbirni puxta o‘ylab qilasiz. Fikri ojizimcha, yangi, xayrli ishga reja tuzyapsiz.
Yalangto‘sh: - To‘g‘ri angladingdiz, o‘g‘lim. Umrni oqar suvga mengzaydilar. Bugun yetmish yoshni qoralab, o‘tgan umrimga nazar tashlayapman. Alloh mendan marhamatini darig‘ tutmadi. Peshonamga yozilg‘on ekan, qo‘limdan qilich tushmadi, jangu jadal ichra ulg‘aydim. Taqdir hukmi ila Samarqandga uchinchi bor amir etib tayinlaganimda ham ulug‘ bir hikmat ko‘raman.
Boybek: - Men sizga munosib farzand bo‘lishga doimo intilganman. Siz o‘qigan madrasada o‘qiganda, sarkarda shogirdlaringizdan ta’lim olganda sizga munosib bo‘lishga intilganman, ota.
Yalangto‘sh: - Bilaman, o‘g‘lim. Shariatu tariqatdan bilimingiz mukammal, ilmingizga amal bilan sayqal berishingizni ham bilaman. Ammo hozir mavzu bu haqda emas. Gap shundaki, bu zamin, bu shahar bizga Sohibqiron Amir Temurdan meros. Ul zot va ul zotning nevarasi Mirzo Ulug‘bek Samarqandni yer yuzining sayqaliga aylantirgan. Yetti iqlimning poytaxti bo‘lgan bu tabarruk shahar. Amir bobomizning “Kimki bizning qudratimizga shubha qilsa, biz qurdirgan imoratlarga boqsin!” degan gapi doimo qulog‘im ostida jaranglaydi. Bu shaharning Alloh nazariga tushganligi rost. Chin-Mochindan yo‘lga chiqqan karvonlar ham shu shaharga intilishi, bu shaharning Ipak yo‘lining oltin kamari deb shuhrat topishi ham bejiz emas. Lekin bizning tinchgina yashashimiz ham kimlargadir ma’qul tushmadi, shu bois doimo ogoh yashadik. Saltanat yuragi bo‘lgan shu maydonga kelsam, ruhim orom oladi. Mana bu minoralarga qarab tafakkur qilar ekanman, Samarqandga bostirib kelgan qozoq xoni Abulini quvib, Dashti qipchoqqa dovur haydab yuborganimiz, Toshkent va Turkistonni qozoq biylaridan qaytarib olganimiz uchun Balx amiri unvoniga sazovor bo‘lganim, qozoq xoni Yesimxonni Toshkentdan quvib yuborganim, Tursun sulton qo‘shinini xonlik hududidan haydab chiqarganimiz yodimga tushadi. Ammo afsuski, qo‘shnilar bundan xulosa qilmadi, ular yurtimizga ko‘z olaytirishdan charchamadi, mening qo‘limdan qilich tushmadi. Abuli sulton qo‘shinini yengib, uni Qashg‘arga qadar kuzatib qo‘ysak-da, ularga es kirmadi. Sabr-bardoshning ham cheki bo‘ladi. Tig‘ etdan suyakka o‘tgach, Sayramga, qozoq xonlariga qarshi qo‘shin tortib va ularni Dashti Qipchoqqa qadar uloqtirib yuborgach, mamlakat birmuncha orom oldi. Lekin bu jangu jadallar umrimizni yelga uchirdi.
Boybek: - Yaqinda ulamolar Amir Temur davrida Ispaniyadan elchi bo‘lib kelgan Klavixo Gonsales degan kishining Samarqand haqidagi kitobini tarjima qilishipti. Bu qadim kentning obodchiligi, tartib- intizomi, koshonayu to‘kinchiligi xususida ko‘p gaplarni yozibdi.
Yalangto‘sh: - Yashang, o‘g‘lim. Tarixni bilmoq, millat ulug‘lari ishidan g‘ururlanmoq fazilatdur. Yana bir haqiqat shundakim, tinch, osoyishta, xalqi o‘ziga to‘q va mehnatsevar yurtdagina bunyodkorlik bo‘ladi. Saltanat va raiyatda adolat asosida ish yuritilishi yurtning gullab yashnashi kafolatidir. Agar bu muvozanat buzilsa, mamlakat tanazzulga yuz tutadi. O‘g‘lim, turkiylar va jung‘orlar o‘rtasidagi mustahkam devorimiz – Yorkent xonligi yemirila boshlagach, jung‘orlar qozoq do‘stlarimiz boshig‘a qancha tashvishlar keltirganligi, biz ham aralashishga majbur bo‘lganimizni yaxshi bilasiz. Siz yoshsiz, bulardan xulosa chiqarishingiz lozim.
Boybek: - Men havas va g‘urur qilamanki, Siz xonlikdan o‘zingizga berilgan barcha maskanlarda tartib va tinchlikni saqlab turibsiz. Afg‘on va Erondan ham faqat yaxshi xabarlar kelib turibdi. Demak, fikri ojizimcha, bobomiz Amir Temur hazratlari an’analarini davom ettirishga bel bog‘lagan ko‘rinasiz, yangi bir inshoot qurish niyatingiz borga o‘xshaydi, ota?
Yalangto‘sh: - Zukkoligingizga balli, o‘g‘lim. Ko‘nglimda bir ezgu niyat paydo bo‘lib, yillar davomida tinchlik bermay keladi. Aniqrog‘i, ilgaridan o‘ylab yurgan bir rejamni amalga oshirish mavridi keldi, deb hisoblayman.
Boybek: - Xo‘sh, padari buzrukvor, bilsak bo‘ladimi, bu qandayin reja ekan?
Yalangto‘sh: - Mirzo Ulug‘bek o‘z davrida Registonda, mana shu maydonda madrasa qurgan. Har yili minglab tolibi ilmlar bu dargoh nuridan bahramand bo‘ldilar.
Boybek: - Bu madrasai oliyaning dovrug‘i jahonga ketgan. Aytishlaricha, mavlono Alisher Navoiy ham unda saboq bergan ekan.
Yalangto‘sh: - To‘g‘ri aytasiz o‘g‘lim. Ammo ko‘rib turibsizki, madrasaning hozirgi ahvoli yaxshi emas. Biz eng avvalo madrasani ta’mirlab, uning faoliyatini jonlantirishimiz lozim. Bu yerda tahsil olganlarning aksariyati alloma sifatida dunyodagi eng nufuzli madrasalarda saboq berishyapti.
Boybek: - Haq gap. Eng avvalo, mudarris va talabalarga sharoit yaratib, rag‘bat bermoq kerak.
Yalangto‘sh: - Endi ulug‘ ishlarni davom ettirmoq biz uchun ham qarz, ham farz, o‘g‘lim. Shu sababli Mirzo Ulug‘bek madrasasi ro‘barasida yana bir madrasa barpo esak. Uning tarxini mohir me’morlar bilan maslahat qilganman. Uni to‘rt burchakli shaklda qursak, hovlisi ikki qavatdan iborat bo‘lib, 52 hujrani o‘z ichiga oladi. Bu yerda madrasa talabalarining ilm bilan shug‘ullanishlari uchun ajratilgan maxsus darsxonalarda shariat, fiqh, tasavvuf ilmiga oid darslar o‘qitiladi.
Boybek: - Ma’qul, padari buzrukvor. Siz sarkarda, amirgina emas, bunyodkor hamsiz. Shahrimiz markazi bozor va karvonsaroy orasida ko‘rimsizgina bo‘lib turibdi. Haqiqatan ham Registon maydonini kengaytirishni yaxshi o‘ylabsiz. Yangi madrasa nafaqat ilm-fan rivojiga xizmat qiladi, balki nomingizni abadiyatga muhrlashi shubhasiz.
Yalangto‘sh: - Men bu ishga tayyorgarlik ko‘rganman. Me’morlarni eng yaxshi madrasalar qurilishini o‘rganish uchun boshqa shaharlarga yuborib oldim. Mamlakat boyligiga daxl qilmagan holda Balxdagi o‘lkalardan tushgan o‘lponu soliqlarni xazinada alohida madrasa qurilishi uchun asrab qo‘yganman. Erondan besh-o‘n chog‘lik ustalarni ham keltirib qo‘yganman.
