Nega tezlik 60 km/soat etib belgilanyapti? Bu qoida qaysi ko‘chalarda amal qiladi?

Xalq deputatlari viloyat Kengashining yetmish yettinchi sessiyasida bu masala deputatlarning diqqat markazida bo‘ldi.

Ushbu tartibni belgilash uchun viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi aholi, haydovchi va yo‘lovchilar o‘rtasida so‘rovnoma tashkil etishi zarurligi taklif etildi.

O‘z navbatida viloyat IIB YHXB boshlig‘i Sh.Boyxo‘rozov ushbu tartib nima sababdan joriy etilishi belgilanayotgani hamda qaysi hududlarga o‘rnatilishi mumkinligi haqida gapirdi.

- Samarqand shahrining M-37A “Samarqand halqa yo‘lining 40-43 kilometrlari oraliq qismida 3 yil davomida sodir etilgan YTHlar soni 29 tani tashkil etgan, shundan 6 tasi o‘lim, 23 tasi tan jarohati bilan bog‘liq, - dedi Sh.Boyxo‘rozov. - Bundan tashqari, Afrosiyob ko‘chasining Ibn Sino ko‘chasidan M-37A avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan qismi uzunligi 1,7 km., kengligi 17 metrni tashkil etib, 8 ta asosiy yo‘l bilan tutashmalar mavjud. Bu yo‘lda oxirgi 3 yil davomida 7 ta YTH sodir etilgan. Shundan 2 tasi o‘lim, 5 tasi tan jarohati bilan bog‘liq.

Dahbed ko‘chasining Ibn Sino ko‘chasidan Registon ko‘chasigacha bo‘lgan qismining uzunligi 2,8 km, kengligi 15 metrni tashkil etadi. Oxirgi 3 yil davomida 24 ta YTH sodir etilgan. Shundan 4 tasi o‘lim, 20 tasi tan jarohati bilan bog‘liq.

Gagarin ko‘chasining Go‘ro‘g‘li ko‘chasidan O‘zbekiston ko‘chasigacha bo‘lgan qismi uzunligi 5,3 km., kengligi 30 metrni tashkil etadi. Oxirgi 3 yil davomida 13 ta YTH sodir etilgan.

Shulardan kelib chiqib, yo‘l-transport hodisalarini oldini olish va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida Samarqand shahridagi M-37A “Samarqand halqa yo‘lining 40-43 kilometrlar oraliq qismida, Afrosiyob, Dahbed va Gagarin ko‘chalarida transport vositalari harakatlanishining yuqori tezligini soatiga 60 km. etib belgilash taklif etilmoqda.