Natalya Seleznyova – «Chiroyli qiz, yaxshi qiz Lida!»
Uni ruslarning Katrin Denyovi deyishadi. Lekin aktrisaning o‘ziga bu taqqos yoqmaydi. Darhaqiqat, Denyov fransuzlarning Denyovi, Seleznyova esa o‘zimiz bilgan Seleznyova va unga o‘xshashi hech qayerdan topilmaydi! Mashhur "I" operatsiyasi" va «Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi» filmlari orqali barchamizga yaxshi tanish Natalya Seleznyova 2016 yili 70 yoshini nishonladi. Ammo hamon jo‘shqin va serg‘ayrat bu ayol ommaning e’tiboridan tushmay ijod qilishda davom etmoqda. Bugun biz uchun hamisha «chiroyli va aqlli qiz Lida» bo‘lib qoladigan iste’dodli va go‘zal ayol tarixini bayon etamiz.
6 yoshlik aktrisa
U yoshini yashirmaydi, yosh ko‘rinishga urinmaydi, plastik jarrohlarga umuman yaqin yo‘lamaydi, labini silikonga to‘ldirib olmaydi, nabirasiga «Meni Natasha deb chaqir» demaydi, xullas, samimiy va tabiiyligini hech qachon yo‘qotmagan. Yana ayrim yulduzlarga o‘xshab sport zaliga borib ozgina shug‘ullanar-shug‘ullanmas suratga tushib, buni ommaga ko‘z-ko‘zlash odati ham yo‘q. Bir paytlar, yoshligida basketbol va tennisga qiziqib ko‘rgandi, ammo tez orada o‘zining sport uchun yaralmaganini angladi va aktyorlikni tanladi. Hozir iste’mol qilgan kaloriyalarining barini sahnada sarflaydi, zero mehnatkash va serg‘ayratlikda unga teng keladigani yo‘q. Shunga qaramay futbolga ishqibozligi bor, SSKA klubi muxlisi sanaladi.
Ko‘pchilik Natalyaning bolaligini baxtiyor va betashvish o‘tgan deb o‘ylaydi. Axir u Moskvada, ziyoli oilada dunyoga keldi. Otasi fotograf Igor Polinkovskiy va onasi – mashhur rassom Yelena Seleznyovaning yakkayu yagona farzandi edi-da. Ammo bu oilaga tirikchilik o‘tkazish oson bo‘lmaganini hamma ham bilmaydi. Kommunal kvartirada bir necha oila bilan birga yashash, ro‘zg‘ordagi taqchillik... Yoshligidan mehnatda tarbiyalandi, besh yoshligidanoq umumiy yo‘lak va zinalarni yuvib onasiga qarashardi. Ovqat qilishni ham juda erta o‘rgandi, tanishlari unga qo‘li shirin pazanda deb ta’rif beradilar.
Natalya aktrisalik faoliyatini 6 (!) yoshda boshladi. Bir kuni ko‘chada onasi bilan sakrab-sakrab chopqillab ketayotgan, unga biyron-biyron savollar berayotgan quvnoq qizchani teatr rejissyorlaridan biri ko‘rib qoladi va ota-onasi bilan teatrga sinovga kelishini aytadi. Shunday qilib yoshgina qizaloq Natasha «30 kumush tanga» spektaklida rol o‘ynay boshladi. Uni sahnada ko‘rgan daniyalik taniqli bolalar yozuvchisi Agniya Barto qizaloqni o‘sha paytda suratga olinishi rejalashtirilayotgan «Alyosha Ptitsin xarakterini shakllantiradi» kartinasiga taklif etilishini ta’minlaydi. Filmda 8 yashar qizaloq o‘zidan talab etilgan obrazni a’lo darajada ijro etib beradi. Shu bilan uning taqdiri aniq bo‘ldi: bunaqa tajribadan keyin Natalyaning aktrisa bo‘lishi tayin edi.
Maktabni bitirgach, Natalya Shukin nomidagi teatr bilim yurtiga hujjat topshirdi.
U dramatik aktrisa bo‘lmoqchi edi. Bunga qat’iy ahd qilgandi. Shuning uchun kirish imtihoniga «Boris Godunov» asaridan Marina Mnishek monologini tayyorlab bordi va berilib ijro eta boshladi. Ammo... Avval hakamlardan biri yuzida tabassum paydo bo‘ldi, keyin bu kulgi boshqalarga ham ko‘chdi va aslida chuqur dramatik ma’noga ega monolog Natalya Seleznyova ijrosida qahqaha va olqishlar bilan qarshi olindi. Yo‘q, u obrazga juda yaxshi kirgandi, ammo jiddiy Marina Mnishek obrazi Natalyaning yosh bolalarnikidek mas’um va shirin chehrasiga hech yopishmagandi. Uni institutga qabul qilishdi, biroq unga dramatik emas, komik aktrisa ampluasini bashorat qilishdi va adashishmadi.
Ibo bilan…
«I operatsiyasi» filmidagi «yaxshi qiz Lida» roli Seleznyovaga mashhurlikni olib keldi. Sinovlar payti Gayday Natalya borasida ko‘p ikkilandi, hatto filmda ko‘ylak yechish sahnasi bor deya aktrisani qo‘rqitmoqchi ham bo‘ldi. Ammo Seleznyova Lidani o‘ynashga qat’iy ahd qilgandi, shuning uchun rejissyor oldida cho‘milish kiyimida dadil paydo bo‘ldi. Shundan keyin Gaydayda hech qanday shubha qolmadi. Filmda Seleznevaning «yechinishi» sahnasi shu qadar iboli va tabiiy chiqdiki, axloqiy masalalarga juda qat’iy qaraydigan badiiy kengash ham bir og‘iz e’tiroz bildirmadi.
