108 yoshli Sharofat momoga esdalik nishoni topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining o‘ttiz yilligi munosabati bilan davlatimiz rahbarining shu yil 8 noyabrdagi farmoni bilan “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni ta’sis etilgan edi. 

Bayram arafasida ushbu esdalik nishoni fidoyi va faol yurtdoshlarimizga tantanali suratda topshirildi. 

Samarqand viloyatidan ham  2800 nafardan ortiq fidoyilar ushbu mukofotga munosib deb topildi. 

Ular orasida Narpay tumani Chorbog‘ mahallasida yashovchi 108 yoshli Sharofat Boboyeva ham bor.

Yoshligi og‘ir davrlarga to‘g‘ri kelgan Sharofat momo Ravshan Boboyev bilan turmush qurib, 7 nafar farzandni voyaga yetkazdi, ularni uyli-joyli qildi. Bugun yuzga yaqin nevara-chevaralarining ardog‘ida qutlug‘ yoshda hayot kechirmoqda. 

Narpay tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Sh.Rahmonov Sharofat momoning xonadoniga borib, onaxonga esdalik nishonini tantanali topshirdi.

Piru badavlat nuroniy onaxon duoga qo‘l ochib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga omonlik tiladi.