Deputat ko‘magida ko‘cha yoritkichlar o‘rnatilib, yog‘och ustunlar almashtiriladigan bo‘ldi

Xalq deputatlari Jomboy tumani Kengashi deputati Nodir To‘rayev 11-G‘azira saylov okrugidagi saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda mahalla faollari, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida fuqarolar tomonidan 30 ga yaqin murojaatlar qabul qilindi. Ayrim masalalar joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qolganlari tegishli mutasaddi tashkilotlarga biriktirilib, ijrosi deputat nazoratiga olindi. Zarur hollarda deputatlik so‘rovlari chiqarilishi belgilandi.

Fuqaro Abdulaziz Mardiyev tomonidan mahalladagi ichki yo‘lni asfalt qilish, yaroqsiz simyog‘och ustunlarni almashtirish hamda o‘rnatilgan tungi yoritgichlar ishlamayotgani yuzasidan murojaat qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu yoritgichlar obodonlashtirish balansida bo‘lsa-da, amalda yonayotgan emas. Murojaat yuzasidan tuman obodonlashtirish bo‘limi tomonidan ko‘chaga quyosh energiyasida ishlaydigan yangi yoritkich o‘rnatish, tuman elektr korxonasi tomonidan esa 12 ta yaroqsiz simyog‘och ustunni almashtirish belgilandi.

Shuningdek, Nodira Ahmedova Sariqipchoq mahallasiga keluvchi asosiy yo‘l ta’mirtalab ahvolga kelib qolganini bildirib, uni ta’mirlash masalasini ko‘tardi. Ushbu yo‘l tuman avtoyo‘l korxonasi tomonidan bir hafta ichida ta’mirlab berilishi rejalashtirildi.

Asqar Vahobov tomonidan G‘azira mahallasining Do‘ng qishlog‘idan Shakar qishlog‘igacha bo‘lgan yo‘lni asfaltlash taklifi ilgari surildi. Masala yuzasidan tuman obodonlashtirish bo‘limi tomonidan 2026 yilning ikkinchi yarim yilligida yo‘lni asfalt qilish ishlari amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, kadastr masalalari, ichki yo‘llarni shag‘allashtirish, bolalar bog‘chasi qurish, transformatorlarni ta’mirlash, moddiy yordam va ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar ko‘tarildi. Har bir murojaat tegishli tashkilotlar kesimida qayd etildi va ularning ijrosi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilishi ta’kidlandi.

Shu kuni deputat Sariqipchoq mahallasida o‘tkazilgan “Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasining saralash bosqichida ham ishtirok etdi. Ushbu tadbir “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi doirasida tashkil etilib, mahallada faoliyat yuritayotgan tadbirkor xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.

Tadbirda tadbirkor Sabohat Korjayevaning faoliyati e’tirof etildi. U o‘zining 8 sotix yer maydonida barpo etgan issiqxonasida 100 tupdan ziyod limon daraxtlari parvarishlab, yiliga ikki marotaba hosil olmoqda. Mavsum davomida limonariydan 100 million so‘mgacha daromad olishga erishmoqda. Shu bilan birga, mahalla xotin-qizlarini ish bilan ta’minlab, ularning bandligini oshirishga hissa qo‘shmoqda.

Ayni paytda tadbirkor qo‘shimcha issiqxona qurish va mandarin ko‘chatlarini ekishni rejalashtirgan. Bu esa nafaqat oilaviy daromadni oshirish, balki mahallada yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini ham beradi.

Uchrashuv va tadbirlar aholi muammolarini joyida hal etish, fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazish, xotin-qizlar tadbirkorligini rag‘batlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.