Koreyalik shifokorlar bilan hamkorlikni uzaytirish kelishildi
Bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyin xavf soladigan xastalik sanaladi. Ko‘krak bezi va oshqozon saratoni kabi kasalliklardan keyingi o‘limga yetaklaydigan xavfli kasaliklardan biridir. Ayniqsa, fertil yoshidagi ayollar va qizlar orasida bachadon bo‘yni saratoni ancha xatarlidir. Aksariyat hollarda kasallik kech tashxis qo‘yilganligi sababli salbiy oqibatlarga olib keladi. Bachadon bo‘yni saratonini keltirib chiqaradigan asosiy omillardan biri, odam papilloma virusi hisoblanadi. Xavfli oqibatlarga olib keladigan bachadon bo‘yni saratonidan ayollarni imkon qadar saqlash uchun kasallikni keltiruvchi virusiga qarshi 15 yoshgacha bo‘lgan qizlarning 90 foizini emlash hamda 35-45 yoshli ayollarning barchasini profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish kerak.
Viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasida viloyatda fertil yoshdagi ayollarda odam papilloma virusini aniqlash va bachadon bo‘yni saratoni kasalligining diagnostikasini takomillashtirish loyihasi yuzasidan o‘tkazilgan tadbirda ushbu xastalikning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.
Anjumanda Janubiy Koreyaning KOFIH (Koreya xalqaro Sog‘liqni saqlash jamg‘armasi) Prezidenti, janob Kim Chang Yop hamda mazkur tashkilotning O‘zbekistondagi vakili va boshqa qator tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi. Ta’kidlash o‘rinliki, mazkur tashkilot hamkorligida viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida pappiloma virusini aniqlash uchun mo‘ljallangan PZR uskunalari hamda suyuq sitologik laboratoriyasi tashkil etilgan.
-2022 yilning avgust oyida koreyalik hamkasblarimiz bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygandik, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Suhrob Zayniyev. – Bachadon bo‘yni saratonining oldini olish bo‘yicha olib borilgan hamkorligimiz natijasida 2022 yilning avgust oyidan 2023 yil yanvar oyigacha viloyatimizda 6385 nafar fertil yoshidagi ayollardan tahlillar olinib, tekshirishdan o‘tkazildi. Shundan 462 nafar ayollardan xastalik aniqlanib, birlamchi tizimda ularni sog‘lomlashtirish maqsadida dispanser nazoratiga quyildi.
Tadqiqotchi olimlarning ta’kidlashicha, ko‘rsatilgan barcha profilaktik choralarga rioya qilish 2050 yiliga 40 foizgacha kasallikni kamayishiga hamda 5 milliondan ortiq o‘limning oldini olinishiga olib keladi.
Tadbir so‘ngida viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi ma’muriyati va Janubiy Koreyaning KOFIH fondi (Koreya xalqaro Sog‘liqni saqlash jamg‘armasi) prezidenti janob Kim Chang Yup bilan “Samarqand viloyati hududlaridagi ayollar o‘rtasida odam papilomasi virusini aniqlash va bachadon bo‘yni saratoni kasalligining diagnostikasi bo‘yicha imkoniyatlarini takomillashtirish” loyiha memorandum imzolandi.
Mazkur memorandum 2022 yil avgust oyida Janubiy Koreya KOFIH O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi o‘rtasida imzolangan investitsiya loyiha hamkorlik shartnomasi 2023 yilda ham davom ettiriladi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, investitsiya loyiha hamkorlik shartnomasining umumiy qiymati bir million yevroni tashkil etadi.