Narpaydagi Muqimiy mahallasiga davlat ijtimoiy buyurtmasi uchun 4,5 milliard so‘m ajratilgan. Bu mablag‘ nimalarga sarflanyapti?
Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan 2023 yilda davlat organlarining ijtimoiy buyurtmalari asosida muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish tanlovi o‘tkazildi. Tanlov natijalariga ko‘ra, Parlament komissiyasi tomonidan 5 ta tashkilotning 12 milliard 200 million so‘mlik beshta loyihasi g‘olib deb topildi.
Tanlovda viloyatimizdan Narpay tumani Muqimiy mahallasi aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida kiritilgan “Suvsiz hayot yo‘q” loyihasi ham g‘olib bo‘lib, uni amalga oshirish uchun 4,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Xo‘sh, ushbu mablag‘ hisobidan mahallada qanday ishlar amalga oshiriladi?
Mahallamizda 3500 nafardan ziyod aholi yashaydi, - deydi Muqimiy mahallasi raisi Alijon Eshonqulov. – Hududdan chiqayotgan suv sho‘rligi uchun aholi ancha yillardan buyon ichimlik suvini sotib oladi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida shu yil davlat granti loyihasida qatnashib, g‘olib bo‘ldik. Loyiha bo‘yicha mahalladagi 60-maktab va 9-maktabgacha ta’lim tashkilotini ichimlik suvi bilan ta’minlash, 19 kilometrga ichimlik suv tarmog‘i tortish, 1 dona rezervuar (hovuz), 1 dona transformator va 1 dona xlorlash uskunasi qurish rejalashtirilgan va ayni paytda tarmoq tortish ishlari boshlab yuborilgan.
Muqimiy mahallasi uchun ajratilgan davlat buyurtmasi loyihasini amalga oshirilishi bo‘yicha viloyatda tegishli tashkilot va boshqarma mas’ullaridan tuzilgan ishchi guruh bilan birgalikda olib borilayotgan ishlar monitoring qilindi.
Dastlab mahallada ichimlik suv tarmoqlarini tortish ishlarini bajarayotgan “Narpay agro trade” MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdik.
Joriy yilning sentyabr oyida “Eng yaxshi taklif” bo‘yicha elektron tenderda g‘olib bo‘lib, Muqimiy mahallasida ichimlik suv tarmog‘i tortish ishlarini boshlaganmiz, - deydi “Narpay agro trade” MChJ rahbari Islom Ismatov. – Loyiha qiymati 4 milliard 200 million so‘mga baholangan bo‘lib, bajarish muddati 295 kunni tashkil etadi. Ikki oydan buyon ishlar davom etmoqda va hozirgacha 2 milliard 795 million so‘mlik tarmoq tortish ishlari bajarildi. Joriy yilning oxirigacha asosiy ishlar bajariladi va ob’yekt belgilangan muddatdan oldin foydalanishga topshiriladi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan ichimlik suvi tarmoqlarini tortish ishlari o‘rganilganda qurilish korxonasi tomonidan qilinayotgan ishlarni nazorat qilish bo‘yicha qurilish inspeksiyasiga biriktirilmagani va natijada ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
- Mahallada suv tarmog‘i ob’yektini tortish ishlari boshlanganiga ikki oy bo‘lgan, biroq qurilish sifatini nazorat qilish uchun ob’yekt buyurtmachisi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, - deydi viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi inspektori Ulug‘bek Shodmonov. – Shu bois ob’yektning ayrim joylarida qilingan ishlar belgilangan me’yorlarga javob bermaydi. Xususan, transheyalar ensiz qazilgan va ichkarisida ishlab bo‘lmaydi, aksariyat ko‘chalarda esa transheyalar qazilganicha turibdi va tarmoq tortilmagan. Shuningdek, quvurlar ostiga tuproqlarning zichlanishi ham talabga mos emas.
Bu kamchiliklar yuzasidan qurilish tashkiloti rahbari Islom Ismatovga murojaat qilganimizda, hali ishlar tugamaganligi, kamchiliklarni vaqtida bartaraf qilishi va ob’yekt foydalanishga topshirilgandan so‘ng bir yil kafolat berishini ta’kidladi. Ammo suv tarmog‘i bir yildan keyin ishlamay qolsa, aholi dardini kimga aytadi? O‘rganish yakunida buyurtmachi - Muqimiy mahallasi faollariga ob’yekt qurilishini doimiy nazorat qilish va kamchiliklarni vaqtida bartaraf qilish uchun inshootni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va jamoatchilik nazoratini tashkil qilish kerakligi tushuntirildi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.