Boybek: - Niyatingiz muborak bo‘lsin, amirim.
Yalangto‘sh: - Bul niyatga bel bog‘laganimga ancha bo‘ldi. Biroq Balxu Erondagi muzofotlarimizda osoyishtalik o‘rnatish, zaminimizga xuruj qilgan qozoq boylariga qarshi kurash bilan bo‘lib vaqtni o‘tkazib qo‘ydik. Bundan tashqari, ulug‘ pirimiz Mahdumi A’zam hazratlari maqbarasiga eltuvchi yo‘lda, daryo ustiga yangi ko‘prik qurishni ham boshlaymiz.
Boybek: - Qulluq, padari buzrukvor. Bu ezgu ishlarda kamina ham istagingizga qarab xizmatda bo‘lgayman.
Yalangto‘sh: - Ofarin, o‘g‘lim! Bir so‘z bilan ko‘nglimga ishonch, vujudimga g‘ayrat berdingiz. Endi Kulolondagi masjidga borsak. Uning oldidagi ayvonga mashvarat aytganman. Mulozimlar va me’morlar yig‘iladur. Maslahatdan so‘ng, ulug‘lardan duo olgaymiz. Qani, o‘g‘lim, ketdik.
IKKINChI KO‘RINISh
Samarqand bozori. (Shovqin-suron, sotuvchilarning xaridor chaqirib baqirishlari ovozi.) Amir ra’iyat mutasaddisi (fuqarolar arzi bilan ishlovchi shaxs), g‘aznachi va bir navkar bilan bozorga kirib keladi. Amir bozorga kirishda boshiga kuloh kiyib oladi.
Xazinabon: - Amirim, bir qoshiq qonimdan o‘ting, arzimas mulohazam bor erdi.
Yalangto‘sh: - Xo‘sh, ne mulohaza ekan u?
Xazinabon: - Haligi... taqsir, shu qulohni kiymaganingiz ma’qulmi. Bu yer bozor bo‘lsa, har xil odam bor. Ko‘pchilik kulohni qalandarlar kiyimi deb tushunadi. Bozorga turli joydan odamlar keladi. Sizni ko‘pchilik tanimasligi mumkin. Yana “tanimasni siylamas” deganlariday, birorta avom sizning ko‘nglingizni og‘ritib qo‘ymasin deymiz-da! Siz amir bo‘lsangiz. Tag‘in sizga otaliq martabasi berilgan.
Ra’iyat mutasaddisi: - Amirim, men ham xazinabon fikriga qo‘shilaman. El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Sizning salobatingiz saltanat mustahkamligi alomatidir.
Yalangto‘sh: (kuladi) - Yashanglar-yey, men jo‘yali biror gaplaringiz bormikin, deb o‘ylabman. Axir kamina bozorda ham amirlik salohiyatini ko‘rsatmoqchi ersam, unda otalik, el otasi degan martabam ne bo‘lg‘ay? Axir fuqaro bizning qilgan amallarimizga, olimu fuzalolarga, ilm ahliga qayishganimizga kiygan to‘nimiz yoki boshimizdagi sallamizga qarab baho beradimi?
(Xazinabon, ra’iyat mutasaddisi amir qarshisida qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib turadilar. Amir kulohni kiyib oladi)
Yalangto‘sh: - Kuloh, kim kiyishidan qat’i nazar, u egasini xalqqa yaqinlashtiradi. Uni kiyganim bilan amalimdan tushib qolmayman-ku, to‘g‘rimi? Yoki qalandarga amirlik libosini kiygizsak, u amir bo‘lib qoladimi?
(Mulozimlar ta’zim qilib “ma’qul”ishorasini beradilar)
Yalangto‘sh: - Bu holda odamlar meni o‘ziga teng bilib, erkinroq, ochilibroq gaplashishadi. Bozorga qovun tushipti, deb eshitgandim. Dehqon bilan suhbatlashish, o‘lpon haddini chamalash, qolaversa, yangi ne’matdan tatib ko‘rishni niyat qilib erdim.
(Ular birgalashib bozor chetida qovun sotayotgan yigitga yaqin keladilar.)
Yalangto‘sh: - Assalomu alaykum. Hormang, uka. Savdoga baraka!
Qovun sotuvchi: - Assalomu alaykum, mulla aka! Tashakkur, umringizga baraka!
Yalangto‘sh: - Bozorga qovunning birinchi hosili tushipti, deb eshitib keluvdik. Ta’mi zo‘rmi, ishqilib?
Qovun sotuvchi: - E, aka mullo, nimalar so‘rayapsiz. Men har yili shu vaqtlar Samarqandga qovun keltiraman. Ilgari mendan qovun olmagan ko‘rinasiz. Miyonkolning qovuni dovrug‘ini eshitmaganmisiz? Shomu Misrdan chaqqon savdogarlar shu qovundan tatib ko‘rgach, taom totmay Chinga yetib borganlar. Oqdaryo bilan Qoradaryo suvini ichgan qovun ming dardga davo deydilar. Burnog‘i yili Hindistonga - Boburmirzo avlodlariga olib borish uchun mendan to‘rt arava qovun olishgandi. Ko‘rdingizmi, bizning qovunlar ham Andijon qovunidan kam emas.
Yalangto‘sh: - Oho, men sizni dehqon desam, tilingiz bozorda chiqqan ekan-ku? Qani, so‘zlaringiz chin bo‘lsa, bir tilim kesib bering-chi, bahosini keyin aytamiz. (Amir bir tilim qovunni tatib ko‘radi). Gapingiz rost, uka, maqtaganingizcha bor, ta’mi rosa yetilgan ekan. (Qo‘li bilan ko‘rsatadi) Mana shu qovunni bering. Narxi qancha bo‘ladi?
Qovun sotuvchi: - Yer bilan osmon bo‘larmidi narxi, amaki. Pulingiz o‘zingiz bilan ketadi. Bir tanga bersangiz yetadi.
Yalangto‘sh: (kuladi) - Bir tanga? Qimmat aytib yubormayapsizmi, uka? Buncha pulni qanday uddalaysiz?
Qovun sotuvchi: - Qimmat demang, mulla aka, birinchi hosilning narxi shu-da. Uni puli borlar havasga olishadi. O‘n kundan keyin keling, shunday qovunni tekinga ham berib yuboraman. Boya bir faqir kishi “xotinim qovunga boshqorong‘i bo‘lgan, o‘n kundan beri axtaraman, lekin pulim yo‘q” degandi, Alloh rizoligi uchun kichiqroq qovundan bittasini berib yubordim. Siz faqirga o‘xshamayapsiz-ku, mulla aka.
Yalangto‘sh: - Dehqon bo‘lsangiz ham aqlli, samimiy dehqon ekansiz. Bo‘pti, beraqoling, olaman. (Amir cho‘ntagini kovlaydi, hamyoni uyda qolganini sezadi). Obbo, uka, siz qovun sotganda, biz qovun tushiribmiz-ku. Hamyon uyda qopti. (Amir xazinabonga yuzlanadi) Xazinada mening pulim bormu?
Xazinabon: - Xazinaning bari sizniki-ku, amirim!
Yalangto‘sh: - Men sizdan elning xazinasini emas, xazinadagi maoshimni so‘rayapman.
Xazinabon: - Amirim, o‘tgan juma kuni maoshingizning qolgan qismini Konigildagi ustaga charxpalak yasash uchun bergan edingiz. Uch kundan keyin yangi maoshingiz ajratiladi.
Yalangto‘sh: - Mayli, agar usta Konigilga charxpalaklar o‘rnatib Cho‘ponota adirlariga suv chiqarsa, bu mablag‘dan ko‘p naf keltiradi. Uka, shu qovunni mana bu kulohimga alishasizmi?
Qovun sotuvchi: - Yo‘g‘-yey, akamullo, nima deyapsiz. Bu kulohni bir tangaga olishmaydi.
Xazinabon: (gapga aralashadi) - Hoy, ukajon, bundoq o‘ylab gapiring. Qarshingizda kim turganini bilasizmi? Bu oddiy kuloh emas, Samarqand amiri Bahodir Yalangto‘shning kulohi axir! Yo amiringizni tanimadingizmi?
