Mutolaa: Dunyodagi eng qisqa hikoyalar

«New Time» jurnali muharriri Stiv Moss tanlov o‘tkazishga qaror qildi, unda ishtirokchilardan 55 so‘zdan iborat hikoya yozish taklif qilindi. Hikoya matnida yaxshi ishlangan izchil syujet, murakkab personajlar va g‘ayrioddiy yechim saqlanib qolinishi kerak edi. Tanlov natijalari "Dunyodagi eng qisqa hikoyalar" deb nomlangan butun to‘plamni nashrdan chiqarish mumkinligini ko‘rsatdi.

* * *

Alan Ye. Mayer «Omadsizlik»

Butun vujudimdagi qattiq og‘riqdan uyg‘onib ketdim. Ko‘zimni ochib, karavotim yonida turgan hamshirani ko‘rdim.

- Janob Fujima, - dedi u, - omadli inson ekansiz. Ikki kun oldin Xirosimadagi bombardimondan omon qoldingiz. Xavotir olmang, hozir kasalxonadasiz, endi hech qanday xavf yo‘q.

Biroz jonlanib ojizlik bilan so‘radim:

- Men qayerdaman o‘zi?

- Nagasakida, - deb javob berdi u.

* * *

Jeyn Orvis “Deraza”

Rita shafqatsizlarcha o‘ldirilganidan buyon Karter deraza qarshisida o‘tiradi. Hech qanaqa televizor, mutolaa yoki yozishmalar yo‘q. Birov yegulik olib keladimi yoki hisob-kitoblar bo‘yicha haq to‘laydimi, endi unga baribir, u xonadan chiqmaydi. Uning borlig‘i – deraza ortidagi yugurib o‘tayotgan sportchilar, fasllar almashinuvi, o‘tib ketayotgan mashinalar va Ritaning arvohi.

Karter namat urilgan palatalarning derazasi yo‘qligiga tushunib yetmas edi.

* * *

Robert Tompkins “Haqiqatni izlab...”

Nihoyat, bu olis, chekka qishloqda uning qidiruvlari nihoyasiga yetdi. Haqiqat bir xaroba kulbada, olov yonida o‘tirardi. U hech qachon shu daraja qartayib qolgan, xunuk ayolni ko‘rmagan edi.

- Rostdan ham siz Haqiqatmisiz?

Yuzlari ajinlardan burushib qolgan qari kampir tantanali ravishda bosh irg‘adi.

— Endi men olamga nima deyman? Odamlarga sizni qanday tavsiflayman?

Kampir olovga tupurdi va javob berdi:

— Ularga meni yosh va go‘zal deb ayt!

* * *

Nikol Veddl “Uchrashuv”

Telefon jiringladi.

- Salom, - dedi u. - Viktoriya, bu menman. Yarim tunda qirg‘oqda uchrashamiz.

- Yaxshi, azizim.

- Iltimos, o‘zing bilan bir shisha shampan olib kelishni unutma, - dedi u.

- Unutmayman, azizim. Bugun kechqurun birga bo‘lishimizni xohlayman.

- Shoshilgin, seni juda sog‘indim! - dedi u va go‘shakni qo‘ydi.

U xo‘rsindi, keyin jilmayib qo‘ydi.

- Hayronman, bu kim bo‘ldi ekan.

* * *

Endryu E. Xant “Shukronalik”

Xayriya jamg‘armasidan sovg‘a qilingan jun ko‘rpa yelkalarini bemalol og‘ushiga olar, bugun axlatxonadan topib olgan etiklari esa oyog‘ini umuman qismasdi.

Sovuq zulmatdan keyin ko‘cha chiroqlar uning qalbini yoqimli isitardi...

Parkdagi skameykaning egri chizig‘i uning charchagan qari beliga juda tanish tuyuldi.

“Xudoyim, o‘zingga shukur, -  o‘yladi u,- hayot qanday ajoyib!”

* * *

Ron Bast “Oliy ma’lumot”

- Universitetda biz o‘tirib-o‘tirib ketardik, - dedi Jennings iflos qo‘llarini yuva turib. - Byudjetni qisqartirgandan keyin nima ham bo‘lardi, ko‘p narsa o‘rgatilmaydi, shunchaki baho qo‘yiladi va hammasi o‘z navbati bilan ketaveradi.

- Bo‘lmasa, qanday qilib o‘qigansiz?

- Biz o‘qimasdik axir, buni qanday ishlayotganimdan bilib olishingiz mumkin.

Hamshira eshikni ochdi.

- Doktor Jennings, sizni operatsiya xonasida kutishyapti.

* * *

Xoup Ey Torres “Bog‘da”

U bog‘da turgan edi, uning o‘zi tomon yugurib kelayotganini ko‘rib qoldi.

- Tina! Gulim! Butun hayotim muhabbati!

U nihoyat bu so‘zlarni  aytdi.

- O, Tom!

- Tina, mening gulim!

Oh, Tom, men ham seni yaxshi ko‘raman!

Tom yaqinlashdi, tiz cho‘kdi va tezda Tinani chetga surib qo‘ydi.

- Mening gulim! Tina, sen mening sevimli gulimni bosib qo‘yding!

B.Muhammadiyeva tarjimasi.