Shifokorni tog‘lar orasiga borishga nima majbur qildi, 30 million so‘mmi yoki?..
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida faoliyat yuritgan shifokor tog‘lar orasidagi qishloqqa borib ishlashining sababi, orzu va armonlari haqida gapirib berdi.
- 13 yoshimda otam olamdan o‘tdi. Onam 5 farzand bilan yolg‘iz qoldi, - deya gap boshladi Anvar Rajabov. - Men oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lganim uchun unga ro‘zg‘or tebratishda, uy ishlarida ko‘maklashgim kelardi. Onam esa buni istamasdi. U meni faqat o‘qish bilan shug‘ullanishimni, shifokor bo‘lishimni, shifokor bo‘lgandayam halol, mahoratli, kasbga sadoqatli bo‘lishimni xohlardi. O‘qishga kirib, uni tugatgunimcha hech narsaga chalg‘imasligimni, yetuk mutaxassis bo‘lishim zarurligini, oq libos kiyganimni ko‘rsa armoni qolmasligini qayta-qayta takrorlardi.
Maktabni tamomlab, onam orzu qilgandek, shifokor bo‘lish istagida oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirdim. Ammo imtihondan o‘tolmadim. Bilimim yetarlimasligini sezgandim. Keyin bir yil Samarqand shahrida tayyorgarlik ko‘rdim. Yana natija bo‘lmadi.
O‘sha kezlarda Kattaqo‘rg‘on tumanining olis qishlog‘i - Jizmonsoyda nafaqat Samarqand, balki Navoiy viloyatida ham taniqli bo‘lgan kimyo-biologiya o‘qituvchisi Pirmamat Mirzayev borligidan xabar topdim. Boshqa men kabi abituriyentlar viloyat markaziga yoki poytaxtga intilsa, men shu qishloqda o‘qishga tayyorgarlik ko‘rishni maqsad qildim.
Afsuski, bu urinish ham besamar ketdi. Bilimim bor, ammo pul yo‘q edi. Puli borlar o‘qishga kirishi qiyin bo‘lmagan davr edi o‘shanda. Sababi, ko‘z oldimda “shpargalka”, telefon va boshqa turli vositalar orqali test savollariga qiynalmasdan javob topayotgan tengdoshlarimni ko‘rganman. Alam qilgan. To‘lov shartnoma asosida o‘qish imkoniyati bor edi, ammo onamga qo‘shimcha yuk bo‘lishimni istamasdim. Bu paytlarda 5 nafar bolani katta qilaman, deb onam ham salomatligini yo‘qota boshlagan edi.
Shifokor bo‘lishimni o‘zimdan ham ko‘proq onam xohlar edi. Shu istakni so‘ndirmagan holda Jizmonsoyga qaytdim. Yana bir yil davomida shu qishloqda o‘qishga tayyorgarlik ko‘rdim, ustoz Pirmamat Mirzayevning dars o‘tishi menga ma’qul edi. Nihoyat uchinchi urinishda Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga grand asosida o‘qishga qabul qilindim.
7 yil davomida oliy ta’lim muassasasida, onam aytganidek, hech narsaga chalg‘imasdan ta’lim oldim. O‘qishni tugatib, institutimiz klinikasiga ishga kirdim. Bu yerda oliy o‘quv yurtida olgan bilim va ko‘nikmalarimni mustahkamlay boshladim.
Onamning orzusi amalga oshdi. Oq libos kiyganimni ko‘rdi-yu, bu olamni tark etdi. Onamning armoni qolmagandir, ammo shifokor bo‘lib, uning dardiga darmon bo‘lolmaganim men uchun armon bo‘lib qoldi.
Hayot davom etarkan, uka-singillarimga bosh bo‘lish mening vazifam edi. Ularni ham oliy ma’lumotli qilishga harakat qildim. 2020 yilda o‘zim tug‘ilib o‘sgan Xatirchi tumaniga qaytdim. Tuman markaziy shifoxonasida bir yilcha faoliyat olib bordim.
Shundan so‘ng, Prezident qaroriga ko‘ra “Olis va chekka hududlarni tibbiyot xodimlari bilan ta’minlash dasturi” ishlab chiqildi. Bu mening ko‘nglimdagi gap edi. Sababi, o‘qishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Kattaqo‘rg‘on tumanining olis Jizmonsoy mahallasi aholisining oddiy kasalliklarga ham davo topolmay qiynalishganiga guvoh bo‘lganman. Birgina tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun 40-50 kilometr yo‘l bosib, tuman markaziga borishga majbur bo‘lardi. Avvalo shu sabab, qolaversa, ikki yil davomida mazkur qishloqda yegan non-tuzimni oqlash uchun ham "Jizmonsoy" oilaviy shifokorlik punktida ishimni davom ettirishga qaror qildim.
Bu yerda oylik maoshdan tashqari bir martalik 30 million so‘m mablag‘ berildi, shuningdek, har oyda 500 ming so‘mdan yo‘l kira haqi to‘lanyapti. Shuningdek, har oyda 2 million so‘m qo‘shimcha ustama beriladigan bo‘ldi.
Punktimizning xizmat ko‘rsatish radiusi 28 kilometr. Tog‘lar orasida joylashgan Tog‘chinoq qishlog‘i mahalla markazidan 18 kilometr uzoqlikda joylashgan. Zarur chaqiruvlar bo‘lganda, ayniqsa, qor-qirovli kunlarda bu qishloqqa borib kelish juda mushkul. Asosan, mototsikl yoki otda boriladi.
Aholini o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turish yaxshi samara beradi. Bundan bir yarim yil ilgari o‘tkazilgan ko‘rik natijasida aholi orasida 1026 nafar surunkali kasalligi bor bemorlar aniqlangan edi. Bugungi kunga kelib, bu ko‘rsatkich 476 taga tushgan. Hozirda qolganlarini ham davolab, barchasini butkul sog‘lomlar safiga qo‘shishni niyat qilganmiz.
Qiyinchiliklar bor, o‘ziga yarasha, ammo bu yerga kelib ishlayotganimdan afsuslanmayman. Asosiysi, olis hudud aholisini rozi qilish. Qishloq odamlari juda samimiy. Ular bilan qadrdonmiz. Turmush o‘rtog‘im va ikki farzandim bilan bu qishloqqa kelganimizda bizni kutib olishidan ularning mehmondo‘stligi sezilib turardi. Mana, bir yil ichida ular bilan og‘a-ini, qarindoshdek bo‘lib qoldik.
Biz zo‘r mutaxassis bo‘lganimiz bilan tibbiy punktda yetarli sharoit bo‘lmasa bari bekor. Punktimiz 4200 nafar aholiga xizmat qiladi. Bu yerda ko‘pgina imkoniyatlar yaratilgan. 127 xil dori-darmon bilan ta’minlangan. Tez tibbiy yordam shoxobchasi ishlab turibdi.
Shartnomada belgilangan muddatda, ya’ni 3 yil davomida shu mahalla ahliga qo‘limdan kelgancha xizmat ko‘rsatishni maqsad qilganman. Keyin esa yana poytaxtga borib, ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olmoqchiman. Diagnostika sohasini mukammal o‘rganib, shu bo‘yicha izlanishlar olib boraman.