90 nafar samarqandlik nuroniy “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik kengashining joriy yil 6 maydagi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, turli sohalarda ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan pensiya yoshidagi samarqandlik nuroniylardan bir guruhi  I, II, III darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Viloyat hokimligida ularga ushbu ko‘krak nishonini taqdim etishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etib, keyingi yillarda keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, shunga monand nuroniylarning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalar rivoji uchun qo‘shayotgan hissasi haqida gapirdi.

So‘ngra 90 nafar faol nuroniylarga "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoni hamda bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotlarini topshirdi.

- Yoshim 85 da, oltmish yildan ziyod vaqt davomida yosh avlodga ta’lim berdim, - deydi I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi, SamDU professori Narziqul Shodiyev. - Har kim keksayganda umr bo‘yi qilgan mehnatlari rohatini ko‘rsin ekan. Shukr, bugun shunday e’tirofga sazovor bo‘lganimdan mamnunman.