Qovun sotuvchi: - Voy, bu kishi o‘sha mashhur amirimizmi? Taqsir, sizning elga qilayotgan savobli ishlaringizni ko‘p eshitganmiz. Tanimaganim uchun uzr so‘rayman.
Yalangto‘sh: - Men o‘zimni tanitgani emas, qovun olish havasida kelgan edim. Uzrga hojat yo‘q, uka.
Qovun sotuvchi: - Aslida sizdan hech narsa olmasligim kerak. Umrim dalada va bozorda o‘tib, hukumatdagilarni tanimaymiz. Sizni tanimaganim pand berdi. Ammo kulohingizni olaman, jon deb olaman, oilam, bola-chaqam amirdan kuloh olganimizdan g‘ururlanib yuramiz! (Amir kulohini yechib berib, harbiy telpagini kiyib oladi).
Shu payt davrada begona ovoz va masxaraboz kiyimida o‘rtaga intilayotgan kishi paydo bo‘ladi. Tansoqchi yo‘lini to‘ssa-da, baland ovozda murojaat qiladi:
Masxaraboz: - Assalomu alaykum, amirim! Men Hasan masxarabozman, tanidingizmi?
Amir tansoqchiga qo‘yib yubor, ishorasini qilib, u kishi bilan qo‘l berib ko‘rishadi.
Masxaraboz: - Amirim!
Yalangto‘sh: - E, masxaraboz uka, qalaysan? Haliyam o‘truk aytib odamlarni aldab yuribsanmi? Isming Hasan edi shekilli a? Hech rost gaping ham bormi?
Masxaraboz: - Topdingiz, amirim. Axir meni Buxorodan o‘zingiz olib kelgan edingiz.
Yalangto‘sh: - Esimda, Hasanboy, esimda. Seni Samarqandda tomosha ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi deb olib kelgandim. Chunki 5-6 oy ichida bu yerda shunaqa odam topa olmadim. Qolaversa, Buxorodagi tala-to‘pda masxarabozga o‘rin yo‘q edi.
Masxaraboz: - Rahmat, amirim. Qilgan yaxshiliklaringiz uchun bir umr minnatdorman. To‘g‘risi, aytganingizni bajaraman deb rosa urindim. Ammo Samarqandda hazil-mutoyibani uncha xushlamas ekanlar. Ayniqsa, boy-badavlatlarga yoqmadim. Hazilni sal oshiribmanmi, bilmadim, ikki marta zindonga tashlashdi. Kulolmaydigan qilib qo‘yishdi sarbozlar. Sizga xabar berishga imkon berishmadi.
Yalangto‘sh: - Obbo, Hasanboy, hali zindonda ham o‘tirib chiqdim, de. Ha, endi poshsho chiqqan elda odamlar sal jiddiy bo‘lishadi-da. Unda qanday kun kechirayapsan?
Masxaraboz: - Bozordaman, amirim. Hammollik qilaman. Boshqa yurtdan kelganlarga latifa aytaman. Ba’zan Farg‘ona tomondan kelgan dorboz va polvonlarga qo‘shilib tomosha ko‘rsataman. Shukr, kunim o‘tyapti.
Yalangto‘sh: - Yaxshilik qilaman deb, seni tashvishga qo‘yibmizda, birodar?
Masxaraboz: - Yo‘g‘-yey amirim. Unaqa demang. Siz mening jonimni saqlab qoldingiz. Xon odamlari boshimga pul tikishgandi. Bu yerda uylandim, farzandlik bo‘ldim. Sizga duodaman, amirim. Siz bitta menga emas, ko‘p odamga yaxshilik qilyapsiz. Samarqandning hamma muzofotida odamlar Sizning haqqingizga duo qilishyapti.
Yalangto‘sh: - Yugurib kelganingga sendan birorta ko‘ngilochar latifa eshitaman deb umid qlgandim. Sen esa saroydagi ayrim laganbardor mulozimlarga o‘xshab meni ta’riflashga tushib ketding. Hamma o‘zi ishini qilmog‘i lozim, Hasanboy.
Masxaraboz: - Uzr, amirim. Noliganni Xudo ham, bandasi ham yaxshi ko‘rmaydi. Siz esa baribir zo‘r odamsiz. Amirim, istaysizmi bir voqeani aytib beraman. Darvoqe, bu yurtda masxaraboz bo‘lmasa-da, ilmli, avliyosifat kishilar ko‘p ekan.
Amirni va mulozimlarini bozorchilar o‘rab oladi.
Yalangto‘sh: - Xo‘sh-xo‘sh, qanaqa voqea ekan?
Masxaraboz: - Xullas deng, bir noshud kimsani shayton yo‘ldan uripti. U bir savol bilan o‘ziga ta’lim bergan ustozini mot qilmoqchi bo‘pti. Kaftiga kapalakni olib o‘ylabdi. Hozir ustozimdan kaftimdagi kapalak tirikmi yoki o‘likmi deb so‘rayman. Agar “tirik” desa, kaftimni bir qisaman, kapalak o‘lik bo‘ladi. Agar “o‘lik” desa kaftimni ochib yuboraman, deb o‘ylabdi. Ustozidan “Qani aytingchi, kaftimdagi kapalak o‘likmi, tirikmi?” deb so‘rapti. Hamma javobga mahtal bo‘lib turganda ustoz miyig‘ida kulib “bu kapalakning o‘lik-tirikligi senda, qo‘lingdadir” degan ekan.
Xazinabon: - Qarang-a, oqilona javob!
Qovun sotuvchi: - Shogirdini boplapti!
Yalangto‘sh: - Biz ham ibrat oladigan voqea ekan. Rahmat, masxaraboz, lekin kasbingni tashlama. Qiziqchilar jamiyatni uyg‘otib turishadi, baxshilar xalqning ko‘nglidagini so‘ylaydi. Ularni boylar xushlamasligi aniq. Men bundan keyin senga tegmasliklarini tayinlayman. Baxshisi bilan qiziqchisini xo‘rlagan saltanat yaxshilik bilan nom chiqarmaydi.
Masxaraboz: (qulluq qilib egiladi) - Ming bora qulluq, amirim. Siz dunyoda eng bag‘ri keng odamsiz. Siz elning odamisiz. El otasi degan martabani bekorga berishmagan. Kamina hamisha amringizga muntazirman.
UChINChI KO‘RINISh
Amir Yalangto‘sh soqchi va mulozimlari bilan bozordan chiqib ketgach, atrofdagilar masxarabozni o‘rab olishadi va uni savolga tutishadi.
1-sotuvchi: - Bu deyman, Hasan masxaraboz, amir janoblari bilan juda qalin ekansizu-a?
Masxaraboz: (o‘zicha gerdayib) – Siz meni kim deb o‘ylayapsiz, mulla aka? Ko‘rdingizmi amir janoblarining menga munosabatini? U kishi miskinga ham, faqirga ham e’tiborli odam.
2-sotuvchi: - Ha, endi ko‘pni oldida bir so‘rashib qo‘ydi-da, birodar, namuncha gerdayasiz?
Masxaraboz: - Birinchidan, birodar, men g‘o‘ddayganim emas, faxrlandim. Ikkinchidan, bu inson juda katta salohiyatga ega, ko‘zbo‘yamachilikni xush ko‘rmaydi.
3-sotuvchi: - O‘h-ho‘, buncha ta’rif qildingiz, qarindoshmisiz yoki qo‘lida ishlaganmisiz, og‘ayni? To‘g‘ri, biz ham amirimiz haqida nuqul yaxshi gaplar eshityapmiz...
Masxaraboz: - Bu olijanob inson bilan kim qarindosh bo‘lishni, kim qo‘lida ishlashni istamaydi, deysiz! Men, faqir bu odamning marhamatidan bahramand bo‘lganman, xolos.
1-sotuvchi: - Shunday obro‘li odam oddiy masxarabozga marhamat ko‘rsatibdida-a?
Masxaraboz: - Kesatmang, og‘ayni. Aftidan sizlar o‘z amiringiz buyuk inson ekanini bilmaysizlar shekilli?
2-sotuvchi: - Buyukligini bilmaymizu, ammo yaxshi amir ekanini ko‘rib turibmiz.
