Rangtasvirchi rassomlar orasida nega akademiklar yo‘q?
Samarqandda miniatyura san’ati temuriylar davrida qo‘lyozmalarni badiiy bezash ishlari bilan uyg‘un holda rivojlangan bo‘lsa, XVII asrda miniatyurachi rassomlar Muhammad Nodir Camarqandiy va Muhammad Murod Samarqandiylar o‘ziga xos “Siyohi qalam” kabi uslublari bilan portret janrida katta yangilik yasadi.
1931 yilda Samarqandga kelgan Chingiz Ahmarov Samarqand badiiy texnikumi, u yerda o‘qiydigan bolalar, rassomchilikda dars o‘tayotgan domlalar havasimni keltirib, o‘ziga chorlar edi, deb eslaydi. Chunki bu maskanda O‘zbekiston xalq rassomi Pavel Benkov va uning shogirdlari mashhur shahar tarixi, me’moriy yorgorliklari, milliy libos kiygan mo‘ysafidlar hamda oq ro‘mol yopingan ayollar tasvirini Samarqandning go‘zal tabiati fonida ifoda qilib berishar edi.
P.Benkovning shoh asarlari - “Dugonalar”, “Yangi oilada”, “Bibixonimda bahor”, “Jangchiga sovg‘a”, “Registonda 8 mart” kabilar mana shunday hayratlar natijasida chizilgan.
Samarqandda miniatyura san’atining rivojlanishi va munosib davom etishida Namoz Sultonov ham salmoqli ijod qildi. Talabalik yillaridayoq, rassom Chingiz Ahmarovdan saboq oldi. Mirzo Ulug‘bek filmiga eskizlar ishlash, Ulug‘bek rasadxonasi muzeyining ichki devorlari hamda Toshkentdagi Sharqshunoslik muzeyini mahobatli tarzda bezash ishlarida ustozi saboqlari qanot bo‘ldi.
Namoz Sultonov ijodiy ishlarini kuzatar ekansiz monumental rangtasvirdan tashqari, eng murakkab janr - portret janri asosiy o‘rinni egallaydi. Rassom, lirik asarlar kuychisi, shu sababli zamondoshlari portretlarining yaxlit bir galereyasini yaratgan. Ular orasida yetuk san’atkorlar – ta’mirchi, ganchkor usta Ibrohim Shermuhamedov, usta kulol Abdurahim Muxtorov, taniqli haykaltarosh Ahmad Shoymurodov, shoir Dushan Fayziy, o‘nlab avtoportretlar va samarqandlik zamondosh talaba yoshlar siymosi uchraydi.
1992 yilda san’atshunos G.Temurova tomonidan Moskva shahrida “Samarqandlik rassomlar” ko‘rgazma katalogi chop ettirildi. 1997 yilda “Go‘zallik dunyoni qutqaradi”, 1999 yilda esa “ART and Beauty” nomli xalqaro ko‘rgazmalarda rassomlar Asliddin Isayev, G.Ulko, N.Sultonov, M.Samatov faol ishtirok etdi. Rassomlar A.Isayev va X.Salohiddinovlar ajoyib devoriy rasmlar yaratdilar. Shu asosda 1999 yilda Koreyada rangtasvirchi rassom A.Isayevning ijodiy albomi nashrdan chiqdi.
Bugun O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limida 90 ga yaqin a’zo, 2 nafar O‘zbekiston badiiy akademiyasi haqiqiy a’zosi, akademik (kulollar), 4 ta O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, 2 ta O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, 2 nafar yana boshqa davlat mukofoti laureati, ko‘plab iste’dodli rassom, haykaltarosh va kulollar faoliyat ko‘rsatadi. Ularning ijodiy ishlari doimiy ravishda xalqqa namoyish etilmoqda.
Samarqand o‘zining ijodiy salohiyati bo‘yicha poytaxtdan keyingi o‘rinda turadi. Ammo O‘zbekiston badiiy akademiyasi tashkil etilganidan buyon shahrimiz rangtasvirchi rassomlari orasida birorta ham akademik yo‘qligi og‘riqli nuqtamiz. Kelajakda dastgohli va monumental san’at yo‘nalishi rassomlari orasidan ham akademiklar, xalq rassomlari yetishib chiqishini istaymiz.
Dilshoda SULTONOVA,
san’atshunos.