Deputatlar xalq ichida: amaliy muloqot, islohotlarga daxldorlik va tashabbuslarning ijrosi

 

So‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson manfaati, uning farovonligi va hayot sifatini oshirish masalasi turibdi. Bu tamoyil Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari faoliyatida ham o‘z ifodasini topmoqda. Deputatlarning hududlarga amaliy safarlari, aholi, ta’lim va tibbiyot xodimlari, mahalla faollari bilan uchrashuvlari – xalq vakillarining jamiyat hayotidagi faol ishtirokiga yaqqol misoldir.

Barqaror taraqqiyot asosi

Deputat Zebiniso Rahmanovaning Samarqand davlat chet tillar instituti va oliy ta’lim tizimi pedagoglari bilan uchrashuvi, ekologik siyosat va xalqaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan seminari nafaqat ilmiy muloqot, balki amaliy yechimlarga yo‘naltirilgan tashabbus sifatida baholandi. Tadbirda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni shakllantirish va pedagoglar malakasini oshirishga oid masalalar keng yoritildi.

Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish, ta’lim tizimidagi shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha bildirilgan fikrlar ta’lim muassasalarining ichki muhitini isloh qilishga xizmat qilishi shubhasiz.

Deputat Jasurbek Shodiyev Narpay va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida mahalla yettiligi, yoshlar va tadbirkorlar bilan uchrashdi. Ushbu uchrashuvlar davomida mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar, tadbirkorlik imkoniyatlari, yoshlarni kasbga yo‘naltirish va ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama etildi.

Xalq bilan yuzma-yuz

34-Samarqand saylov okrugidan saylangan deputat Abdullo Aslonovning Toyloq va Samarqand tumanlaridagi mahalla faollari bilan uchrashuvlari mahallaning davlat boshqaruvidagi o‘rnini yana bir bor tasdiqladi. Uchrashuvlarda infratuzilma muammolari, sport inshootlari va tibbiyot punkti qurilishi, yo‘l ta’miri kabi masalalar muhokama qilindi va ularni hal etish bo‘yicha aniq choralar belgilab olindi.

Ayniqsa, joylarda tashabbus ko‘rsatayotgan fuqarolar va mahalla faollari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot, ularning muammolarini tinglash, hal qilish uchun mas’ul idoralar bilan hamkorlikda ish olib borilishi deputat faoliyatining samaradorligini ko‘rsatmoqda.

Uchrashuvlarda deputat mahallalarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, mahalliy jamiyatning faolligini oshirish, shuningdek, ta’lim sohasidagi ahvol va muammolar haqida ham fikr almashdi.

Umumxalq harakati shakllanmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Diyor Husanov va Sherzod To‘xtashevning Past Darg‘om va Nurobod tumanlaridagi korrupsiyaga qarshi sayyor majlislardagi ishtiroki xalq vakillarining davlat boshqaruvi tizimida shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan faoliyatini namoyon etdi.

BMT rezolyusiyalari doirasida O‘zbekistonning ekologik va ijtimoiy tashabbuslari e’tirof etilayotgani, milliy dasturlar asosida joylarda amalga oshirilayotgan ishlar natijasi o‘laroq, mahalliy darajada ham fuqarolarning ijtimoiy hushyorligi ortib borayotgani kuzatilmoqda.

Tibbiyot va ta’limdagi islohotlar

Payariq tumanida deputat Xusniddin Yarkulov tibbiyot va ta’lim xodimlari bilan o‘tkazgan uchrashuvda e’tibor markazidagi masalalar – sohalarda shaffoflik, xizmat sifatini oshirish, maishiy korrupsiyaning oldini olish, soha xodimlarining huquqiy himoyasini kuchaytirish bilan bog‘liq bo‘ldi.

So‘nggi yillarda ustozlarning moddiy rag‘batlantirilishi, oylik maoshlarining oshirilishi, uy-joy masalalarining hal etilayotgani – jamiyatda ta’limga nisbatan munosabat o‘zgarib borayotganidan dalolat beradi.

Urgut tumanidagi 1-son politexnikumda deputat Muhsinjon Xolmuxamedov ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida ta’lim islohotlari bilan birga, partiya saflariga yangi a’zolar qabul qilindi. Faol pedagoglarga a’zolik guvohnomalari tantanali topshirilishi – partiyaning joylardagi nufuzi va ta’sirini yanada mustahkamlamoqda.

Umuman, deputatlarning har bir uchrashuvi, har bir muloqoti orqali xalq muammolari eshitilmoqda, yechimlar ishlab chiqilmoqda. Bu tabiiyki, xalq ishonchini oqlash, amaliy islohotlarga dahldorlikni ta’minlash, “xalq deputat bilan, deputat xalq bilan” tamoyili asosida davlat va jamiyat o‘rtasida mustahkam ko‘prik yaratishga xizmat qilmoqda.

Nasiba MO‘MINOVA,

O‘zLiDeP viloyat Kengashi bo‘lim mudiri.