Mehr ko‘zda, saxovat amalda bo‘ladi
Davlatimiz rahbarining “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga binoan haftaning har juma kuni "Mehr va saxovat kuni" etib belgilangan.
Shu munosabat bilan Narpay tumani hokimi Sh.Rahmonov Narpay mahallasida istiqomat qiluvchi 93 yoshli Ma’rifat momo Yusupovaning holidan xabar oldi. Onaxonga nogironlik aravachasini hamda Dedan mahallasida yashovchi Nodirbek Toshmurodovga bir martalik moddiy yordam beruvchi sertifikat topshirdi.
- Hayotda har narsa bo‘lar ekan, balki qarilikdir, keyingi yillarda oyog‘im og‘rib, yurolmay qoldim, - deydi M.Yusupova. - Nevaralarim ko‘magida hovli, qo‘shnilarnikiga chiqib turaman. Ammo nogironlik aravachasi bo‘lsa, harholda o‘zim uchun ham, nevaralarim uchun ham qulayroq bo‘lardi, deb o‘ylardim. Bugun tumanimiz hokimi va mutasaddi kishilarning xonadonimga aravacha bilan kirib kelishganidan quvondim. Ilohim, saxovatpesha insonlar ko‘p bo‘lsin, ishlari hamisha baroridan kelsin.
Shu kabi, Zirabuloq mahallasida yashovchi Zulfiya Xudoyqulovaga ham ehtiyojmand bo‘lganligi tufayli nogironlik aravachasi yetkazildi.