Turkiya tajribasi: Samarqandda mayizchilik yo‘nalishida yosh mutaxassislar ishga qabul qilinadi

Viloyatimizda mayizbop uzumchilikni rivojlantirish, xususan sifatli uzumlar yetishtirish, ularni quritish, qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va tashish bilan bog‘liq innovatsiyalar, yangi texnologiyalar va yondashuvlarni joriy etishni kengaytirish borasida ishlar boshlangan. Bu borada ilg‘or xorijiy tajribalar o‘rganilmoqda.
8-11 sentyabr kunlari “Uzagrostar xolding” kompaniyasi ta’sischiligidagi, ixtisoslashuv yo‘nalishi mayizchilik bo‘lgan “Qo‘shrabot agro star” MChJ vakillari hamda bog‘bonlardan iborat delegatsiya dunyoda mayiz yetishtirish va uning eksporti bo‘yicha yetakchi bo‘lgan mamlakat – Turkiyada safarda bo‘lib, bu davlatning ushbu sohada qo‘llayotgan texnologiyalar va tajribalari bilan tanishib qaytdilar.
O‘z o‘rnida joriy yilning 2-4 oktyabr kunlari viloyatimizning mayizchilikdagi salohiyat va mavjud imkoniyatlarini joyida o‘rganish, bog‘bonlar bilan muloqotlar o‘tkazish, sohani rivojlantirish yuzasidan o‘zlarining taklif va xulosalari bilan o‘rtoqlashish, kelgusida hamkorlikda ish olib borish maqsadida Turkiyadan bir guruh tajribali mutaxassislar tashrifi rejalashtirilmoqda. Ular Qo‘shrabotda o‘tadigan “Mayiz sayli”da ham ishtirok etishadi.
Turkiya safarida orttirilgan tajriba asosida hududlarda agronomlar safini kengaytirish rejalashtirilgan. Tanlov asosida ishga qabul qilingan agronomlar Samarqand viloyatining Qo‘shrabot, Ishtixon, Urgut hamda Navoiy viloyati Xatirchi tumanlarida faoliyat olib borishadi.
- Bu yaxshi natija beradi, albatta, - deydi “Qo‘shrabot agro star” MChJga xorijiy ekspert sifatida jalb qilingan turkiyalik tajribali qishloq xo‘jaligi muhandisi M.S.Koljuo‘g‘li. - Tanlovlardan o‘tib, ishga qabul qilingan agronomlar tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan, yuqori qiymatli bozorlarning me’yor va standartlariga munosib mayiz yetishtirish hamda bu yo‘lda agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri, sifatli va samarali olib borish bo‘yicha mayizchilik yo‘nalishidagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga ko‘makchi bo‘ladilar.
Ishlab chiqilgan tanlov dasturiga ko‘ra agronomlar bir qator talablar asosida tanlab olinadi. Avvalo, nomzodlar 35 yoshgacha bo‘lishi kerak. Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida oliy ma’lumotga, meva va uzumchilik, o‘simliklarni himoya qilish, tuproqshunoslik, agromuhandislik, dala ekinlari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mehnat stajiga, yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lishi ham talab qilinadi. Shuningdek, mayizchilik yo‘nalishidagi fermer, dehqon va tomorqa yer egalari xo‘jaliklari bilan samarali ishlash va muloqot qilish qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim. Qolaversa, ular kompyuterda Microsoft Word, Microsoft Excel dasturlari bilan mustaqil ishlash, ularda tahliliy hisobotlarni tayyorlash ko‘nikmalariga ham ega bo‘lishi kerak.
Nomzodlar o‘z rezyumelarini bugundan boshlab, shu yilning 5 oktyabr kuni soat 18:00 ga qadar sherzodsuvankulov1985@gmail.com elektron manziliga yoki +998 77 052 71 55 telegram raqamiga jo‘natishi mumkin.
Sherzod Suvanqulov.