Viloyat hokimi nuroniylar duosini oldi
Viloyatda turli sohalarda uzoq yillar samarali xizmat qilgan, jo‘shqin faoliyati bilan barchaga ibrat ko‘rsatgan, hozirda ham ijtimoiy faollik namoyish etayotgan otaxon-u onaxonlarning 350 nafari bugun Samarqand shahridagi «Mo‘’jiza» restoraniga jam bo‘ldi.
Viloyat hokimi E.Turdimov katta hayot tajribasiga ega nuroniylarni Yangi yil bilan tabriklab, ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlardagi xizmatini e’tirof etdi.
O‘z o‘rnida keksa avlod vakillari bugungi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlab, 2020 yilda muvaffaqiyatlar bundan-da salmoqli bo‘lishiga duo qildilar. Bir piyola choy ustida, mumtoz qo‘shiqlar hamohangligida inson qadri, farovon turmush, fuqarolik mas’uliyati xususida qizg‘in suhbat bo‘ldi.
- Yangi yil arafasida hokimlarning nogironlar, kam ta’minlangan oilalar, elda e’zoz topgan kishilar holidan xabar olishi hayotimizga o‘zgacha jo‘shqinlik baxsh etdi, - deydi mehnat faxriysi Abdushukur Muhammadqulov. – Mamlakatda keksalarga va yoshlarga alohida hurmat-izzat ko‘rsatilayotgani jamiyatda ijtimoiy faollikni ta’minlamoqda. Biz, nuroniylar bu g‘amxo‘rlikka munosib bo‘lishga intilamiz.