Navoiyda IIB xodimi pichoqlandi
14 dekabr kuni Navoiy viloyatida fuqaroning chaqirig‘i bo‘yicha kelgan ichki ishlar xodimi pichoqlandi. Bu haqda “Postda” nashri xabar berdi.
Zarafshon shahar 2-kichik tumanida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan H.J. uyiga mast holda qaytib, janjal ko‘tarib, turmush o‘rtog‘i R.I.ni o‘ldirish bilan tahdid qilgan.
H.J. uyidan o‘tkir tig‘li buyum topolmay ko‘chaga otlanganidan foydalangan R.I. hududda xizmat olib borayotgan Zarafshon shahar IIB HPB profilaktika inspektori, leytenant Farid Soibovga murojaat qiladi.
Profilaktika inspektori jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchisi Z.Erkinov bilan birga voqea joyiga yetib borgan.
Ko‘chadagi do‘kondan oshxona pichog‘ini sotib olib, uyiga qaytgan H.J. eshik oldida ichki ishlar organi xodimini ko‘rgach, ichkariga kirishga harakat qiladi. Biroq bunga yo‘l qo‘ymagan leytenat F.Soibov vaziyatga oydinlik kiritish uchun gaplashib olishlari lozimligini ma’lum qiladi. Shu payt fuqaro H.J. yengi ichida yashirib olgan pichoq bilan uning qorin qismiga bir necha marta jarohat yetkazib, ichkariga bostirib kiradi.
Og‘ir jarohat olgan bo‘lishiga qaramasdan profilaktika inspektori H.J.ni qo‘lga olib, zararlantirishga muvaffaq bo‘ladi.
F.Soibov og‘ir ahvolda shahar tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizildi. O‘z vaqtida zarur choralar ko‘rilgani sababli ichki ishlar organi xodimining hayoti saqlab qolindi.
Fuqaro H.J.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olindi.
“Yuqori jangovar shaylik va jasorat namunasini namoyish etgan leytenant F.Soibovni rag‘batlantirish choralari ko‘rilmoqda”, deyiladi xabarda.