Masxaraboz: - Unday bo‘lsa, bilib qo‘yingizlar. Yalangto‘shning otasi Boyxo‘ja ham ashtarxoniylar saltanatida salohiyatli amir bo‘lgan. U kishi Zarafshon vohamizda katta obro‘ga ega bo‘lgan olchin urug‘idan, Boyxo‘ja ham, o‘g‘li Yalanto‘sh ham asli Nuratalik. Mahdumi A’zam hazratlarining shogirdi Xo‘ja Hoshim Dahbediyni pir deb qabul qilganlar.
3-sotuvchi: - Bu deyman, masxaraboz janoblari, buncha bilimu zakovat bilan madrasada mudarris bo‘lmabsiz-da.
Masxaraboz: - Ha, aytganday, otasi ham o‘g‘li ham shu nufuzli madrasalarda ta’lim olishgan. Qur’oni Karimni yoddan aytishgan, arab, fors tillarini yaxshi bilgan. Ochig‘i, men hammadrasada o‘qidim. Oxirgi yili bir mudarrisni ko‘pchilik oldida masxara qilib, ustidan kulganim uchun madrasadan haydashgan.
2-sotuvchi: - Amirimizning xizmatlaridan gapir, uka Seni kimligingni ko‘rib turibmiz.
Masxaraboz: - Xullas, Boyxo‘ja farzandini ilmli, jasur qilib tarbiyalaydi. Yalangto‘shda Amir Temurga o‘xshagan jasorat bo‘lgan. Chunki amaldorlar bolalari o‘qiydigan harbiy maktabda tahsil olgan. U yetti yoshida Bulung‘ur, Oqdaryo, Jomboy, Kattaqo‘rg‘on hududlaridagi Olchin urug‘ining begi etib tayinlangan. Keyin Bog‘dodda yana to‘rt yil ta’lim olib kelgan.
1-sotuvchi: - Bola boshdan deganlari shuda-a, birodarlar. Amirimiz bejiz og‘izga tushmagan ekan...
Masxaraboz: - E, birodar, bu hali hammasi emas.
1-sotuvchi: - Xo‘sh, xo‘sh...
Masxaraboz: - Buxoro tarafda Begmuhammadxon degan ham o‘tganini eshitmaganmisizlar?
3-sotuvchi: - Eshitganmiz.
Masxaraboz: - Amirimiz ana shu xon harbiy kengashi a’zosi, o‘ng qo‘li bo‘lgan. Amirimiz shayboniylarga ham, ashtarxoniylarga ham sadoqat bilan xizmat qilgan. Hozirda Buxoro xonining harbiy qo‘mondoni.
1-sotuvchi: - Shunday insonning amir bo‘lishi Samarqandning baxti, birodar. Hozir oddiy qovunchi va siz bilan suhbatini ko‘rib ishondik.
Masxaraboz: - O‘zbek davlatini o‘ttiz yil boshqargan Imom Qulixon ham amirimizni qadrlagan. 1612 yilda uni Samarqandga hokim etib tayinlagan. Yigirma yildan so‘ng uni Balxga yuborgan. Orada yana o‘n yil Samarqandga kelib rahbarlik qilgan. Mana uch yildirki, shu muzofot amiri.
2-sotuvchi: - Menga qarang, birodar, amirimizni qozoq boylari bilan qarindosh degan gaplar ham bor. Shu to‘g‘rimi?
Masxaraboz: - Yo‘q, bu gapga asos yo‘q. Amirimiz Nurota muzofotida tug‘ilib o‘sganlar. Amirimizning asl oti Xatit bo‘lgan. Oliy madrasada tahsil olgani, zakovati uchun uning ismini Nizomiddin, Abdulkarim ham deb ataganlar.
1-sotuvchi: - Qozoqlarda ham Yalangto‘sh Bahodir bor ekanda...
Masxaraboz: - Bor bo‘lishi mumkin. Barchamiz turkiy qavmmiz. Urug‘larimiz o‘rtasida qo‘shilish, bo‘linish bo‘lgan. Ammo amirimiz shu muzofot odami, olchin urug‘ining faxri.
Men ham eshitganman. Qozoqlardagi Jalanto‘sning otasi butunlay boshqa odam. Uning uch nafar o‘g‘li bor. Amirimizda yolg‘iz o‘g‘li bor edi. Ming afsuski, u ham bir hafta burun olamdan o‘tdi.
1-sotuvchi: - Rahmat, uka. Biz seni oddiy masxaraboz deb yursak, ko‘p narsani bilarkansan. Amirimiz haqida ko‘p narsa bilib oldik. Otangga rahmat!
Masxaraboz: - Amirimizga otalik unvoni ham berilgan. U ko‘proq martabaga o‘xshaydi. Aytganday, amirimiz Ulug‘bek madrasasi qarshisida yangi madrasa qurmoqchi. Hozir mahallaga shuning maslahatiga ketdi. To‘g‘risi, madrasa qurilishida men ham qatnashaman. Nasib esa, bitsa, shu yerda ishlash niyatim bor.
Hoy, oqsoqol, yoshingiz ulug‘ ekan, keling, saxovatli amirimiz sha’niga bir duo qiling.
Otaxon: - Qani omin, ilmli, adolatli amirimiz doimo Xudoning panohida bo‘lsin!
(Hamma fotiha tortadi va tarqaladi)
TO‘RTINChI KO‘RINISh
Registondagi choyxonada mashvarat bo‘lyapti. Mulozimlar shu yerda.
Yalangto‘sh: - Men Sizlarni bu yerga bejiz chaqirmadim. Boisini anglagan bo‘lsangiz kerak. Juda muhim masalada gaplashmoqchiman. Bundan necha yil avval hokimligimda obodonchilik maqsadida nima ish qilgan bo‘lsak, o‘sha holicha turibdi. Birorta yangi imorat qurilmagan. Yo‘llar ham o‘sha. Shahar kengayib boryapti. Har kuni o‘nlab savdo karvonlari shahrimizga kelyapti. Hamma Registondagi ko‘hna bozor va Mirzo Ulug‘bek qurdirgan karvonsaroydan kun ko‘rib, jim yuripti. Hunarmandlar ko‘chasi ham torlik qilib qolibdi. Ikki arava duch kelsa, tiqilib qoladi. Imoratsozligimiz o‘lda-jo‘lda ahvolda. Fuqaroning arzini eshitadigan beklar qani?
Qani ra’iyat begi, siz nima deysiz? Odamlar arzini devonga yetkazish sizning vazifangiz emasmu?
Ra’iyat begi: - Haq gapni aytasiz, amirim. Odamlar talab esa-da, biz ancha vaqt qurilish va obodonchilikda arzigulik ish qila olmadik. Gunohkormiz. G‘ayrat ko‘rsata olmadik. To‘g‘risi, bu ishlarni xazinamiz ham ko‘tarmadi.
Yalangto‘sh: - Biz vaqtida bu ishlar uchun xazinamizdan lozim mablag‘ ajratishni aytganmiz. Afsus, nazoratini e’tibordan qochiribmiz. Mayli, hozir birovni jazolab o‘tiradigan fursat emas. Ahvolni o‘nglash chorasini ko‘rmoq lozim. Moliyaviy masalani hal etdik. Xonlikdan Afg‘oniston va Erondan menga berilgan muzofatlardan yig‘ilgan o‘lponlarni Samarqandga keltirdik. Yaxshi ustalarni ham olib keldik. Ularni faqat maqsadli, samarali ishlatmoq lozim.
Ra’iyat begi: - Inshooloh, niyatlaringiz ijobat bo‘lg‘ay, amirim.
Mulozimlardan biri: - Amirim, el orasida karvonsaroy va bozorni ko‘chiradi, degan gap-so‘z yuripti...
Yalangto‘sh: - Bu gap-so‘zning ham sababi bor. Hazratim va oqsoqollar bilan muloqotda ular shahar markazini obod etishni maslahat berishdi. Xususan, meva-cheva bozori va karvonsaroyga Bibixonim masjidi orqasidan bir joy mo‘ljalladik.
Mahalla oqsoqoli: - Amirim, mening yoshim saksonda. Umrim shu yerda o‘tayapti. Ko‘p xonu amirlarni ko‘rdim. Haqaqatan ham keyingi yillarda shahar obodonchiligi e’tibordan qolgandi. Shu azmingiz uchun sizga tashakkur. El ham qarab turmaydi. Har qanday inshoot qurishda tajribali ustalarimiz bor. Qulluq, amir janoblari!
