Maqsuda aya - ma’rifatli oila davomchisi

Minglab shogirdlarining mehrini qozongan ustoz Maqsuda Abdujabborova pensiyada bo‘lsa-da, hali hanuz uning dargohidan shogirdlar qadami arimaydi.
Maqsuda Abdujabborova 1951 yilda Jomboy tumanidagi Uzunovul qishlog‘ida tavallud topgan. Maktabni a’lo baholarga bitirib, Samarqand pedagogika institutining til va adabiyot fakultetiga o‘qishga kirdi.
- Bolalarning mehri, ishonchi, darsdan zavqlanishi faoliyatimga mazmun bag‘ishlardi, - deydi M.Abdujabborova. - Bugun yangi metodik texnologiyalarning darslarda tatbiq etilayotganligini ko‘rib quvonaman. Ularni bundan yigirma, o‘ttiz yil ilgari o‘tilgan darslar bilan taqqoslayman.
Bu suloladan o‘qituvchilik kasbini tanlaganlari yuz nafardan oshib ketgan. Oila a’zolarini ziyoli qilib tarbiyalashda rahmatli Abdujabbor otaning alohida o‘rni bor. Sobiq ittifoq davrida shamchiroq yorug‘ida ko‘sak chuvib, davlatga topshirish kerak bo‘lgan. Qo‘llari qavargan lahzalarda ham kimdir kitobni mutolaa qilib turgan, bo‘lmasa, otasidan qattiq gap eshitgan.
Oilada kitob muqaddas sanalgan. Ota-bobolaridan qolgan eski kitoblarni sho‘ro odamlari olib ketgan. Qolganlarini otasining jiyani, tarix fani o‘qituvchisi Sharvat Islomova to‘plab, maktabda kutubxona tashkil qilgan.
Maqsuda Abdujabborova turmush o‘rtog‘i Ergash ota bilan olti nafar farzandni tarbiyalab, elimiz koriga yaraydigan insonlar qilib ulg‘aytirdi.
“Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan Maqsuda ona nevara-evaralar qurshovida keksalik gashtini suryapti.
Shahlo QO‘ZIYeVA.