Ishtixonda koronavirusga qarshi kurashgan tibbiyot xodimlariga 275 million so‘mlik ustamalar to‘lab berilmagani aniqlandi
Tegishli huquqiy hujjatlarga ko‘ra, tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar ham joriy qilingan edi.
Respublika Prezidentining 2020 yildagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida mazkur ustama ko‘zda tutilgan.
Tuman adliya bo‘limi tomonidan mazkur hujjat ijrosi o‘rganilganida koronavirusga qarshi kurash tadbirlariga jalb etilgan tuman SEO va JS (Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi) bo‘limi xodimlariga 2021 yil may-iyun oylarida jami 275 805 479 so‘m olti foizlik qo‘shimcha to‘lovlar xodimlarning oylik ish haqiga qo‘shib to‘lab berilmaganligi aniqlandi. Bu haqda Zarnews’ga tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Akbar Jovliyev ma’lum qildi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, tuman adliya bo‘limining 2021 yil 23 iyuldagi taqdimnomasiga asosan, SEO va JS bo‘limining 65 nafar xodimiga 275 805 479 so‘m 6 foizlik qo‘shimcha to‘lovlar to‘lab berilishi ta’minlangan.