Yalangto‘sh: - Rahmat, birodar. Biz albatta siz kabi fidoyilarga suyanamiz.
Qani muhandis Abdujabborxon, endi jamoaga men tasdiqlab bergan madrasa tarixini sharhlab beringchi...
Abdujabbor: - Xo‘p bo‘ladi, amirim. Suyukli amirimiz Yalangto‘sh Bahodirxon janoblarining buyrug‘i va bevosita maslaxatlari bilan Registonda yangi madrasa qurmoqni niyat qildik. (Atrofdan “ofarin”, xush bo‘pti” degan ovozlar keladi)
Ikki tanob yerda, Mirzo Ulug‘bek madrasasi ro‘parasida, aynan shunga monand hajmda barpo etiladur. Uni Sherdor deb atamoqchimiz.
Yalangto‘sh: - Bino peshtoqiga ikkita sher rasmi chiziladi. Sohibqiron saltanati qudratining timsoli bo‘ladi. Amir Temur bayrog‘i rangidan ham foydalanamiz.
Binobarin, bu go‘zal inshootni pirim, Mahdumi A’zam nabirasi bo‘lmish Xoja Hoshimga bag‘ishlamoqchiman.
Abdujabbor: - To‘g‘ri aytasiz, amirim. Madrasa ikki qavat bo‘ladi. 100 nafar talabaga mo‘ljallangan. Mudarrislar uchun ham alohida yotoqxonalar bo‘ladi. Ellik to‘rtta hujraning yozda salqin, bahavo, qishda esa iliq bo‘lish choralari ko‘riladi. Amirimning ko‘rsatmasi bilan eng yirik madrasalar qurilishini o‘rganib keldim.Qurilajak har ikki madrasa bezak uslubi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Ularda ajdodlarimiz me’morchiligida alohida san’at darajasiga ko‘tarilgan yirik xandasaviy suls, kufiy yozuv naqshlaridan foydalanamiz, Samarqand obidalariga xos bo‘lgan me’moriy uslubni yuzaga keltiramiz. Mazkur madrasa peshtoqiga chizilgan oq ohuni quvlayotgan qizg‘ish rangli sher, ko‘zi doira shaklidagi quyosh tasvirida botiniy ma’nolar mujassam bo‘lib, burjlarga ko‘ra baxtli kelajakka, abjad hisobida amirimiz Yalangto‘sh Bahodirga ishora qilib, madrasaning qurilishi boshlangan yilni ko‘rsatib turadi.
Yalangto‘sh: - Ulug‘bek vaqtincha deb qurgan karvonsaroy o‘rnida yana bir madrasa quramiz. Ana undan keyin shahrimiz betimsol koshona – majmuaga ega bo‘ladi.Registon maydonidagi bo‘shliq to‘ldiriladi. Tillakoridaa namozini ado etgan mullavachchalar, u madrasaga o‘tib tahsilni davom ettiradilar. Atrofdagi ko‘chalarga hunarmandlarni joylashtiramiz. Kulollarga, zargarlarga, nonvoylarga uy buyumlarini yasovchilarga joy beramiz.Aana shundagina shahar markazida tartib bo‘ladi.
Mahalla oqsoqoli: - Ofarin, amirim! Juda oqilona o‘ylabsiz. Do‘konning hovli oldida bo‘lishi hunarmandlarga qulay. Madrasa esa bolalarimizni ilmli qiladi.
Yalangto‘sh: - Bu madrasaning moddiy ta’minoti oson emas. Shul bois hozirdan buning uchun besh ming tanob sug‘oriladigan yer va 4 ta do‘kondan keladigan daromad vaqfi yuzasidan farmon tayyorlansin.
Xazinabon: - Xo‘p bo‘ladi, amirim. Bu gapni hoziroq mirzoga yetkazaman.
Abdujabbor: - Qurilish ashyolariga buyurtma berganmiz. Karvonsaroyga yuz chog‘lik eronlik ustalarni joylashtirdik. Nasib esa, jum’a kuni tongda xatm tushirib, ishni boshlaymiz.
Yalangto‘sh: - Yaxshi. Qurilishning moliyaviy hisob-kitobiga ishonchli odam tayin eturmiz. Ammo bugun Mahdumi A’zam hazratlari masjidi xatib imomi – Abdulloh hojining duosini olsak, nima deysizlar?
1-Mahalla oqsoqoli: - Juda to‘g‘ri!
2-Mahalla oqsoqoli: - Ulug‘ odamlarning duosi ulug‘ ishlarga yo‘l ochgay!
Xatib imom: - Bismillohir rahmonu rahiym. Assalomu alaykum ahli islom. Biz xalqparvar amirimiz Yalanto‘sh Bahodir hazratlarining el-yurt uchun Olloh yo‘lidagi ajoyib sa’y-harakatiga guvoh bo‘lib turibmiz. Qur’oni Karimda “Alloh go‘zal va u go‘zallikni sevadi” deyiladi. Muqaddas dinimizning shiori esa insonning ma’naviy komilligidir. Ulug‘ amirimiz Islomning ana shu ikki aqidasini amalda ko‘rsatayotir. Yurtni obod, elni ilmli qilish ulug‘ ishlarning ulug‘idir.
Omin! Xudo yo‘lidagi bu ezgu ishlarning barakasini bersin. Yaratgan egam bu ishlarning boshida turganlarga kuch quvvat ato esin. Ollohu akbar!
(To‘planganlar fotiha tortib tarqala boshlashadi. Shu payt davraga harbiy ishlar bo‘yicha bek kirib keladi va amirga yuzlanadi)
Harbiy bek: - Amirim, ruxsat bersangiz, Chimkentdan chopar kelibdur, ko‘rinishidan tashvishli xabari borga o‘xshaydi.
(Amir ishora bilan yonidagi mulozimlarga javob beradi. Yasovul choparni boshlab kiradi)
Yalangto‘sh: - Xo‘sh, qozoq chopari, xush kelibsiz! Bavurlarimizning ahvoli qanday? Ne shamollar uchirdi biz tomonlarga?
Chopar: - Amirim, siz qozoqlar uchun doimo xaloskor do‘st bo‘lib kelgansiz. Avvalo shu el biylari salomini olib keldim.
Yalangto‘sh: - Haq gapni aytasan, birodar. O‘z vaqtida Buxoro xoni Abdullaxon ham O‘tror, Sig‘noq, Savron, Sayram, Yassi va Turkiston shaharlarini Buxoro saltanatiga qo‘shishda bu elga ko‘p yaxshiliklar qilgan. Hatto Ahmad Yassaviy maqbarasida 300 ta qo‘y so‘yib, yetim-yesir, och-nahorlarga ulushgan.
Chopar: - Shunday, amirim...
Yalangto‘sh: - Besh-olti yil ilgari O‘rbuloqda Jahongir xonga yordam berish uchun Abdurahmon devonbegi bilan birga qalmoqlarning 50 ming lashkarini yengib kelgandik.
Chopar: - Buni xalqimiz biladi, amirim. Biylarimiz sizdan minnatdorlar.
Yalangto‘sh: - Ayrim noshukur boylaringiz kimlarningdir ig‘vosiga uchib, Samarqandga ham xuruj qilib ko‘rdilar. Jazosini olgach, endi ko‘zlari ochilg‘onga o‘xshaydi.
Chopar: - Siz haqsiz, amirim. Barcha elda ham hovliqmayu nomard topilar ekanda. Bizning boylar safaviylar va Eron bosqinchilaridan yurtimizni himoya qilganingizni unutishmaydi.
Yalangto‘sh: - Xo‘sh, bu galgi tashvishning boisi nedur?
