Nayrangboz asalchi va sodda ziyoli hangomasi

(Hayotiy hikoya)

– Hay, to‘xtang! Assalomu alaykum!.. – Kimningdir serharakat yo‘lning narigi yog‘idan baqirib bergan salomi qulog‘imga yetib keldi. To‘xtab ortimga o‘girildim. 35-38 yoshlardagi basavlat yigit. Alik oldim. Lekin mening aligim mashinalar shovqini ostida qolib ketdi-yov. Uni o‘zim arang eshitdimu salom bergichga yo‘l bo‘lsin. Salomchining salomi-chi, shovqinlaru masofalar to‘siqlarini yengib naq quloqlarim ostida portlagan edi. Tavba, odamlar salom berish uchun buncha kuchni qayerdan olishar ekan? – O‘ylanaman. – Balki menga emasdir uning salomi?.. Hayron bo‘lib ortimga alanglab boqaman, buni qarangki, yon-yaqinda mendan boshqa hech kim yo‘q.

– Menga aytyapsizmi? –  Deyman ko‘ksimga kaftimni qo‘yib.

– Ha, to‘xtang, ustoz!

Yana atrofga qaranaman. Axir, meni “ustoz” deya qoshimga mashinalar daryosini yorib o‘tib kelayotgan yigitni hech qachon hech qayerda ko‘rmagan edim-da...

Yigit chopib yetib keldi-da meni xuddi ming yillik qadrdonini bag‘riga bosgandek mahkam quchoqlab oldi.

– Assalomu alaykum! Nega yo‘q bo‘lib ketdingiz, ustoz! Buxoroda sizni kutaverib ko‘zlar teshilib ketdi-ku!..

– E-e-e, – deyman men, o‘zimga o‘zim, –  bu yigit Shoira opaning (hamkasbim professor Shoira Ahmedovaning!) tanishlaridan bo‘lsa kerak. Universitetda ishlasa kerakki, “ustoz” deyapti. Mening Buxoroga boraman deb borolmay yurganim ham rost. Aftidan, yigit meni rosa yaxshi taniydiyu men uni tanimayroq turibman-da, afsus. O‘zi shu... xotiram chatoqroq mening, doim pand berib yuradi... – koyinaman. – Vaalaykum assalom!..

– Baxtiyor akalar, Alisher akalar rosa so‘raydi sizni, akamullo qachon kelarkinlar deb. Hay, qachon borasiz o‘zi? – Deydi ko‘zimga tik qarab yigit.

 

– Baxtiyor aka... Alisher aka... ular kimlar edi?.. Balki Shoira opadir so‘ragan?

– Hay, u kishi ham so‘raydilar. Qani, telefon raqamni bering, ustoz!

Men raqamimni aytaman. U yozib oladi.

– Endi ustoz, biz asal bilan ham shug‘ullanib turamiz.

– Asal bilan? – so‘rayman kutilmaganda mavzuning butunlay boshqa o‘zanga burilib ketganidan hayron bo‘lib. Bu yigit hali universitet xodimi emasmidi?..

– Ha, o‘zimiz yetishtirgan toza, buxorocha asal. Bir tonna olib kelgandik. Kilosini 100 mingdan  sotdik. Moshinda 10 kilosi bor. Yaxshiyam olib qolgan ekanman, sizni ko‘rib qoldim. “Har ishda xayr bor” deyishadi mashoyixlar, sizni ko‘rganim, mana, o‘sha xayr... O‘zi ko‘ngil sezuvdi, ustoz! Sezuvdi ko‘ngil!.. –  elanadi yigit.

– Rahmat, lekin menga asal kerak emasidi. Qolaversa, ishga ketyapman.

– Ish qochmas, ustoz, ro‘zai ramazon kunlari ehsondan yuz o‘girmang, gunoh bo‘ladi-ya!.

– Gunoh? –  Qaytaraman men, nega uning  asalini olmaslik gunohliginiyu bu gunoh o‘lgur nima uchun buncha tez sodir bo‘lib menga yopishishini tushunmayroq.

– Ha, ustoz, shunday ulug‘ kunlarda qo‘lni qaytarib bo‘ladimi, nahotki bilmasangiz?.. Kennoyimu o‘g‘il qiz bilan duo qilib yeysiz hali!.. – Dilshod!.. Opke!.. – Ham baqirib, ham qo‘li bilan imo qiladi u mashina tomonga.

