Bemor bolani ko‘tarib, bir kilometr masofaga yugurgan shifokor
Narpay tumanining chekka hududida joylashgan oilaviy shifokorlik punkti 5 ta mahallaga - 17 mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatadi. Malakali mutaxassis Mahbuba Tosheva shu punktda 5 yildan buyon mudira vazifasida ishlab keladi.
- 1991 yilda shifokorlik faoliyatimni boshlaganman, - deydi M.Tosheva. – 17 yildan beri mudira vazifasida ishlab kelaman. Mazkur punktga rahbarlik qilayotganimga esa 5 yil bo‘ldi. Oilaviy shifokorlik punkti mavqei, asosan, onalar va bolalar o‘limi hamda tug‘ilish ko‘rsatkichlariga bog‘liq. Keyingi 5 yilda hududda onalar va bolalar o‘limi kuzatilmadi. Tug‘ilish ko‘rsatkichi ham kamaygan.
Avvallari qishloq vrachlik punktlarida aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun sharoitlar yetarli emas edi. Bugungi kunda ko‘pgina imkoniyatlar yaratildi.
- Bir paytlar tibbiyot muassasamizda faqat qon va siydik tahlillari qilinardi, xolos, - deydi mudira. – Bugungi kunda oilaviy shifokorlik punktlari ham 9 xildagi reaktivlar bilan ta’minlanib, biokimyoviy tahlillar amalga oshirilyapti. Natijada kasalliklar vaqtida aniqlanib, shu yerning o‘zida davolash choralari ko‘rilmoqda. Oddiy laborator tahlillar uchun aholining uzoq yo‘l bosib, tuman yoki viloyat markazlariga borishiga hojat qolmadi.
Har bir inson bolaligida katta bo‘lsa qaysidir kasb egasi bo‘lishni orzu qiladi. Mahbuba Tosheva ham shifokor bo‘lishni 6 yoshligida orzu, nafaqat orzu, balki maqsad qilgan ekan.
- Bola edim, 8 yashar opam olamdan o‘tib qoldi, - deydi u. – O‘sha paytda o‘zimdan ham ko‘proq onamning qay darajada azob chekkani hech esimdan chiqmaydi. Shunda, katta bo‘lsam albatta zo‘r shifokor bo‘laman, hech bir onaning farzandi o‘lmaydi, deb niyat qilganman. Orzuim amalga oshdi. Bundan faxrlanaman. Ammo afsuslangan paytlarim ham bo‘lgan...
Bundan o‘n yillar ilgari xonamga og‘ir ahvoldagi go‘dak bilan bir ayol kirib keldi. Qishloq vrachlik punktida unga yordam berishimiz uchun imkoniyat yo‘q edi. Uni tuman markaziga zudlik bilan yetkazishimiz kerak edi. O‘sha paytlarda qishloqda taksi topish ham amrimahol edi. Katta ko‘chagacha 1 kilometrdan ziyod masofaga bolani ko‘tarib yugurganman, ortimda go‘dakning onasi yig‘lab chopardi. Markaziy shifoxonaga bir amallab yetib bordik, ammo u yerda ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasadan bola nobud bo‘lgan. O‘sha kezda shifokor bo‘lganimga afsuslanganman. Bugun esa vaziyat boshqacha. Xuddi shunday ahvolda kelgan bolalarni qishloq oilaviy shifokorlik punktida davolayapmiz. Aholi ham xursand, biz ham.
Ha, keyingi yillarda boshqa sohalar kabi tibbiyotga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Yaratilayotgan imkoniyatlar Mahbuba opa kabi shifokorlarimizni bu kasbni tanlaganidan afsuslanishga emas, faxrlanishiga sabab bo‘lmoqda.
- Ko‘pgina mashhur san’atkorlar bilan bo‘lgan suhbatlarni kuzataman, - deya so‘zida davom etdi suhbatdoshimiz. – Jurnalistlar ularga, qayta dunyoga kelsangiz yana san’atkor bo‘lgan bo‘larmidingiz, degan savol beriladi-ku. Agar menga shu savol berilsa, albatta, vrach bo‘laman, deb javob bergan bo‘lardim. Chunki, mas’uliyatli bo‘lgan ushbu kasbim bilan faxrlanaman.
To‘lqin Siddiqov,
Sitora Rustamova,
Husan Eltoyev (video).