Chopar: - Amirim, xabaringiz bor, shimolda qo‘nim va obro‘ topolmagan jung‘orlar bizning yurtga ko‘z tikkan. Bir bora ularning adabini berib kelgandingiz. Ammo bu jung‘orlar aqli kiradiganga o‘xshamaydi. Samarqand qo‘shinining o‘z yurtiga qaytib ketganini bilgan jung‘orlar xoni Botur xuntayji qo‘mondonligidagi katta qo‘shin qozoqlar ustiga ikkinchi bor yopirilib keldi. Kuch to‘plab yana biznnig ovullarga hujum qilmoqda. Ichimizda ham tarafdorlari borga o‘xshaydi. Shu sababli qozoq boylari Sizdan, Buxoro amiri bosh qo‘mondoni, adolatparvar Bahodir Yalangto‘shdan ko‘mak so‘ramoqdalar. Butun umidimiz sizdan!
Yalangto‘sh: - Harbiy beg!
Harbiy bek: - Labbay amirim, men shu yerdaman!
Yalangto‘sh: - Kechqurunga taniqli sarkarda va ta’minot begini huzurimga chorla. Qozoq barodarlarga yordam masalasani kelishib olamiz. Bugun qozoqning boshida qilich sermagan bu yog‘iy ertaga o‘zbekning ham boshiga balo bo‘lishi aniq. Shunchaki muomalaga tushunmagan dushman bilki qilich tiliga tezroq tushunar? Sen esa (choparga) boylaringga ayt, g‘anim kuchi haqida ma’lumotlar to‘plab qo‘yishsin.
Chopar: - Qulluq, amirim! Siz Amir Temurdan keyin turk elidan chiqqan qudratli va adolatli sarkardasiz. Baxtimizga omon bo‘ling, Yaratganning o‘zi qo‘llasin!
BEShINChI KO‘RINISh
Yalangto‘sh amirning uyi. 45 yoshga kirgan o‘g‘li Boybek to‘satdan vafot etgan. Marhumning xudoyisini o‘tkazgan oila a’zolari uyda o‘tirishibdi. Hammasi azada, yig‘laydi. Yalangto‘sh ham. (Fonda “Cho‘li Iroq” musiqasi qo‘yiladi)
Yalangto‘sh: (supa chetida boshini ikki qo‘li bilan ushlab bo‘zlaydi) – Ey, Xudovandoni Karim! Biz ham dargohingga qaytuvchimiz. Kitobingda har bir banda o‘lim sharbatini ichishga majbur ekanligi yozilgan. Bu dunyo sinov ekanligi yozilgan. Bu ne ko‘rgilikkim, yolg‘iz o‘g‘limdan ham judo bo‘ldim. O‘sha o‘limni, shu sinovingni mana menga bersang bo‘lmasmidi?! Bizning ko‘nikmoqdan boshqa choramiz yo‘q. Endi sabrimizni ziyoda qil. Ulug‘ kunda, barcha ishlar hisob-kitob qilinadigan kunda o‘g‘lim bilan yorug‘ yuz diydorlashishni nasib qil! Sen bilguvchi zotsan. Alhamdulilloh!
Xadichabegim: (erining yelkasiga boshini qo‘yib) - Amirim, o‘zingizni bosing. Hali xudoyiga kelganlar tarqab ulgurgani emas.
Yalangto‘sh: - Zaynab, bu ne ko‘rgilik-a?! Yoshimiz bir joyga borganda bu sinovlar...
Xadichabegim: - Otasi, amirim... Ne iloj, Xudoning ishi bu. O‘zingizni ushlang. Kuyovingiz Mahdumi A’zam masjidi imomi Abdunasim keldilar huzuringizga.
Abdunasim: - Amirim, bandalik. Xudo sabr bersin.
Yalangto‘sh: - Tashakkur, kuyov. Qancha yurtlarda jang qildim, yaqinlarimni yo‘qotdim, ammo bu qadar ezilmagan edim. Qurilishda bosh edi. Shu madrasaga mudarris qilib qo‘ymoqchi edim.
Abdunasim: - Boybek menga qayni emas, do‘st edi. Ilmi kuchli edi. Siz o‘qigan madrasalarda tahsil oldi, jangu jadalda ham birga bo‘ldi. Qizingiz Iqlimabonu ham qattiq iztirobda. Nevarangiz Nasibaxonning oy-kuni yaqin uchun ahvolidan onasi ko‘z-quloq bo‘lib turibdi, amirim. Nasib esa, o‘g‘il ko‘rsak tog‘asining ismini qo‘yamiz.
Yalangto‘sh: (ko‘ziga yosh oladi) - Tog‘asi, tog‘asi... O‘zbekning olchin o‘g‘li yo‘q endi tog‘asi, Abdunasim mening yakkayu yagona o‘g‘lim yo‘q endi...
Abdunasim: - Amirim, Xudoning irodasi.
Yalangto‘sh: - Xudoning irodasi. Men ham otamning yolg‘izi edim. Otam o‘zbekning olchin urug‘idan chiqqan xonlardan edi. O‘g‘limga padari buzrukvorimning ismiga o‘xshash qo‘ygandim...
Abdunasim: - Amirim, padari buzrukvoringiz Boyxo‘ja ota ham xon sifatida olchinlar obro‘sini ko‘targandi. Siz esa sulola martabasini yanada ko‘tardingiz. Qo‘chqor Bahodir, Murodquli Bahodir kabi qarindoshlaringiz ham otangiz tarbiyasini olib, taniqli sarkarda bo‘lib yetishdilar. Buni xalq biladir.
Yalangto‘sh: - Ha, mulla Abdunasim, otam rahmatlik bizga jasorat va oqillikda Amir Temir hazratlarini ibrat qilib ko‘rsatardilar.
Abdunasim: - Bunday ulug‘lar, xususan, otangiz ham o‘zbek uchun g‘urur timsoli, amirim.
Yalangto‘sh: - Otam katta bobongiz Maxdumi A’zam hazratlarini o‘ziga pir deb bilgan. Kamina esa bobongiz, Maxdumi A’zamning nevaralari Xoja Hoshimga ixlos qo‘ydim.
Abdunasim: - Shunday amirim, eshitishimga qaraganda bobom ham sizga astoydil mehr qo‘ygan ekanlar.
Yalangto‘sh: - Samarqandga ilk bor amir etib tayinlanganimda meni astoydil qo‘llab turdilar. Shu sababli yolg‘iz o‘g‘limni u kishining poyiga qo‘ydim. O‘zim ham mabodo jonim uzilsa, hazratning tabarruk oyoqlari ostiga qo‘yishlarini tayinlaganman.
Abdunasim: - Xudojo‘ylarimiz hazrat maqbarasi va uning atrofini obod qilganingizdan minnatdor amirim.
Yalangto‘sh: - Bu savobli yumush har olchin, har bir o‘zbek uchun ham farz, ham qarz, hoji Abdunasim. Xoja Ahmad Yassaviy “Ulug‘larni ulug‘lash ulug‘ ishdir” degan ekanlar.
Abdunasim: - Inshooloh, shunday bo‘lg‘ay. Mayli, amirim, men Tillakori madrasasi qurilishidan bir xabar olay. Ma’raka bilan bo‘lib o‘tolmay yurgandim.
Yalangto‘sh: - Darvoqe, siz bir-ikki kunga Tillakori qurilishidan xabar olib turing, iltimos. Men Boybekning o‘rniga birorta ishonchli odam topaman.
Abdunasim: - Darvoqe, amirim, bugun bir kishi menga ikki madrasa quruvchilariga xizmat qilgan qassob bandalikni bajo keltirganini aytdi. Sizga yetkazishimni so‘radi.
Yalangto‘sh: - E, Abdurahmon qassobmi?
Abdunasim: - Ha, o‘sha kishi.
Yalangto‘sh: - Obbo, juda yaxshi odam edi (fotiha tortadi). O‘n yildan beri beminnat xizmat qildi. U menga agar vafot esa, Tillakori atrofida dafn etilishini so‘ragandi. Abdunasim hoji, siz nima deysiz bunga?
Abdunasim: - Aslida Shohizinda, Toshohur qabristonlari uzoq emas. Qolaversa, yakka mozor avliyolarga munosib. Ammo...
Yalangto‘sh: - Nimasi ammo?
Abdunasim: - An’anamizda, ayrim hollarda, elga xizmati hisobga olinib, bunday dafnga ruxsat beriladi. Faqat uni odamlar qabul qilishi lozim, amirim.
Yalangto‘sh: - Juda yaxshi. Xalq qabul qiladi. Fidoyi, halol inson edi. Siz mutasaddilarga tayinlang bitish arafasidagi madrasa atrofidan joy topishsin. Janozani ertaga peshinga belgilashsin.
