Narkologlar Samarqandda o‘zaro fikr almashdi
O‘zbekiston va Rossiyadagi narkologik kasalliklarni davolash tibbiyot muassasalari shifokorlari va soha olimlarining mazkur yo‘nalishdagi faoliyati hamda tizim muammolari, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan navbatdagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi Samarqandda o‘tkazildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi va O‘zbekiston psixiatrlar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan besh kunlik anjuman davomida narkologik xastaliklarning oldini olish va davolashda qo‘llanilayotgan yangi uslub va amaliyot haqida ma’ruzalar o‘qildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Z.Ashurov O‘zbekistonda narkologik yordamni ta’minlashdagi an’analar va innovatsiyalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, rossiyalik olimlar ham ushbu yo‘nalish bo‘yicha Yevropa davlatlari, jumladan, Rossiya Federatsiyasida davo choralari haqida so‘z yuritdi.
– An’anaviy tarzda tashkil etiladigan bu kabi anjumanlar bugun dunyo miqyosida ko‘payib borayotgan narkologik va uning oqibatida kelib chiqadigan boshqa xastaliklarni davolashda nimalarga e’tibor qaratish kerakligini belgilab olishimiz uchun qulay imkoniyat hisoblanadi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori Nargiza Kenjayeva. – Bu galgi konferensiyada ham ko‘plab yangilik va metodlar bo‘yicha o‘zaro fikrlashib oldik. Xususan, yoshlarda uchrayotgan narkologik kasalliklarni samarali davolashning samarali usullari ish tajribamiz misolida tahlil etildi.
Xalqaro konferensiya qatnashchilari Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Samarqand davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari, talabalari ishtirokida mahorat mashg‘ulotlari tashkil etildi.