Birdaniga kelgan mashhurlik Seleznyovani gangitib qo‘ymadi. U rol tanlashga juda mas’uliyat bilan yondashar, hadeb suratga tushishga ruju qo‘ymas, teatrda ishlab, mahoratini oshirishda davom etardi. Televideniyeda «13 stul» nomli komedik serial (hozirgi til bilan aytganda sitkom) suratga olina boshlandi va uni pani Katarina roliga taklif qilishdi. Bu aktrisa ijodidagi muvaffaqiyatli loyihalardan biri bo‘ldi. Loyiha bir necha yil davom etdi. Har bir seriyada Seleznyova rolni muvaffaqiyatli ijro etish bilan birga o‘sha payt Yevropa modasining eng yangi rusumlari bo‘yicha kiyinib chiqar, butun ittifoq ayollari unga taqlidan kiyinar va sochlarini turmaklardi. Ammo bir kun aktrisa kutilmaganda «qovun tushirib qo‘ydi». Bir dugonasi unga Parijdan chiroyli kostyum olib keldi, ammo yubkasi kalta – mini yubka edi. Natalya biroz o‘ylanib turdi-yu, tavakkaliga shu libosda kadrda paydo bo‘ldi. Oqibatda qattiq gap eshitdi va noto‘g‘ri o‘rnak ko‘rsatgani uchun gonoraridan mahrum etildi. Ha, Seleznyova ayollar uchun o‘rnak bo‘ladigan darajaga ko‘tarilgandi, bu darajaning esa o‘ziga yarasha mas’uliyati ham bor edi. Shundan keyin u har bir libosini o‘ylab kiyadigan, omma oldiga chiqishga mas’uliyat bilan qaraydigan bo‘ldi.
1990 yillardan boshlab aktrisaga rollar taklifi siyraklasha boshladi. Yangi zamon o‘zining yangi yulduzlarini kashf etdi. Ammo 2000 yillarning oxiriga kelib, Natalya Seleznyova ijodida uyg‘onish davri boshlangan. Unga yana ko‘plab rollar taklif etilmoqda. Lekin u hamon o‘sha-o‘sha — chertib-chertib rol tanlaydi.
Ekrandan hayotga ko‘chgan ertak
Turli mish-mishlarga qaramay Seleznyova ko‘z ochib ko‘rgan eri — rejissyor Vladimir Andreyev bilan qariyb 50 yildan beri baxtli turmush kechirib kelmoqda. Albatta, shunday sohibjamolga maftun yigitlar ko‘p edi, lekin aktrisa o‘zidan 15 yosh katta hamkasbini tanladi. Seleznyovaning keyinchalik tan olishicha, bu bir boqishda yuzaga kelgan bir umrlik muhabbat edi. Ular rejissyor Viktor Xramovning «Kalif-laylak» nomli teleertagini suratga olish jarayonida uchrashib qoldilar. Unda 23 yoshli Natalya Malika, 38 yoshli Vlamir Andreyev esa Shahzoda rolini ijro etdi. Bu ramziy ma’noga ega uchrashuv edi, zero Seleznyova shu kartina orqali hayotdagi shahzodasini ham topdi.
O‘g‘illarining tug‘ilishi bu ikki ijodkorni yanada yaqinlashtirdi. Biri ishga – suratga tushishga ketsa, ikkinchisi bola va uy ishlari bilan shug‘ullanar, doim bir-birini qo‘llashga intilishardi. Tanish-bilishlar bu juftlikka havas bilan qarardilar. Ular o‘rtasida bir-birini muxlislarga yoki shonu-shavkatga rashk qilish degan narsa umuman bo‘lmagan.
«Biz ijodkor, hissiyotga beriluvchan odamlarmiz. Ba’zan ovozimizni balandlatishimiz ham mumkin. Ammo ish janjalgacha borib yetmaydi, chunki biz bir-birimizni avaylaymiz. Oilada o‘zaro tushunish bo‘lmasa, er-xotin chegaradan chiqib ketishi mumkin, bu esa oila buzilishiga olib keladi», deydi aktrisa undan baxtli oilaviy turmush sirini so‘rashganida.
Seleznyova va Andreyevning Yegor ismli o‘g‘li bor, ammo u san’atni emas, diplomatiyani tanladi, hozir oilasi bilan xorijda yashaydi. Aktrisa nabirasi Alyosha o‘zining izidan ketishiga umid bog‘layapti, chunki bolada iste’dod kurtaklari ko‘zga tashlanayapti.
Andreyev ko‘plab kartinalarni suratga olgan, lekin birontasida ham Seleznyovaga rol nasib etmagan. Bu holatni aktrisaning o‘zi quyidagicha izohlaydi: «Biz ikki mustaqil ijodkormiz, o‘z yo‘nalishimiz bor. Turmush o‘rtog‘im meni ish bilan ta’minlash haqida hech qachon bosh qotirmasligidan xursandman, chunki shundoq ham menga takliflar yetib ortadi, hatto keng tanlov imkoniyatim ham bor. Avvallari do‘konlarda qo‘shib sotish aksiyasi bo‘lardi: etik oladigan bo‘lsangiz, vaza qo‘shib berilardi. Men Andreyev uchun bunday vaza bo‘lishni istamayman».
Shahnoza To‘raxo‘jayeva.