Abdunasim: - Xo‘p bo‘ladi, amirim.
OLTINChI KO‘RINISh
Yalangto‘sh amirning uyi. Yalangto‘sh kuyovi bilan chiqib ketgach, Xadichabegim aza libosidagi qizlari Iqlimabonu va Oybibi bilan suhbatlashib o‘tiribdi.
Xadichabegim: - Bolam... bolaginam. Yolg‘izgina o‘g‘ilginam... Evoh, nega meni tashlab ketding...
Iqlimabonu: - Onajon, sabrli bo‘ling. Xudoning ishi ekan.
Xadichabegim: - Hayotimda mazmun qoldimi, qizim? Sabr qilib, mashaqqat bilan kamolga yetkazgan edim, endi yaxshikunlarini ko‘raman deganda...
Oybibi: - Onajon, bizning dardimiz hamsiznikidan kam emas. Yolg‘iz suyanchig‘imiz edi. Bizga juda mehribon edi... Onajon, endi o‘zingizni qo‘lga olmasangiz bo‘lmaydi, dadamni o‘ylang, sizning ko‘z yoshingizni ko‘rib battar qiynaladilar-ku!
Iqlimabonu: - Otam kabi yurt tinchligi yo‘lida tinim bilmadi akajonim. Kam ko‘rishsak-da, bir olam quvonch berardi bizga. Joylari jannatdan bo‘lsin akajonimning.
Xadichabegim: - E, qizim suhbat sog‘inchini mendan so‘rangiz. Otangizni bir bora ko‘rish, aniqrog‘i, bir kun xizmatini qilish menga katta baxt tuyulgan paytlar ko‘p bo‘lgan. Qo‘lda qilich tutib, goh Yorkent tarafga, goh Isfahonga dushmanni quvib ketganlarida tonggacha Xudoga iltijo qilib tong ottirgan kunlarim hech esimdan chiqmaydi.
Oybibi: - Nega unaqa deysiz, onajon, axir padari buzrukvorim doimo Siz bilan birgalarku...
Xadichabegim: - Sirtdan shunaqa ko‘rinadi, bolam. Qaynotam, kata bobolaring o‘zlari ilmli bo‘lgani uchun zo‘r mudarrislar va harbiylar tarbiyasiga bergan. Ilmliligi barobarida shijoati ham baland u kishining.
Iqlimabonu: - Biz otamiz bilan faxrlanamiz, onajon!
Xadichabegim: - Albatta, u kishi ham sizlarga jonini beradi. Ammo men u kishining amir va harbiy qo‘mondon sifatida yurtma-yurt, jangu jadal kezganini aytayapman. Chopar maktub olib kelsa, yuragim titrab o‘qiyman. To safardan qaytgunlaricha munajjimu folchining gapi bilan dilimga taskin topaman.
Iqlimabonu: - Otam yengilmas sarkarda, adolatli amir!
Xadichabegim: - To‘g‘ri-kuya, ko‘ngil dushmanda, bolam. Safardan qaysa ham Shovdordagi bog‘imizga ketadi. Davrasiga chorlab maqtaydigan maddohlardan yiroq bo‘lay deydilar. Mening tashvishlarim boshlaringga tushmasin deb, sizlarni ilmli oilalarga uzatganmiz.
Oybibi: - Onajon, men bu holatni Ibn Arabshohning kitobida ham o‘qiganman. Sohibqiron Amir Temur shunday yo‘l tutgan ekanlar. U kishi sokinlikda o‘z ishini tahlil qilish, rejalarni puxta o‘ylash uchun bazmi jamshidlarga bormas ekan. Chunki ziyofat kishi shijoatini so‘ndirar ekan.
Xadichabegim: - Voy, oqila qizim, hali shunaqa kitoblarni ham o‘qiysanmi?
Oybibi: - Bu kitobni otamdan olib o‘qiganman. Kuyovingiz So‘fi Ollohyor, Mashrab, Alisher Navoiy devonlarini keltirib berdi. Juda yaxshi kitoblar ekan. Mazza qilib o‘qiyapman.
Xadichabegim: - O‘zim aylanay, farosatli qizimdan.
Oybibi: - Hammasini sizdan o‘rganganman, onajon. Esingizdami, opam ikkalamizga Najmiddin Kubro rivoyatlari, Imom Buxoriy hadislaridan o‘qib berardingiz.
Xadichabegim: - Voy, ona qizim. Haliyam esingda turgan ekan-da! (bag‘riga bosadi).
Iqlimabonu: - Onajon, hali bu qizingizning g‘azal yozishidan ham xabaringiz yo‘q ko‘rinadur. Haddi sig‘ib sizga ko‘rsatmaydi-da.
Xadichabegim: - Aylanay shu shoiragina qizimdan. Iqlima, ammo men avlodimizdan shoira chiqqanini eshitmaganman. Olchin urug‘idan ham shoira chiqar ekanda-a?
Iqlimabonu: - Albatta, chiqadi, onajon. Qani, Oybibi, g‘azalingdan birini o‘qib ber.
Xadichabegim: - Qani, bir eshitaylik.
Oybibi: - Onajon, uyalaman. Qolaversa, hali xomga o‘xshaydi...
Iqlimabonu: (singlisiga) – O‘qi singiljon, onajonimni ko‘ngliga taskin bo‘ladi. Tortinma.
Oybibi (turibo‘qiydi):
Neki bo‘lsa, bori imkon ilmdan,
Ishtiyoqing ersa, davron ilmdan.
Ma’rifatning yog‘dusi bu – baxt, tole,
Kishi asli bo‘lg‘ay inson ilmdan.
Mutolaa – fikrat uchun teranlik,
Ochun bo‘lg‘ay xo‘b charog‘on ilmdan.
Muhabbating birla, Bibi, g‘azal bit,
Bayt yaralgay ishqu tug‘yon, ilmdan.
Xadichabegim: (o‘rnidan turib, qizini bag‘riga bosadi) – Ofarin, baralla qizim! “Ochun bo‘lg‘ay xo‘b charog‘on ilmdan...”
Iqlimabonu: - Yasha singlim, o‘zing kabi go‘zal g‘azal bo‘pti! Nasib esa, bayozlar chiqarursan.
Oybibi: - (onasiga) Yaqinda xo‘jayinim Gulbadanbegim degan shoiraning “Humoyunnoma” kitobini olib keldi. Dehlidan yuborishibdi. Bobur Mirzoning qizi ekan. Barcha dardu alam shohlaru amirlarning qizlarida bo‘lar ekan. O‘qib, huzur qilyapman. O‘sha ayolga o‘xshagim kelyapti. Bilasizmi, uning mana bu baytlari menga yod bo‘ldi:
Layli zotidin esimda dilda majnuncha havo,
Tog‘u tosh kezgum kelur, lekin yo‘lim to‘sgay hayo.
Xadichabegim: - Albatta, niyating amalga oshadi, qizim. Men otangga ham aytib ko‘raman. Bayozingni eng mohir xattotlarga yozdiramiz.
Iqlimabonu: - Onajon, o‘rni kelganda men ham ko‘nglimdagi bir gapni aysam maylimi?
Xadichabegim: - Tinchlikmi qizim, qanaqa gap ekan?
Iqlimabonu: - Akam rahmatlining ishini kuyovingiz bilan biz davom ettirsak. Ikki madrasaning qurilishini boshqarish, moliyaviy taqsimot ishonchli qo‘lda bo‘lgani ma’qul deyman-da.
Xadichabegim: - To‘g‘ri aytasan, akang qilgan ishni birov uddalashi mushkul. Otang akang vafotidan keyin o‘zini oldirib qo‘ydi, hukumat ishlaridan ham ancha sovugan. Otang ko‘narmikin?
Iqlimabonu: - Boya kuyovingiz otamga sal tushundirgandek bo‘ldi. Siz ham qo‘llasangiz. Ikki madrasa va masjid tarxini, ish hajmiyu, borishini akamdan bilib olganman. Kuyovingiz ham diyonatli. Bilasizmi, bu qurilishlar tushimga kiradigan bo‘lgan.
