Moskvada o‘zbek olimi xotirasiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi

Rossiya davlat gumanitar universitetida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Saydulla Mirzayev tavalludining 95 yilligi hamda olimning XX asr o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan ilmiy anjuman o‘tkazildi.

Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar S.Mirzayevning pedagogik faoliyati, ilm-fan rivoji yo‘lidagi izlanishlari haqida ma’ruza qildi.

Ta’kidlanishicha, olimning asarlari XIX-XX asrlar boshidan to hozirgi kungacha bo‘lgan ko‘plab tarixiy va adabiy materiallarni o‘z ichiga oladi. Uzoq yillar Samarqand davlat universitetida mehnat qilgan professor yuzlab filolog va adabiyotshunos olimlarni tayyorladi. Domla 10 yil mobaynida jamoatchilik asosida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Samarqand viloyati bo‘limini boshqardi.

Anjumanda olimning 2010 yilda Moskvada “Vostochnaya Literatura” nashriyotida chop etilgan “XX asr o‘zbek adabiyoti” («Uzbekskaya literatura XX veka») monografiyasining yangi nashri ilmiy jamoatchilikka taqdim etildi.

Bu asar o‘zbek adabiyotining XX asr ijtimoiy-madaniy sharoiti bilan bog‘liq holda tadqiq etilgan birinchi va hozirgacha rus tilidagi yagona monografiya hisoblanadi. Kitobda o‘tgan asrda o‘zbek adabiyoti taraqqiyotining umumiy yo‘nalishlari bilan bog‘liq ko‘plab masalalar yoritilgan. Bugun rossiyalik talabalar domlaning ushbu monografiyasi yordamida O‘zbekistondagi turli avlod yozuvchilarining badiiy ijodi va estetikasini o‘rganmoqda. O‘zbek ijodkorlarining falsafiy va badiiy izlanishlarini tahlil qilishyapti. O‘zbek adabiyotining milliy xarakterining shakllanishiga ta’sir etuvchi omillarni o‘rganishayotir.

Shuningdek, professor S.Mirzayev mazkur monografiya orqali o‘zbek adabiyoti tarixi haqida umumiy ma’lumot berish bilan birga, milliy adabiyotning muhim namoyandalari ijodiy portretini ham yaratadi. Mualliflarning o‘ziga xosligi, asarlarining O‘zbekiston madaniy merosiga ta’sirini alohida ta’kidlaydi. Ilmiy asar XX asr o‘zbek adabiyotining murakkab tuzilishini o‘rganishga o‘ziga xos bog‘liqlik va xolisona yondashuvi bilan ilmiy ahamiyatga ega.

Ilmiy asar sharqshunoslik, adabiyot tarixi va qiyosiy adabiyotni o‘rganayotgan olimlar, o‘qituvchilar va talabalarga mo‘ljallangan bo‘lib, xorijiy mamlakatlar filologlari va sharqshunoslari tomonidan qadrlanib kelinmoqda.

S.Mirzayevning «Uzbekskaya literatura XX veka» monografiyasi rus tilidagi nashrlar orasida o‘ziga xos o‘rni, madaniyatlararo muloqot va Markaziy Osiyo xalqlarining boy madaniy merosini tushunish, anglash imkonini yaratadi.