Texnikum bitiruvchilari qayerda ishlaydi?

Bozor munosabatlarining muhim sharti - talab va taklif.
Bugungi kunda aholi bandligini ta’minlashda ham ayni shu tamoyil ishlamoqda. Ya’ni, korxonaga qaysi yo‘nalishdagi mutaxassis kerak va u qayerda? Mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar qaysi mutaxassislikni tanlasin va buni qanday aniqlaydi?
Ochig‘ini aytganda, ehtiyoji bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ikkita jabha o‘rtasida shu kungacha bog‘liqlik yo‘q edi. Oqibatda qo‘lida diplom bilan ishsiz qolayotgan qatlam paydo bo‘ldi. Endi-chi?
- Davlatimiz rahbarining 2024 yil 16 oktyabrdagi “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ayni shu yo‘nalishdagi ishlarga yechim bo‘ldi, - deydi Samarqand veterinariya meditsinasi texnikumining ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ismatullo Mardiyev. – Mazkur farmon bilan texnikumlarda karera kunlari tashkil etish belgilandi. Bunda texnikum o‘quvchilari korxonalarda ishlab chiqarish jarayonida bevosita ishtirok etib, o‘qish davomida kasb sirlarini o‘rganib boradi. Shuningdek, muvaffaqiyatga erishgan xususiy va davlat xizmati vakillari bilan texnikumda mahorat darslarini tashkil etyapmiz.
Bundan tashqari, ish beruvchilar bilan hamkorlik shartnomalarini imzolanadi hamda ulardagi bo‘sh ish o‘rinlariga bitiruvchilarni ishga joylashtirishga ko‘maklashiladi. Bitiruvchilarning bandligini ta’minlash maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ichki va tashqi mehnat bozoridagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirib boriladi.
- Muassasamizda 480 nafar o‘quvchiga 36 nafar malakali pedagog kadrlar hamda 7 nafar ishlab chiqarish ta’lim ustasi 10 ta kasb turi bo‘yicha saboq beryapti, – deydi I.Mardiyev. – Yaqinda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash hamda tikuvchilik yo‘nalishi o‘quvchilari bilan karera kunlarini tashkil etdik. Xususan, “Samarqand NPK” va “DAKA-INTEX” ish beruvchi korxonalari mas’ullari bilan uchrashuv tashkil qilindi. Uchrashuv yakunida korxonaga ekskursiya tashkil qilinib, o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’lim ustalari bilan kasbiy bilimlarni almashish kabi hamkorlik ishlari kelishib olindi.