Navoiy va Samarqand viloyati matbuoti: Tahlil, tajriba, taqqos

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi raisi Otabek Aslanov va Navoiy viloyatining bosh nashri - “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasi bosh muharriri Boboqand Umarov viloyat Matbuot uyida bo‘lib, Samarqand matbuoti, uning tarixi va tahririyatda kechayotgan bugungi ish jarayoni bilan tanishdi, muxbirlar bilan suhbatlashdi.
Samarqand biz uchun hamisha qadrli joy, har jabhada o‘rgansa arziydigan jihatlari ko‘p, - deydi O.Aslanov. - Jumladan, Samarqand jurnalistikasining tarixiyligi va bugun zamon bilan birday odimlayotgani bilan ham ahamiyatli. Viloyat matbuot muzeyida Samarqand jurnalistikasining 112 yillik tarixi bilan tanishib, o‘zimizga ko‘p xulosalarni oldik. Viloyatimizda ham shu kabi muzey tashkil qilishni maqsad qildik. «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari tahririyati, «Ovozi Samarqand» gazetasi faoliyati, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, hamkasblarimiz bilan tajriba almashdik. O‘zaro suhbatlarda matbuotning jamiyatdagi o‘rni haqida bahslashdik, jarayonlarni tahlil qildik va avvalgi yillar bilan taqqosladik.
Suhbat davomida «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev ustoz Ahmadjon Muxtorovning "Gazeta - aql qayrog‘i, tafakkur chirog‘i, ijod qaymog‘i, yurak qiynog‘i" degan naqlsifat iborasini yodga olib, uning o‘z davrida hamkasblar uchun shior bo‘lganini ta’kidladi.
- Gazeta bugun ham o‘z qiymati va qimmatini yo‘qotgan emas, - dedi F.Toshev. - Faqat sahifalarida bugunning dolzarb muammolarini dadil ko‘tarib chiqish, iqtisodiy va ijtimoiy tahlillarni ko‘paytirish, odamlarni mulohaza, mushohada qilishga chorlaydigan o‘tkir mavzudagi maqolalarni berib borish kerak. Bu borada Samarqand va Navoiy viloyati matbuot nashrlarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar o‘zaro tajriba almashib turishi o‘zining samarasini beradi.