Xadichabegim: - Mayli qizim, men senga ishonaman. G‘ayrating, ilming bor. Bibixonim ayamiz ham sohibqiron rahbarligida masjid qurilishga bosh-qosh bo‘lgan. Ayol boshing bilan shu qarorga kelibsanmi, Alloh o‘zi madadkor bo‘ladi. Hali vaqtlar kelib, bu madrasada o‘qigan minglab talabalar buni qurdirgan otangni xotirlaganlarida o‘zbekning olchin qizi deb sizlarni ham eslashadi.Savobi sizlarga ham tegadi.
Iqlimabonu: - Onajonim! (quchadi)
Oybibi: - Siz oqila, dunyoda yagona onasiz!
Xadichabegim: - Mening ona qizlarim. Sizlar ham mening boru yo‘g‘im. Akangiz yo‘qligini bildirmangizlar. Xudo o‘z panohida asrasin!
YeTTINChI KO‘RINISh
Yalangto‘sh Bahodir nevarasi Boybek, me’mor Abdujabbor va usta Muhammad Abbos bilan Registon maydonida turibdi.
Yalangto‘sh: - Mana azizlarim, sizlar bilan boshlagan mashaqqatli ishimiz ham yakuniga yetdi. Tillakorining ayrim zebu ziynatini, tilla suvi surishni hisobga olmaganda katta ishni tugalladik.
Abdujabbor: - Siz haqsiz, amirim, juda ulkan ishga yakun yasayapmiz. Darvoqe, yangilikni eshitdingizmi?
Yalangto‘sh: - Qanaqa yangilik ekan? Menga kimningdir kimgadir xurujidan boshqa qanaqa xabar kelardi, me’mor.
Abdujabbor: - Xotiringizda bo‘lsa, Balx uchun kurashda boburiy Shohjahon Buxoro xoni Abdulazizxonga qarshi borgandi. Sizning zarbangiz tufayli u yengilib, Hindga qaytib ketgandi.
Yalangto‘sh: - Xo‘sh-xo‘sh.
Abdujabbor: - Xullas, harbda bizga qurbi yetmagan Shohjahon Sizning Sherdor madrasasini boshlab yuborganingizni ko‘rib u ham hind diyorida Tojmahal masjidini qurishga kirishibdi.
Yalangto‘sh: - Shohjahon qizziqqon shoh bo‘lsa-da, men lozim paytda uni qo‘llaganman. Tojmahal esa yaxshi ish bo‘lipti. Garchi o‘chakishib kelayotgan bo‘lsada, temuriylarga xos ish tutubdur.Shu vaqtga qadar biror shohga vafo qilmagan toju taxt kasali uni ham chetlab o‘tmagan.
Boybek: - Bobojon, Shohjahon degani bizga dushmanmu?
Yalangto‘sh: - Yo‘q, bolam. Shohjahon temuriyzoda, Samarqandda ham amir bo‘lgan. Omadi chopmagan.Taqdir o‘yinlari o‘z ona yurtidan olisga uloqtirgan palaxmon toshi. Boburshohni nevarasi Hindistonda podshoh. U ota yurtiga qaytish maqsadida bizning podshohlarga qarshi kurashib keladi. Sargardonlik nonini yeb ulg‘aygan .U ham o‘zbekning urug‘idan.
Boybek: - Qozoqlar-chi, ular bizga dushmanmi?
Yalangto‘sh: - Yo‘q, bolam, ular ham bizga dushman emas. Biz turkiy bo‘g‘inmiz, birodarmiz, dinimiz bir, tilimiz ham o‘xshash.
Boybek: - Bobo, unda nega siz ilgari qozoqlar bilan jang qilgansiz?
Yalangto‘sh: - Voy bolasi tushmagur, buncha gapni senga kim o‘rgatyapti?
Boybek: - Momom, onam, otam. Ularni suhbatlaridan anglayapmanda bobojon.
Yalangto‘sh: - Unda yaxshilab eshit. Bu haqiqatni bilib qo‘yganing yaxshi. Ayrim qozoq amirlari Samarqandga havasi kelib, xonligimizdagi bosh boshdoqchilikdan foydalanib, bizga hujum qilib ko‘rishdi. O‘shanda biz ularni to uyigacha quvib borib, qudratimizni ko‘rsatib qo‘ydik.
Boybek: - Siz eng qudratli qo‘mondonsiz, bobojon!
Yalangto‘sh:- Amir Temur vafotidan so‘ng, bolam, xonlarimiz, amirlarimiz orasida parokandalik boshlandi. Shuning uchun chetdagi kuchlar bizning yerlarga ko‘z olaytira boshlashdi. Xitoydan Erdona Botur degani avval qozoq yerlarini oldi, so‘ng bizga kelmoqchi bo‘ldi. Shunda men yigirma minglik qo‘shinim bilan bu jung‘orlarning 40 ming kishilik qo‘shinini yengib keldim.
Boybek: - Siz eng qudratli amirsiz, bobojon. Men siz bilan faxrlanaman!
Yalangto‘sh: - Rahmat bolam. Bizning g‘ururimiz faqat harbiy kuchda emas, bunyodkorlikdadir. Millatning qadri ana shu fazilatiga qarab belgilanadi. Misol uchun Amir Temur mingta inshoot qurdirgan. Mavlono Alisher Navoiy ham, Buxoro xoni Abdullaxon ibn Iskandarxon ham shunchadan masjid, madrasa, ko‘prik va boshqa inshootlar qurilishiga bosh bo‘lishgan.
Boybek: - Siz ham qurayapsizku, bobojon!
Yalangto‘sh: - Bizning ishlar hali ulug‘lar qurgan inshootu koshonalar oldida hech gap emas, bolam. Men seni qariyb o‘ttiz yil davomida barpo etgan ikkita madrasamni ko‘rsatish uchun olib keldim, bo‘tam. Mana bu kshi shu binoning me’mori Abdujabbor. Yana biri ustalar sarvari Muhammad Abbos. Darvoqe, bu savobli ishda rahmatli tog‘ang, adashing Boybek ham ishtirok etgan edi.
Abdujabbor: - Boybekjon, bobong sal kamtarlik qilmoqdalar. Aslida bu inshootlar dunyo havas qilgulik. Registondek tarixiy obida, majmua yetti iqlimda ham yo‘qdir.
Muhammad Abbos: - Me’mor to‘g‘ri aytadur. Nasib esa, 2-3 oy ichida Tillakorining naqshlarini qo‘yib ulguramiz. Bu yerda madrasa va masjidning borligi o‘ziga xosdur. Registon majmuasidan Islom dunyosi andaza olmoqda, bo‘tam. Hirot va Dehlida ham bunday obida qurishga bel bog‘laganlar.
Yalangto‘sh: - Boybekjon, nabiram! Bobolaring haq gapni aytadur. Biz turkiylar, doimo yaratmoqni eng katta farz deb bilib kelganmiz. Sherdor va Tillakori obidalari qurilishida butun Samarqand eli ishtirok etdi. Bizga nasib etmas, ammo sen ulg‘ayganingda bu inshoot obro‘si dunyoga tanilishini o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan.
Men ana shu majmua qurilishida ishtirok etgan va etayotganlarning barchasiga qulluq qilaman! Nasib esa bu savobli va ulug‘vor ishlarga avlodlarimiz baho bergay. Bu madrasa va masjidlar hali uzoq yillar millatimizga xizmat qilishiga ishonaman!
(Madrasa oldida to‘planganlardan ovoz eshitiladi)
- Haqparvar amirimizga ofarin!
- Bahodir Yalangto‘sh eng odil va xalqparvar amir!
- Yashasin amirimiz!
Yalangto‘sh: (Qarshisidagilarga faxr bilan qarab, qulluq qiladi) - Sohibqiron Amir Temur “Kimki bizning qudratimizga shubha qilsa, biz qurgan imoratlarga qarasin” deganlar. Men ham o‘zbekning nomini mangulikka muhrlagan shu iborani takror etaman. Bunday bunyodkor xalq hamisha Yaratganning nigohida va panohida bo‘lg‘ay. Ulug‘ xalqimizga ko‘z tegmasin!
Tamom.
***
(Ushbu asar Samarqand viloyati musiqali drama teatrida sahnalashtirilmoqda).