“Kasal bo‘lishga haqqingiz yo‘q, ustoz!”

Lobar Boyqobilova - oliy toifali o‘qituvchisi. U Oqdaryo tumanidagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 31 yildan beri biologiya va kimyo fanidan o‘quvchilarga dars berib keladi.

O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan davlatimiz rahbari bir guruh fidoyi, mahoratli pedagoglarni davlat mukofoti bilan taqdirladi. Mukofotlanganlar orasida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” faxriy unvoniga loyiq ko‘rildi.

- O‘qituvchilik kasbiga mehrim ota-onamdan o‘tgan, - deydi Lobar Boyqobilova. – Otam Toshtemir Boyqobilov Jizzax pedagogika institutida talabalarga biologiya fanidan dars bergan, biologiya fanlari nomzodi, dotsent edi. Onam Fotima Hayitova boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lgan. Pedagoglar oilasida voyaga yetganim uchun men ham shu kasbni tanladim.

Maktabga kirsam dunyo tashvishlarini unutaman, shu sababli kasbimni juda yaxshi ko‘raman. Biologiya - hayot haqidagi fan. Darsimni hayotiy misollar bilan o‘taman. Shuning uchun bolalar biologiyani qiziqib o‘qiydi. Ularni shu fanga qiziqtira olganim uchun bo‘lsa kerak shogirdlarim Muattar To‘xtayeva, Noila Hasanova, Gulshoda Ahmedovalar men bilan bir jamoada ishlaydi. Ko‘pgina shogirdlarim shifokor, ular orasida infeksionist, okulist, pediatr, xirurglar bor. Ular mendan tez-tez hol so‘rab turishadi. Issiq jon, biror joyim og‘rib turgan qolsa, maslahat so‘rayman. Kerakli maslahatni berib, “Doimo sog‘ bo‘ling, ustoz! Sizning kasal bo‘lishga haqingiz yo‘q!”, deyishadi kulib.

O‘qituvchining 8-sinflar uchun odam va uning salomatligi laboratoriya mashg‘ulotlari ishlanmasi tuman miqyosida ommalashgan.

Xurshida ERNAZAROVA.