Nega bayram shukuhi sezilmayapti?

Yana 18 kundan keyin mamlakatimiz tarixida tub burilish yaasagan kun – mustaqillik bayrami nishonlanadi.

Joriy yilda 28 yilligi bo‘lib o‘tadigan ulug‘ ayyomga tayyorgarlik qanday kechmoqda? Atrofdagi voqelik, odamlardagi kayfiyat eng aziz bayramga tayyorgarlik yetarli emasligini ko‘rsatmayaptimi?

Aslida har yilgidek ushbu tarixiy sanaga davlat darajasida katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yilning 8 iyul kuni “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori qabul qilindi. Shunga asosan viloyat, o‘z navbatida tuman va shaharlar hokimlarning qarorlari qabul qilindi.

Ushbu hujjatlarda tegishli tashkiliy va targ‘ibot ishlarini amalga oshirish chora-tadbirlari belgilangan. Biroq, qaysi tuman yoki shaharda mustaqillik bayrami shukuhi seziladi? Bu savolga aniq, jo‘yali javob berib bo‘lmaydi.

Shu bois, viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu masala atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlandiki, Samarqand shahrining biror bir ko‘chasida bayramni aks ettiruvchi panno, bilbordlar yo‘q. Shahardagi 17 ta katta hajmdagi reklama monitorlarida ham istiqlolni, eng ulug‘ va eng aziz bayramni targ‘ib qiladigan roliklar joylashtirilmagan.

Mirzo Ulug‘bek ko‘chasining boshlanishidagi Milliy bank viloyat bo‘limi peshtoqida mustaqillikning 27 yilligi, deb yozilgan banner turibdi. Tabiiy savol tug‘iladi: nega bank rahbariyati bu holatga befarq qaragan?

Umuman, faqat nazorat, doimiy so‘rov bo‘lsagina bayramoldi ishlarini bajarishga o‘rganib qoldikmi? Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Tasviriy oyina ijodiy uyushmasi kimdan, qanday topshiriqlar bo‘lishini kutib turishibdi? Qaysi bino yoki tashkilot peshtoqiga “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” deb nomlangan mustaqillik bayramining bu yilgi bosh g‘oyasi yozilgan banner ilingan? Yangi yil bayramidan qolgan tungi ilyuminatsiyalarni almashtirish vaqti kelmadimi?

Yig‘ilish davomida mutasaddilar shu kabi savollarga javob berishdi. Sharq taronalari XII xalqaro musiqa festivali bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tadigan mustaqillik bayramini yuqori saviyada tashkil qilish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Yo.GADOYeV.