Narpayda XI-XII asrlarga oid turarjoy hamda xumdon topildi
Narpay tumanida 60 dan ortiq arxeologik va arxitektura yodgorliklari aniqlangan bo‘lib, ular davriylik jihatidan paleolit, antik, ilk va so‘nggi o‘rta asrlarga oid. Ya’ni, hududning antropogen landshafti qadim ajdodlarimiz tomonidan doimiy o‘zlashtirib borilganligidan guvohlik beradi.
Tumanning eng qadimgi yodgorliklari bo‘lgan Qo‘tirbuloq hamda Zirabuloq makonlari ibtidoiy odamlar tomonidan o‘rta va so‘nggi paleolit davrlaridanoq o‘zlashtirilgan. Mazkur yodgorlikdan topilgan paleolit davriga oid topilmalarning asosiy qismi tosh qurollarni tashkil etib, ularni yasashda xomashyo sifatida ko‘proq diorit va kvarsli galkalardan foydalanilgan. Yodgorliklarda faunistik qoldiqlar ham mavjud bo‘lib, ularda yovvoyi ot, ho‘kiz, qulon va bug‘u suyaklari uchraydi.
Yaqinda tumanning Toshko‘prik mahallasidagi Rabinjon yodgorligidan yana bir topilma - turarjoy o‘rni va xumdon topildi.
Xo‘sh, Rabinjon o‘zi qanday arxeologik yodgorlik?
O‘rta asrlar yozma manbalarida keltirilishicha, Rabinjon Xurosonga boradigan katta yo‘l (Samarqand va Buxoroni bog‘lovchi “Buyuk ipak yo‘li” tarmog‘i) ustida joylashgan Markaziy Sug‘dning yirik shaharlaridan biri bo‘lgan, - deydi Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodov. – Shahar 150 gektar maydonni egallagan bo‘lib, ark, shahriston va rabotdan tashkil topgan. Shahristonda aholi, arkda hukmdor, rabotda hunarmandlar va harbiylar yashagan. Manbalarda Rabinjon aholisi ko‘p bo‘lgani, dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik hamda savdo-sotiq bilan shug‘ulanganligi qayd etilgan. Ayniqsa, gilamlari bilan juda mashhur bo‘lgan. Ko‘hna kent Dobusiyadan 5 farsah (1 farsah - 6-8 kilometr), Samarqanddan esa 12 farsah masofada bo‘lgan. Mazkur shahar o‘rni hozirda Narpay tumani Toshko‘prik mahallasiga to‘g‘ri keladi. Joriy yilning iyul oyidan Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti arxeologik otryadi tomonidan yodgorlikning shahriston va rabot qismlarida olib borilgan arxeologik qazishma ishlari natijasida XI-XII asrlarga oid turarjoy o‘rni hamda xumdon borligi aniqlandi.
Yodgorlikda olib borilgan arxeologik qazishmalarning ilmiy tahliliga ko‘ra, Rabinjon o‘z-o‘zidan vujudga kelib qolmagan. Yodgorlik miloddan avvalgi II ming yillikning birinchi yarmida paydo bo‘lgan. U ko‘hna Oromijon shahri xarobasi o‘rnida qad ko‘targan. O‘rta asrlarda qadimiy Rabinjonga qarashli bo‘lgan Sakon yoki Askon, Sankabot, Furfora va Karzon kabi qishloqlarning nomlari ham uchraydi. Samarqand-Buxoro karvon yo‘lida bunyod etilgan bu shaharning shahriston qismi ilk o‘rta asrlarda mudofaa devorlari bilan mustahkamlangan va IX asrning oxiri XI asrning o‘rtalarida shahar yanada kengaytirilgan. Yaqinda topilgan turarjoy ham aynan shaharning shahriston qismiga to‘g‘ri keladi.
Rabinjon yodgorligidan topilgan turarjoy shahriston qismi bo‘lib, 5,5x3,5 metr o‘lchamda barpo etilgan, - deydi Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti doktoranti Navro‘z Alimov. – Devorlarning qalinligi 80 santimetrdan 1 metrgacha yetsa, eshikning kirish qismi 90 santimetrni tashkil etadi. Shuningdek, polning ustki qismida diametri 44 santimetrli o‘choq bo‘lib, xonadonni isitishda foydalanilgan. Bu yerdan topilgan sopol buyumlar, tangalar, g‘isht va turarjoy qoldiqlarining o‘lchamidan ma’lum bo‘ldiki, topilmalar qoraxoniylar davriga, yani XI-XII asrlarga oid deb davrlashtirildi.
O‘rganishlarimiz natijasida shaharning janubiy-sharqiy qismidan XI-XII asrlarga oid, sopol buyumlar tayyorlangan xumdon topildi, - deydi institut katta ilmiy xodimi Alisher Sandiboyev. – Ikki yarusli xumdonning pastki qismida olovxona bo‘lgan, yuqori qismida esa sopol pishirilgan. Afsuski, xumdonning sopol pishiriladigan qismi bizgacha saqlanib qolmagan. Xumdonning olovxona qismi o‘tinni tejash maqsadida to‘liq g‘isht bilan yumaloq shaklda qurilgan. Rabinjon shahridagi kulolchilik namunalarining aksariyat qismi o‘sha davrlarda aynan shu xumdonda tayyorlangan.
Arxeologik tadqiqotlarga ko‘ra, mazkur yodgorlikdan olingan sopol bo‘laklari IV-V asrlardan XIX asrlargacha mansubdir. Shu bois bu yerda hali keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borishimiz lozim.
Narpay tumanida qadimgi joy nomlarini aniqlash va mavjud arxeologik yodgorliklarda keng qamrovli qazishma ishlarining davom ettirilishi yurtimiz tarixini yanada chuqur o‘rganish va anglash imkonini beradi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.