Samarqandda nuroniylar bellashdi

“Bir nuroniy-o‘n yoshga mas’ul” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi. 

2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida “Bir nuroniy-o‘n yoshga mas’ul” tamoyiliga muvofiq, har bir mahalladagi yoshlar katta hayotiy tajribaga ega hamda zamonaviy fikrlaydigan faol nuroniylarga biriktirilishi belgilangan edi. Shunga ko‘ra, viloyatda mavjud 1126 mahalladagi nuroniylar yoshlarga biriktirilgan.

- Mazkur ijtimoiy loyihadan maqsad - ibratli va katta hayot tajribasiga ega nuroniylarni jamiyat hayotiga faol jalb qilishdan iborat, - deydi «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Shuhrat Negmatov. – Shuningdek, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlar tarbiyasida keksa avlod vakillari tajribasidan keng foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ajrim yoqasida turgan yosh oilalarda barqaror muhitni vujudga keltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni targ‘ib qilish va ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etayotgan nuroniylarni rag‘batlantirishga qaratilgan. 

Ko‘rik-tanlovda tuman, shahar bosqichida birinchi o‘rinni egallagan nuroniylar uch shart bo‘yicha bellashdi. 

Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni Kattaqo‘rg‘on shahri vakili Bahriddin Shomamatov qo‘lga kiritib, ko‘rik-tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi, ikkinchi o‘rinni payariqlik Ismoil Boltayev, uchinchi o‘rinni narpaylik Hamza Ro‘zimurodov egalladi.

G‘olib va sovrindorlar, faol ishtirokchilarga pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alar topshirildi.