Toyloqlik hunarmand yigit daraxt ildizi, shoxlaridan san’at asari yaratyapti
Toyloq tumanining “O‘zbekiston” mahallasida yashovchi yosh hunarmand Sharif Fayziyev qo‘l mehnati asosida yog‘ochdan turli buyumlar yasaydi. Ishni boshlaganiga hali uch to‘rt oy bo‘lganiga qaramasdan, u tayyorlagan mahsulotlarning xaridori kun sayin ortib bormoqda.
Sharif hovlisidagi mo‘’jazgina ustaxonasida daraxt ildizidan, shoxlari va taxta qipig‘idan o‘ziga xos san’at asari yaratadi. 27 yoshli hunarmand yasayotgan mahsulotlarning turi bugun 20 ga yetdi. 200 ming so‘mdan 4 million so‘mgacha sotayotgan mahsulotlari evaziga oilaviy daromadi ham oshib borayotir. Qo‘li gul yosh ustaning aytishicha, bitta kichik mahsulotni tayyorlashga 4-5 soat, kattalariga bir kun vaqt ketadi. U shuningdek, tosh, qum, va turli qorishmalar yordamida ro‘zg‘orbop buyumlar yasayapti.
– Duradgorlikka bolalikdan qiziqaman, – deydi Sh.Fayziyev. – Ushbu kasbni tanlab, kam bo‘lganim yo‘q. Aholi talabidan kelib chiqib, yog‘ochdan stol, stul, gul tuvaklari, oshxona jihozlari, javonlar yasayman. Tuman markazidan yer olib, bankning imtiyozli krediti asosida ustaxona ochish niyatim bor. Zamonaviy uskuna keltirib, 5-6 nafar tengdoshimni ish bilan ta’minlamoqchiman.
Husan ELTOYeV.