Narpayda un va yog‘ ehtiyojdan ortiq miqdorda ishlab chiqariladi

Narpay tumanidagi 213 ming aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan 6 oylik talabini qanday qondirish, qaysi mahsulot qayerdan olinishi to‘g‘risda tuman hokimi B.Jabborov deputatlarga hisobot berdi.

Unda qayd qilinishicha, ehtiyojning tumanda yetishtirilmaydigan yoki yetishmaydigan qismi, xususan, 13,4 millionta tuxum, 287 tonna baliq, 5522 tonna kartoshka, 2124 tonna piyoz, 1168 tonna shakar, 741 tonna guruch qo‘shni tumanlar va viloyatlardan keltiriladi.

E’tiborlisi, un mahsulotiga bo‘lgan talab 8 ming 209 tonnani tashkil etgan holda, tumanda 20 ming 565 tonna yoki talabga nisbatan 12 ming 356 tonnaga ko‘p, talab 966 tonna bo‘lgan o‘simlik yog‘iga esa 2340 tonna yoki 1374 tonnaga ko‘p ishlab chiqariladi.

Tumanda narx-navolar barqarorligini ta’minlash maqsadida “Mirbozor bozori” MChJ qoshida 1 ta tayyorlov savdo tashkiloti va arzonlashtirilgan mahsulotlar savdo yarmarkasi, shuningdek, “Oqtosh dehqon bozori”da qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdo yarmarkasi tashkil etilgan.

Bugungi kunda mol go‘shti 52 ming so‘mdan 57 ming so‘mgacha, qo‘y go‘shti 55 ming so‘mdan 57 ming so‘mgacha, kartoshka 3 ming so‘mdan 3,5 ming so‘mgacha, sabzi 1,5 so‘mdan 2 ming so‘mgacha sotilmoqda.

Shuningdek, piyozni 1,2-1,5 ming so‘mdan, guruchni 8-10 ming so‘mdan, tuxumni 900-1000 so‘mdan, shakarni 6,5-6,8 ming so‘mdan, o‘simlik yog‘ini 12-13 ming so‘mdan xarid qilish mumkin.

Tuman hokimligi boshchiligida davlat soliq inspeksiyasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tuman bo‘limi, statistika bo‘limi va bozor ma’muriyati bilan birgalikda bozorlardagi narxlar doimiy o‘rganib borilmoqda.

Tumanda 2020-2021 yillar qish va bahor mavsumiga 4054 tonna asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish rejalashtirilgan. Mazkur yumush uchun 910 million so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.

Zaxiraga jamlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun tumanda 13 ta, 4350 tonna mahsulotlarni saqlash quvvatiga ega bo‘lgan muzlatkichli sig‘im va 1500 tonna sig‘imga ega 2 ta omborxona mavjud.

Sessiyada tuman sektor rahbarlari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yaratilgan tizim, bozordagi shart-sharoitlar, narx-navoni barqaror saqlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha har 15 kunda axborot berib borishi belgilandi.