Chempionlar ortidagi murabbiylar

Ishtixon tumani sport maktabidan mamlakatimiz dovrug‘ini dunyoga tanitib kelayotgan sportchilar yetishib chiqyapti.

Jumladan, O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempionlari — Nigina O‘ktamova, Gulsevar G‘aniyeva, Sanobar Bozorboyeva, Maftuna Musurmonova, Baxtiyor Yaxshiboyev, Azamat Obloqulov kabi nomdor sportchilar jahon arenalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda.

Albatta, sportda murabbiylarning, soha mas’ullari hamda mutasaddilarning bevosita ishtirokisiz yaxshi natijaga erishib bo‘lmaydi. Bu borada tumanimizda shunga yarasha imkoniyat, sportga e’tibor, tajriba va mustahkam maktab mavjud. Asosiysi, sohada o‘z ishiga sodiq va fidoyi insonlar mehnat qilmoqda.

Misol uchun tuman sport maktabi boks sport turiga ixtisoslashgan bo‘lib, yoshlarimiz erishayotgan yutuqlarda boks murabbiylar Akram Uzoqov, Xurshid Tursunov hamda Azim Xudoyqulovning xizmatlari beqiyos. Xususan, faxriy bokschi va sport ustasi Akram Uzoqov tumanda ilk bor boks to‘garagini tashkil etgan va 35 yildan buyon shogird tayyorlab kelmoqda.

U faoliyati davomida o‘nlab sport ustalari, mamlakatimiz, Osiyo va jahon chempionlari, xalqaro turnirlar g‘oliblarini tayyorlagan. Bugungi kunda shogirdlari jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotganini ko‘rib faxrlanamiz. Bunday yutuqlar, avvalo, mamlakatimizda sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor va yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash siyosati samarasidir.

Xurshid Tursunov ham tumanda eng ko‘p chempion yetkazib berayotgan murabbiylardan biri. O‘zbek bokschi qizlari orasida birinchi bo‘lib jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Nigina O‘ktamova hamda ikkinchi jahon chempioni Gulsevar G‘aniyevaning murabbiyi.

- Xurshid aka sportdagi asosiy xislat intizom, mehnat va raqibni hurmat qilishligini ta’kidlaydi, - deydi Osiyo va jahon chempioni Gulsevar G‘aniyeva. - Murabbiyimning sa’y-harakati bilan ota-onam ham keyingi faoliyatimga umid bag‘ishlagan. U kishinining qo‘l ostida terma jamoaga qabul qilindim, 2021 yilda O‘zbekiston chempioni, Rossiyada boks bo‘yicha qizlar o‘rtasidagi xalqaro turnir g‘olibi, Dubayda o‘smir va yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida dastlabki oltin medalga sazovor bo‘ldim. 2022 yilda Ispaniyada yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionati g‘olibi, O‘zbekistonda yilning eng yaxshi yosh sportchisi degan nomga ega bo‘ldim. 2023 yilda Belarus poytaxti Minsk shahrida II MDH sport o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdim. Endi ustozim maslahatlariga amal qilib, olimpiada chempioni bo‘lmoqchiman.

Ayni paytda sport maktabimizda 2300 nafardan ziyod o‘g‘il-qizlarga 54 nafar trener-o‘qituvchi sportning 22 turi bo‘yicha murabbiylik qilmoqda. Sportchilarimizning 18 nafari O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy, 20 nafardan ziyodi zaxira tarkibiga qabul qilingan.

Bugungi kunda sport maktabimiz tasarrufida zamonaviy jihozlangan o‘nlab yopiq va ochiq turdagi sport inshooatlari, futbol, voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi maydonlari, bokschilar, taekvandochilar, kurashchilar uchun alohida sport zallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Tajribali murabbiylarni yanada ko‘paytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni musobaqalarga tayyorlash, chempionlar safini kengaytirish jamoamiz oldida turgan asosiy vazifa.

Olim Sa’dullayev,
sport maktabi direktori.