Navoiylik shifokorlar koronavirus yuqtirgani rostmi?
Navoiy viloyati ftiziatriya va pulmonologiya markazi xodimi S.Ahmadov ijtimoiy tarmoqlar orqali Prezidentga murojaat qilib, o‘zi faoliyat olib borayotgan shifoxonadagi ayrim xodimlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan bo‘lsa-da, mas’ullar tomonidan hech qanday chora ko‘rilmaganini bayon qilgan edi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ushbu holat yuzasidan bayonot berdi.
Qayd etilishicha, tegishli mutaxassislar tomonidan olib borilgan o‘rganish va surishtiruv ishlariga ko‘ra, haqiqatan ham mazkur tibbiyot muassasasining reanimatsiya bo‘limida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlarining bir nechtasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishning dastlabki holatlari qayd etilganligi o‘z tasdig‘ini topgan.
"Yuqoridagilarni inobatga olib, sog‘liqni saqlash boshqarmasining 2020 yil 23 iyundagi 132-sonli buyrug‘iga asosan Navoiy viloyati ftiziatriya va pulmonologiya markazining reanimatsiya bo‘limi karantinga yopilib, huquq tartibot xodimlari tomonidan qo‘riqqa olingan.
Shuningdek, muassasada faoliyat olib borayotgan boshqa barcha tibbiyot xodimlari, bemorlar hamda ular bilan yaqin muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar umumiy nazoratga olinib, karantin tartiblari qat’iylashtirilgan", deyiladi rasmiy bayonotda.