Narpayda “mehribon ota” aliment uchun 164 million so‘m to‘ladi
Narpayda ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun ular voyaga yetguniga qadar to‘lanishi lozim bo‘lgan alimentni hisoblab, 164 million so‘m pulni to‘lab berdi. Bu haqda MIB Samarqand viloyati boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining qarori bilan fuqaro J.N.dan undiruvchi N.H.ning ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun uchdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Narpay tumani bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan bo‘lsa-da, fuqaro J.N. uzoq vaqtdan buyon aliment to‘lovlarini to‘lamasdan kelgan.
Byuroning Narpay tumani bo‘limi xodimlari tomonidan fuqaro J.N. bilan tushuntirish va profilaktik tadbirlar amalga oshirilishi natijasida qarzdor ota farzandlari ta’minotini o‘ylab, voyaga yetguniga qadar to‘lanishi lozim bo‘lgan 164 million so‘m pulni to‘lab berdi.