Dilshod degani ham shuncha mashina shovqini ichida buni qanday eshitdi  – bilmayman, darrov mashina yukxonasini ochib, ikki bidonni ko‘targancha men tomon chopib qolsa bo‘ladimi... E, tavbangdan ketay... Savob sodir bo‘lyaptimi hozir yo gunoh! – Birdaniga ajratolmayman.

–A-a-a... otiyz nimaydi?

– Shahzod otim, ustoz, Shahzod!

– Soat 10 da majlis bo‘ladi, Shahzod, hali binogacha 20 minut yayov yurishim kerak, kech qolyapman. Sizga, do‘stingizga rahmat! Lekin asalni ololmayman. – Burilib ketmoqchi bo‘laman.

– Ustoz, – qo‘limdan tutadi yigit. – Yaxshi emas, moshinni oching, uyga o‘zi boradi, ko‘tarib yurmaysiz-ku. Ro‘zada duo qilib qo‘yasiz, bo‘ldi! – deya boyagi gapini sal boshqacha shaklda takrorlaydi Shahzod.

Men o‘zimga o‘zim: “hadeb tixirlik qilmay olaqol, axir shuncha jon kuydiryapti, ustiga ustak, chin dildan taklif qilyapti, yo‘q desang, Buxoroga borganda ko‘ziga qanday qaraysan, nodon!” – Deya besh-o‘n qadam ortga yurib, pult orqali mashina eshigini ochaman. – Shu ish g‘alati bo‘lyapti-da, Shahzod!

 

Shahzod orqa eshikni ochib, ikkala bidonni ham joylashtirmoqchi bo‘ladi.

– Juda ko‘p-ku bu!.. Bittasini olib qoling, yana kimgadir berasiz, – deyman.

– Yo‘g‘-ye, ustoz, yarim-parim qilsak uyat bo‘ladi-ya!.. Hammasi sizga! Faqat buning bittasi, boya aytganimdek, bola-chaqangizga ramazon sovg‘asi, yeganda bir duo qilib qo‘ysangizlar bas, ikkinchisining pulini berasiz, ustoz, chunki yarimi anavi sherigimniki.

Men negadir bir g‘alati bo‘lib olaman. Chunki “uning niyati asalni sotish bo‘lgan, aslo hadya qilish emas!” degan fikr yashin tezligida miyamda bir chaqnaydi. Lekin endi g‘isht qolipdan ko‘chgan, asal bidonlari mening mashinamda turardi. Endi ortga qaytish yo‘q!

– Mayli, pulini beray, lekin asal juda ko‘p-ku, do‘stim! Nechchi kilo o‘zi? – Deyman kissamni kavlab

– O‘n kilo xolos, ustoz, ko‘p emas.

– Qanchadan?

– Yuzmingdan sotdik. Siz ham shunga qarab beraverasiz, ustoz!

O‘n kilo bo‘lsa, yarimining puli yuz mingdan besh yuz ming bo‘ladi. Tavba, ertalab o‘zi besh yuz ming so‘m sanab yonimga olvolgandim. Shu yigitlarning nasibasi ekan-da. Sutdek halol ekan mehnatlariyu asallari, sutdek halol! – botinimda tug‘ilakelayotgan yomon o‘ylar arib, o‘rnini minnatdorlik tuyg‘ulari qoplaydi.

– Lekin pul qani? – U cho‘ntagimga qo‘l solaman yo‘q, bunisiga solaman – yana yo‘q! Ko‘kka chiqdimi yo yerga kirdi, savil?!..

– Ibi, pul yo‘qmi, ustoz? – ko‘z soqqalari katta-katta bo‘ladi yigitning.

– Ertalab solgandim yonimga.

– Yaxshiroq qarang-chi!..

Juda yaxshi qarayman. Biroq bir miri ham topilmaydi. Hech bunday bo‘lmasdi, – o‘ylanaman.

– Tavba!.. – deydi umidsiz ohangda Shahzod.

– Tavba!.. – deyman men ham. Shunday deb ikkimiz bir-birimizga qaraymiz.

Lekin men xijolat tortaman. Xuddi asal pulini bermaslik uchun atay shunday qilayotgandek ko‘rinayotgandirman axir tashqaridan.

– Plastik yo‘qmi? – So‘rab qoladi ovozida umid paydo bo‘lib Shahzod.

– Iya, boridi! – Deyman tilla tanga topgan gadodek sevinib. So‘ng  shartta plastik kartni chiqarib uzataman.

