NNTlar uchun yangi imkoniyatlar: loyihalar soni oshgan, mablag‘ ham

Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Parlament komissiyasi, Jamoat fondi, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha komissiya tomonidan viloyatdagi NNTlar uchun o‘tkazilgan bu galgi seminar yangiliklarga boy bo‘ldi.
Unda ushbu tashkilotlar uchun ajratilayotgan mablag‘lar soni keskin oshgani, o‘z navbatida loyihalar ham tobora aholining og‘irini yengil qilishga xizmat qilishga qaratilayotganligi bilan bog‘liq fikrlar ta’kidlandi.
Keyingi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari va ular o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borildi, - dedi Parlament komissiyasi raisi Adham Shodmonov. - Xususan, oxirgi to‘rt yilda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 1270 ta loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat byudjetidan 117 milliard so‘m miqdordagi mablag‘ ajratildi. Shu yillar davomida sohaga oid 20 ga yaqin qonun, huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Ko‘rilayotgan choralar natijasida keyingi to‘rt yilda NNTlar soni 20,7 foizga oshdi, shu jumladan 187 ta yirik respublika nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z faoliyatini boshladi.
NNT vakillariga jamoat komissiyasi a’zolari tanishtirilishi barobarida ularga yuklatilgan vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, seminar yig‘ilishida Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institularini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan navbatdagi grant tanlovlarida ishtirok etish tartib-qoidalari bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
- Grant tanlovlarida ishtirok etish va g‘olib bo‘lish imkoniyati yildan-yilga ortib bormoqda, - deydi Jamoat Fondi rahbari O.Husanov. - Ularning soni ortib borishi barobarida, har bir loyihaga to‘lanadigan mablag‘ miqdori ham oshgan. Xususan, joriy yilda har loyiha uchun 40 million so‘mgacha mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Qolaversa, ijtimoiy buyurtma uchun ham loyiha yozib, bir necha 100 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha mablag‘ni olish imkoni mavjud.
Gulruh Komilova.