– Ibi! Bankka borish kerak bu bilan, ustoz!  Yuring bankka!..

– Bankka borolmayman. Majlisga kech qoldim o‘zi, – deyman.

– Pey mi bordir, hay?

– Iya, boridi, –  deyman eslab. Yaqinda qizim o‘rgatib qo‘ygandi pul o‘tkazma sirlarini.

– Hozir! – Ko‘zoynagimni topib, telefon apparatini qo‘lga olamanu internetni qo‘shaman. Shahzod menga plastik kartasi kodini aytib turadi. Yozaman. Yozamanu pul o‘tkazish tugmasini bosganda pul ketmaydi.

– Iya!..

– Ibi!..

Har ikkalamiz ham hayron bo‘lib tag‘in bir-birimizga boqamiz. Men  yana bir g‘alati bo‘lib olaman. Axir, atay qilayotgandek bo‘layotgandirman tashqaridan... – o‘ylanaveraman.

– Hozir, hozir!.. – deyman, so‘ng mashina qutisidan daftarcha olib Shahzodning plastik karti kodini yozib olaman. Yana ikki qayta terib, 500 000 degan raqamni yozib, o‘tkazish tugmasini bosaman. Yo‘q!

Xuddi katta, sersuv ariq qarshisiga kelgach, “sakramayman” deb turib olgan hayvonni ko‘rganmisiz, karta ham xuddi shunday qilaru “pul o‘tkazmayman, ishlamayman!”, deb turib olardi.

– Yuring, ustoz, anavi muyulishda bank bor, tezda tashlab beradi, – deydi yalinchoq ovozda asalchi Shahzod.

– Uzr, do‘stim, men majlisga kech qolyapman. Madom, meni yaxshi tanir ekansiz, ishonsangiz kerak, axir! Kechqurun bollarim kartayzga o‘tkazib beradi pulni, mana, kodni yozib oldim.  Men endi o‘rgandim bu ishni, balki yaxshi eplay olmayotgandirman, – deyman. –  Ishonmasangiz, mayli, asalni olaqoling, Buxoroga borganda naqd pulga sotib olaman, nasib!

Asalchi makkapoya ichidan begona joyga chiqib qolgan itdek nima qilishini bilmay bir muddat hervaydi-turdi. Keyin norozi ohangda: “E-e-e, akamulloooo!..” dediyu mashinani ochib, ikkala bidonni bir qo‘liga oldi, ikkinchisi bilan eshikni zarb bilan qattiq yopdi,  xayr-ma’zurni ham nasya qilgancha yo‘lning narigi yog‘ida kutib turgan mashinasiga qarab chopdi.

Mashina eshigi “qars” etib yopilganida mening ichimda nimadir “qirs” etib joyiga tushdi va shundagina men sodda kas bu kishim meni umrida bir marta ham ko‘rmaganiga, hozir, besh daqiqa burun “ustoz”ini aldamoqchi bo‘lganiga, men ham “shogird”ning qarmog‘iga laqqa ilinganimga, faqat Ollo yaratgan taqdirning ko‘rinmas qo‘li bilan himoya qilinganimga iymon keltirib turardim.

– Hah sodda bo‘lmay o‘l! – Derdi meni ko‘rgan odamki bor.

Mening o‘zim ham o‘zimga shunday deb aytgim kelardiyu, lekin hali biroz yashagim borligini ham tan olishim kerak, a, nima dedingiz?..

Ishdan uyga charchab kelib, xonamga kirsam, kitoblar terilgan taxta ustida beshta yuz mingtalik kupyura turibdi-yu!..

 Qiziq, nega men o‘sha kuni aynan besh yuz ming so‘m pul oldim, nega asalning puli ham aynan  besh yuz ming so‘m bo‘ldi, nega shu besh yuz ming so‘m pul uyda qolib ketdi?.. Plastik-chi, nega u o‘sha onda ishlamay qoldi?.. Bularning barini uzluksiz ro‘y bergan tasodifga yo‘yib, masalani osongina yopib ketish ham mumkin ediyu, lekin ichkarida tug‘ilgan savollarning tig‘i baribir xayolga botaverar ekan-da...

Aslida, o‘sha kuni  asalchiga aldanish katta fojia emas edi – buni bilaman. Muhimi, Yaratgan Egamiz bizni, barchamizni kattaroq “asalchi”larning firiblaridan, ko‘rinmas taqdirning yomonliklaridan asrasin!

 Ulug‘bek Hamdam.

 03.04.2023.